
Boburdan dubl. Legionerimiz gol ursa, jamoasi yutqazmaydi!
Belarus oliy ligasining 19-tur uchrashuvi “Energetik-BGU” sharafini himoya qilayotgan BObur Abduxoliqov uchun omadli bo‘ldi.
Minsklik talabalar o‘tgan turda “Dinamo-Brest” bilan golsiz durangga imzo chekkanidan keyin navbatdagi uchrashuvda g‘alaba qozonishga majbur edi. Chunki Pavel Rodnyonok jamoasi o‘z tarixida ilk bor sovrinli o‘rinlar uchun kurashmoqda va mavsumni kuchli uchlikda yakunlash uchun juda yaxshi imkoniyatga ega.
19-turni “Isloch” maydonida o‘tkazilgan “Energetik-BGU” mezbonlarning qarshiligini sindirishga ancha qaynladi. Birinchi bo‘limda jamoalar bir-birining darvozasiga yo‘l topa olmadi.
Ikkinchi bo‘lim kutilmaganda “Energetik-BGU” uchun omadli boshlandi va jamoa sardori Aleksandr Svirepa 46-daqiqada hisobni ochdi. Oradan 11 daqiqa o‘tib, “Isloch” vakili Gleb Rovdo vaziyatni o‘nglab, hisobni tenglashtirdi.
Qolgan daqiqalar Bobur Abduxoliqovning benefisiga aylanib ketdi. Hujumchimiz 64-daqiqada jamoadoshi uzatib bergan to‘pni bir urinishda darvozabon Sergey Ignatovich ustidan oshirib, darvoza to‘riga joylab qo‘ydi.
O‘z muxlislari ko‘z o‘ngida mag‘lub bo‘lishni istamagan mezbonlar 87-daqiqada Shahrom Samiev xatti-harakatlari evaziga yana hisobni tenglashtirdi. Shunga qaramay, “Isloch”ning o‘z uyida mag‘lubiyatdan qutilib qolishiga o‘zbek legioneri yo‘l qo‘ymadi.
O‘yin yakunlanishi arafasida Bobur Abduxoliqov raqib jarima maydonchasi ichida paydo bo‘ldi va jamoashi uzatgan to‘pni boshi bilan darvozaga joyladi.
“Energetik-BGU” Boburning dubli evaziga safar uchrashuvida qimmatli g‘alabaga erishdi va ochkolari sonini 38 taga etkazib, musobaqa jadvalida ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi.
To‘purarlar poygasida peshqadamlik qilayotgan Bobur Abduxoliqov oliy ligadagi 19 ta uchrashuvda kiritgan to‘plari sonini 19 taga etkazib oldi. Bobur eng yaqin ta’qibchisi – “Minsk” jamoasi hujumchisi Vladimir Xvashinskiyni sakkizta golga ortda qoldirmoqda.
Bundan tashqari hamyurtimizning hisobida beshta assist bor va u gol+pas tizimida 24 ochko bilan chempionatning eng foydali o‘yinchisi bo‘lib turibdi.
E’tiborli jihati shundaki, Bobur Abduxoliqov jamoasi g‘alaba qozongan yoki durang o‘ynagan barcha uchrashuvlarda to‘p kiritib kelmoqda. Boshqacha aytganda, legionerimiz gol ursa, “Energetik-BGU” yutqazmaydi.
Aniq faktlarga tayanadigan bo‘lsak, Boburning gollari jamoasiga “Vitebsk”, “Torpedo-BelAZ”, “Dinamo-Brest”, “Nyoman”, “Minsk”, “Arsenal-Dzerjinsk”, “Slaviya”, “Belshina”, “Slutsk”, “Isloch”dan uchtadan ochko olishiga kifoya qildi. Shuningdek, BATE va “Dnepr-Mogilev”ga qarshi bellashuvlarda Boburning aniq zarbalari durang natijani ta’minladi.
“Energetik-BGU” vakillari oliy liga doirasidagi navbatdagi uchrashuvni 9 sentyabr kuni o‘z maydonida “Nyoman” futbolchilariga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar