"Bizni nimadir "sindirdi!" Lobanov qaerda, "Metallurg"dan ketgani rostmi?
Bekobodning “Metallurg” klubining asosiy darvozaboni Aleksandr Lobanov oxirgi paytlarda klub bilan birga emas.
“Paxtakor”dagi faoliyatidan keyin bir necha mavsumni “Metallurg” uchun o‘tkazib kelgan Lobanov haqida turli gap-so‘zlar tarqaldi. Ya’ni, u bilan Kamol Tojiev klubdan ketgani xususida eshitdik.
Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Sports.uz muxbiri Aleksandr bilan bog‘landi.
“Jarohatimni davolatyapman”
- Men hali “Metallurg”dan ketmadim, jamoa bilan shartnomam bor. Hozir hammasi joyida. Faqat uydaman. Nima uchun? Chunki menda jarohat bor. Toshkentda davolanyapman. Buning uchun menga yana 10 kun kerak. Aynan shu sababdan hozir “Metallurg”da emasman. Hech qanday sabab yo‘q. Agar nimadir bo‘lsa, albatta aytaman. Shunchaki, mashg‘ulotda jarohat orttirib olganman.

“Murabbiylar ham, futbolchilar ham hayron”
- Menimcha, har yili har qanday klubda mana shunday muvaffaqiyatsiz o‘yinlar bo‘ladi. Jamoada hamma yaxshi ishlayapti. Odamlarda bir-biriga ishonch bor. Faqat omadsiz o‘yinlar bo‘lyapti, buning nimaligini bilmaymiz. Murabbiylar ham, futbolchilar ham hayron. Lekin hamma ishlayapti. Yana qaytaraman: klubda barchaning bir-biriga ishonchi bor. Jamoada hamma ishlayapti. Biroq nimadir bizni “sindirdi”. Shunga qaramay, klub oldinga intilishda va bu vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilyapti.

“Menga ishonch borligi uchun shu erda qolganman”
- Men “Metallurg”ga Andrey Shipilov ishlayotgan paytda kelganman. U meni bilgani uchun chaqirgan, ishongan. O‘z o‘rnida men ham uni yaxshi bilaman. Bilsangiz, men operatsiya stoliga yotdim, ikki oy davolanishga ketdi. O‘shanda tizzamni operatsiya qildirgandim. Murabbiy esa shifokor nazoratida bo‘lib, bemalol sog‘ayib olishimni aytgan. Shuning uchun men shoshilmasdan ikki oy davomida davolandim. Men bilan klub o‘rtasida ishonch bor. Darvozabonlar murabbiyi Alisher Ahmedov qo‘ng‘iroq qilib, klubga tezroq qaytishimni aytdi, meni ruhlantirishdi. Xullas, ishonch borligi uchun bu klubdan ketmaganman.

“Abduraimov kelgach, o‘yin va natijalar o‘zgargandi”
- Jasur Abduraimov “Metallurg”ga bosh murabbiy bo‘lib kelgan paytda natijalarimiz yaxshi edi. Jamoada o‘yin borligi, natijalar o‘zgargani haqida hamma gapirdi. Ammo boya aytdim, keyinchalik nimadir “sindirdi”. Vaholanki, ungacha “Nasaf”, “Bunyodkor”, “Qo‘qon-1912”, “Andijon” kabi jamoalarni yutdik. O‘yin bor edi. Afsuski, keyin omadsiz o‘yinlar boshlandi. Buning sababini bilmaymiz. Agar sababini bilganimizda allaqachon vaziyatni o‘zgartirgan bo‘lardik. Biroq hali ham o‘sha omadsizlik davom etyapti.

“Metallurg”dan ketamanmi, hali bilmayman”
- Birinchi navbatda klub har bir o‘yinni yutishi kerak. Turnir jadvalida qaysi o‘rindaligiga qarash kerak emas. Muhimi, o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonishi lozim. “Metallurg”dan ketamanmi? To‘g‘risi, hozir bilmayman. Klub bilan shartnomam yil oxirigacha. Keyin murabbiyga kim kerak, kim kerak emasligiga qarab aniq bo‘ladi.

“Oldimda takliflar bor”
- Menga takliflar bor. Oxirgi paytlarda bir qator klublardan qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. O‘z safida ko‘rishni istayotganlar bo‘lyapti, shu bois aniq takliflar tushyapti. Ammo hozir qaysi jamoalardan qiziqish bo‘layotganini ayta olmayman. Ayni paytda “Metallurg” bilan shartnomam bor. Noyabr oyiga kelib voqealar rivoji qanday tus olishini taxminan bilishimiz mumkin.
Fikrlar