"Birovdan qo‘rqishga haqqimiz yo‘q" yoxud "Qo‘qon-1912" "Nasaf"ga qanday syurpriz tayyorlamoqda?

  • 12 oktabr, 01:02
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” klubi oxirgi tularda jiddiy raqiblarga qarshi uchrashuvlarda qimmatli ochkolarni qo‘lga kiritdi. Oldinda esa qo‘qonliklar mehmonda amaldagi chempion - “Nasaf”ga qarshi yana bir og‘ir uchrashuv kutmoqda. Superligadagi hozirgi tanaffusdan foydalanib, Sports.uz jurnalisti jamoa bosh murabbiy Bahrom Haydarovga ayrim savollar bilan murojaat qildi.

Tecno

- Bir necha kun oldin Farg‘ona viloyati hokimi “Qo‘qon-1912” jamoasi mashg‘ulotiga tashrif buyurdi. Bu sizlar uchun kutilmaganda yuz berdimi? Uchrashuv qanday o‘tdi?

- Kutilmagan voqea bo‘lmadi. Biz ham Farg‘ona viloyatining jamoasimiz. Viloyatimiz hokimini futbolga qiziqishini hamma biladi. Viloyatdagi har bir jamoani ichidagi dardi bilan shug‘ullanib turadi. Yil boshidan beri bizga yordam ko‘rsatib kelyapti. Hozirgacha jamoamizga homiy biriktirilmagan. Viloyat hokimini bunday tashriflari birinchi marta emas. Albatta, kelib jamoamiz bilan uchrashib, qo‘llab-quvvatlayotganidan xursandmiz. Chempionatdagi qolgan 6 ta turda ham munosib o‘yin ko‘rsatishimizni aytib omad tiladi.  

- Jamoangiz oxirgi o‘yinlarni muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Futbolchilarni o‘yin tonusi joyiga tushib borayotgandi. Mana shunday pallada chempionatda tanaffus yuzaga kelishi jamoa o‘yini yana tonusdan chiqib qolishi borasida murabbiy sifatida sizni tashvishga qo‘ymaydimi?

- Bu aniq narsa, bo‘lishi mumkin. Milliy terma jamoamiz ham o‘ynashi kerak. Chempionatdagi tanaffuslar klublarga qiyinchilik tug‘diradi. Lekin terma jamoani ham albatta o‘ylash lozim. Bunday paytlarda mashg‘ulotlarni biroz o‘zgartirib, o‘yinlar o‘tkazib, tonusda ushlab turishga harakat qilyapmiz. O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, oxirgi paytlarda jamoa bir xil nafasda yaxshi ketayotgandi. Albatta, bu ham ta’sir qiladi. Lekin bu holatni sezdirmaslikka harakat qilamiz.

- “Qo‘qon-1912” klubi keyingi turni safar “Nasaf”ga qarshi o‘tkazadi. Chempionlik uchun kurashda “Neftchi” yaqin ta’qibchisi hisoblanadi. Bu borada jamoangiz “Nasaf”dan ochko tortib olib, bu borada “Neftchi”ga yordam berishi mumkin, degan fikrlar ham yo‘q emas...

- Biz uchun “Neftchi” ham, “Nasaf” ham bir xil jamoa. To‘g‘ri, “Neftchi” bilan bir viloyat jamoasimiz. Lekin “Nasaf”ga qarshi uchrashuvda o‘zimizni rejalarimiz, talablarimiz va maqsadimiz bor. Har bir ochko biz uchun tilloga teng. Mantiqan olib qaraganda, biz hali 100 foiz jon saqlab qolganimiz yo‘q. Pley-offga tushib qolishimiz mumkin. Agar pley-off bo‘lmaganida xotirjam bo‘lsak bo‘laverardi. “Neftchi” bo‘ladimi-yo‘qmi, biz nafaqat “Nasaf”, balki har bir raqib bilan kurashishimiz shart. Bunday gap-so‘zlar bo‘lishi tabiiy. Firku, xayolimiz “Qo‘qon-1912”ni Superligada saqlab qolishdan iborat. Tezroq shu vazifani bajarishni xohlaymiz.

- Kim chempion bo‘ladi: “Nasaf” yoki “Neftchi”mi?

- 6 ta tur bor. Aynan kim bo‘lishini ayta olmayman. Ikkala jamoa ham kuchli. “Nasaf”ni taqvimini ko‘rganimizda ularga biroz qiyinroq. Ammo qiyinroq bo‘lgani bilan chempion bo‘lishni istagan jamoa o‘yinlarni yutsa keyin chempion bo‘ladi-da. “Neftchi”ni raqiblari u qadar nomdor bo‘lmasa ham ular bor kuchi bilan “Neftchi”ga qarshilik ko‘rsatishga harakat qilishadi. O‘ylaymanki, “Nasaf”ga ham, “Neftchi”ga ham qiyin bo‘ladi. Yon tomondan qaraganda esa bizlar uchun qiziq. Ikkala klubni imkoniyati 50x50.

- “Nasaf” bilan uchrashuvda jamoangiz tomonidan qandaydir syurpriz ko‘rishimiz mumkinmi?

- “Bunyodkor”, OKMK bilan o‘ynadik. Kuchli klublarga qarshi o‘yinlar seriyasi davom etyapti. Tayyorgarlik bir xil bo‘lgan taqdirda ham kuchli jamoaga qarshi o‘ynaymiz va  erkalanib ketmasligimiz kerak. Taktik sxemamizda o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Buni o‘yinga yaqin o‘ylab ko‘ramiz. “Nasaf” bejizga birinchi o‘rinda emas. Ular amaldagi chempion. Ammo qo‘rquv yo‘q. Birovdan qo‘rqishga haqqimiz ham yo‘q. Turnir jadvali shunga majburlayapti. Maydonga chiqib kurashamiz. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!