
Boks:O‘zbekiston chempionatidagi kutilmagan natijalar... Kunning markaziy jangida kim g‘alaba qozondi?
Bugun O‘zbekiston chempionati chorak final janglari bo‘lib o‘tdi. Unda aksariyat favorit bokschilar g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, kutilmagan natijalar ham qayd etildi.
Jumladan, 52 kg vazn toifasida “Islom birdamlik o‘yinlari” va xalqaro turnirlar g‘olibi Abrorjon Qodirov Andijon viloyati vakili Shahbozbek Tolibjonovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shahbozbekning yarim finaldagi raqibi esa, O‘zbekiston chempionati kumush medal sohibi Mironshoh Ibragimov bo‘ladi.
Xuddi shu vaznda amaldagi O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Jizzax viloyati vakili Fozil Abdumurodov farg‘onalik Sodirbek Kamolmirzaev bilan bo‘lgan bahsda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. Jang o‘ta shiddatli bo‘ldi va dastlabki raundning o‘zidayoq kuchli zarba o‘tkazib yuborgan Abdumurodov nokdaun holatiga tushdi.
Ikkinchi raundda biroz ustunlikni qo‘lga olishga uringan Foziljon raqibiga nisbatan bir muncha ko‘proq va aniq zarbalar berdi. Jangning 3-raundi davom etayotgan bir pallada Sodirbek yana bir marotaba raqibini nokdaunga uchratib, hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Yarim final bahslarida Sodirbekka yoshlar terma jamoasi vakili Shahzod Muzaffarov raqiblik qiladi. Shahzod chorak finalda yoshlar terma jamoasi nomidan ishtirok etayotgan Dilshodbek Abduvalievni musobaqadan chiqarib yubordi.
Kunning markaziy jangi 75 kg vaznda bo‘lib o‘tdi. Yoshlar o‘rtasida jahon chempioni, farg‘onalik Akmalbek Qosimov va amaldagi O‘zbekiston chempioni, buxorolik Odiljon Aslonov yarim final yo‘llanmasi uchun o‘zaro bahs olib bordi. Jang Odiljon Aslonov ustunligida o‘tdi va yakunda hakamlar qaroriga ko‘ra, Aslonov yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Unga navbatdagi bosqichda Toshkent viloyatidan Navo Tamazov raqib bo‘ladi.
Shuningdek, boshqa nomdor bokschilarimizdan Nodirjon Mirzahmedov, Shunqor Abdurasulov, Shukurjon Rahimov, Abdumalik Halakov, Bobousmon Boturov, Bilolbek Mirzarahimov, Fanat Qahramonov, Saidjamshid Jafarov, Lazizbek Mullajonov o‘z vazn toifasida finalga chiqish uchun jang qiladigan bo‘ldi.
Jalol Ahmedov tayyorladi
Fikrlar