"Berilgan imkoniyatdan foydalana olmadim" - Valijon Rahimov "Andijon"dagi faoliyati va keyingi rejasi haqida
“Andijon” tarkibida yozgi selektsiyada o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Yangi kelayotgan o‘yinchilardan tashqari, klub bilan xayrlashayotganlar ham yo‘q emas. Kuni kecha darvozabon Valijon Rahimov bilan shartnoma bekor qilindi va tomonlar do‘stona ravishda xayrlashishdi.
Chempionat boshida qo‘shilgan darvozabonning “Burgutlar” tarkibidagi ishtiroki ko‘ngildagidek chiqmagani rost. Shu sababli har ikki tomon vaziyatni to‘g‘ri baholagan holda xayrlashishga qaror qildilar.
- Valijon, "Andijon" bilan xayrlashdingiz. Jamoadagi faoliyatingiz yarim yildan keyin yakunlanishini kutmagandingizmi? U erdagi ishtirokingizni qanday baholaysiz?
- Avvalambor, “Andijon” jamoasining haqiqiy jonkuyar muxlislariga katta rahmat aytmoqchiman. Albatta, jamoa bilan mavsum yarmida xayrlashish niyati yo‘q edi. Ammo nasib shunday yozilgan ekan. Chunki jamoada o‘z o‘yinimni topa olmadim. Berilgan imkoniyatdan foydalana olmadim. Qisqa qilib aytganda, o‘zimni ko‘rsata olmadim.
- Albatta, jamoaning va muxlislarning sizdan umidi katta edi. Nega o‘zimni ko‘rsata olmadim, deb o‘ylaysiz?
- Jamoaning ashaddiy ishqibozlaridan minnatdorman. Ular orasida juda ko‘pchiligi qiyin paytda qo‘llab-quvvatlashdi. Kerak paytda yonimizda turishdi. Men buni ich-ichimdan his qildim. Shuning uchun ularga katta rahmat aytaman. Nega o‘zimni ko‘rsata olmaganimni o‘zim ham haligacha tushunib etmadim. Ammo shuni tushundimki, yanada ko‘proq mehnat qilish va astoydil ter to‘kish kerak. Shu o‘rinda, “Andijon” jamoasidagi barchaga, shu jumladan rahbariyat, murabbiylar, futbolchilar, muxlislar va klub xodimlariga rahmat aytaman va ularga ikkinchi davrada hamda Osiyo Chempionlar ligasida omad tilayman.
- Keyingi rejangiz qanday va takliflar borasida muzokaralar olib borilyaptimi?
- Ha, muzokaralar ketyapti. Hozirda ko‘proq o‘yin amaliyoti muhim. Mavsumning ikkinchi yarmini munosib ravishda yuqori formada o‘tkazishga bel bog‘laganman. Balki legionerga aylanishim ham mumkin. Chetdan ham takliflar bor.
Fikrlar