Baxtiyor Ashurmatov: Milich o‘rtacha taassurot qoldirdi

  • 16.12.2019 22:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol

Xabaringiz bor, yaqinda «Qo‘qon-1912» klubiga yangi bosh murabbiy tayinlandi. Unga ko‘ra qo‘qonlik Baxtiyor Ashurmatov jamoa boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi. Tez orada esa «Qo‘qon-1912» yangi mavsum uchun dastlabki yig‘inga kirishadi. Muxlislarni esa tarkibda qanday o‘zgarishlar yuz berishi qiziqtirishi tabiiy.

Qolaversa, yangi bosh murabbiy ham bir qator yangi futbolchilarni taklif qilishi aniq. Lekin klubni tark etadiganlar ham topiladi. Masalan, serbiyalik legioner Marko Milichning «Qo‘qon-1912»dan ketishi haqiqat. U Baxtiyor Ashurmatovning rejalaridan o‘rin olmayapti.

Joriy mavsumda ushbu himoyachi qo‘qonliklar safida 23 ta o‘yinda maydonga tushdi va 4 bor sariq kartochka bilan «siylandi». Shuningdek, birinchi davrada yana ikki nafar serbiyalik – darvozabon Boyan Knejevich bilan yarim himoyachi Milosh Nikolich ham to‘p surishgandi. Ammo ular klubga etarli darajada yordam bera olmagandilar va natijada barvaqt ortlariga qaytib ketishgandi.

«Qo‘qon-1912» jamoasining ustozi Baxtiyor Ashurmatovga aynan legionerlar masalasini qanday hal etmoqchisiz deya savol bilan murojaat qilganimizda quyidagicha javob qaytardi:

- To‘g‘risi, mavsumning oxirigacha birgina Milich o‘ynadi va o‘zidan o‘rtacha taassurot qoldirdi. U jamoamizda qolmaydi deyishim mumkin. Legioner taklif qilindimi, u mahalliy yigitlardan har tomonlama kuchli bo‘lsin. Mahalliy futbolchilar bilan bir xil darajadagi legionerni olib kelishdan esa hech qanday foyda yo‘q. Shu bois hozirgi maqsadimiz jamoani mahalliy o‘yinchilar bilan boyitish.

Etakchi o‘yinchilarni saqlab qolmoqchimiz. Kerakli pozitsiyalarga esa boshqa klublarda o‘zini ko‘rsatgan ajoyib futbolchilarni jalb qilmoqchimiz. Agar shunda ham muammolarimizni yopa olmasak, unda rahbariyatga bir-ikkita yaxshi saviyadagi legionerlarni taklif qilsak bo‘lardi, degan g‘oyani aytishim mumkin. Ha, legioner chaqirishimiz mumkin, ammo bu biz uchun oxirgi chora, - dedi Ashurmatov.

Ko‘rinib turibdiki, murabbiy birinchi navbatda mahalliy o‘yinchilarga e’tibor qaratadi. Shu sababli Milichning xizmatlariga ham extiyoj sezmayapti. Tez orada Baxtiyor Ashurmatov bilan uyushtirilgan ochiq tarzdagi suhbatni sports.uzda o‘qishingiz mumkin. Shunday ekan, saytimizni kuzatishda davom eting.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Расулжон Тоштемиров
17/12/2019 10:43
Легионер кучли булмаса уни хеч хам кераги йук
Mirali Hcerali
17/12/2019 09:57
Милич булмаса силич келади