"Borussiya D" etakchi futbolchisining ketishiga rozilik berdi. Sababi...
Dortmundning "Borussiya" klubi hujumkor yarim himoyachisi Yulian Brandtga joriy mavsum oxirida jamoani tark etishiga ruxsat berildi. Bu haqda Germaniyaning SportBild nashri X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ushbu transferga klubning joriy mavsumdagi qoniqarsiz natijalari sabab bo‘lgan. Qayd etish kerakki, dortmundliklar Germaniya kubogi 1/16 finalida “Volfsburg” mehmoni bo‘lib, qo‘shimcha taymlarda (0:1) mag‘lub bo‘ldi va musobaqani tark etdi. Shu sababli klub jamoa futbolchilarini sotishi mumkin.
“Borussiya” ayni damda Bundesliga turnir jadvalida 7-o‘rinda bormoqda. Sakkizta o‘yindan so‘ng jamoa 13 ochko jamg‘ardi. Chempionlar ligasi umumiy bosqich jadvalida esa uchta o‘yindan so‘ng 6 ochko bilan 11-o‘rinda bormoqda.
Yulian Brandt "Bayer" tarbiyalanuvchisi bo‘lib, 2019 yildan beri "Borussiya D"da o‘ynab kelmoqda. U joriy mavsum Dortmund klubi safida barcha musobaqalarda 13 ta o‘yin o‘tkazib, bitta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt internet portaliga ko‘ra, futbolchining taxminiy narxi 40 million evroni tashkil qiladi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning 30 iyuniga qadar imzolangan.

Fikrlar