Bosh murabbiy termadan ketgan to‘purar haqida bayonot berdi

  • 02.04.2026 11:15
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Polsha milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Yan Urban 37 yoshli hujumchi Robert Levandovskining xalqaro miqyosdagi faoliyatini yakunlashi haqida izoh berdi.

Shvetsiya — Polsha o‘yinidan keyin Robert Levandovski natija bilan uzoq vaqt murosa qila olmadi. Polsha terma jamoasi sardori maydonni eng oxirgi bo‘lib tark etdi va sodir bo‘lgan holat sabab juda tushkun holda ko‘rindi.

O‘yindan keyin “Barselona” hujumchisining ijtimoiy tarmoqlardagi posti qo‘shimcha savollarni keltirib chiqardi. Bir qarashda bu yerda g‘ayrioddiy hech narsa yo‘q edi — Levandovski shunchaki o‘yindan keyingi suratini joylashtirdi. Ammo musiqiy fon e’tiborni tortdi. Bu Andrea Bocellining “Time to say goodbye”, ya’ni “Xayr deyish vaqti keldi” qo‘shig‘i edi. Ushbu postdan keyin Polshada “Levi” shu tarzda terma jamoa bilan xayrlashgani haqida muhokamalar boshlandi.

- Menimcha, Robert hali yakuniy qaror qabul qilmagan. Men u bilan bu mavzu haqida gaplashdim va shoshilish uchun sabab yo‘q. Uning o‘ylab ko‘rishi uchun vaqt olishiga qarshiman emasman. Hozir uning boshida juda ko‘p masalalar bor, chunki u yana qaerda o‘ynashini ham hal qilishi kerak. Bu juda muhim qarorlar. Terma jamoa murabbiyi sifatida bitta narsani ayta olaman: Robert shunday sport formasidaki, u albatta bu jamoaga hali kerak bo‘ladi. Qachon tugatish kerakligini unga aytish shart emas, - dedi  Urban TVP Sport dasturida.

Murabbiydan yana Levandovskini terma jamoada qolishga ko‘ndirish-ko‘ndirmasligi haqida ham so‘rashdi.

- Men uni ko‘ndirmayman. Robert biladi, terma jamoa eshiklari uning uchun har doim ochiq, qaror esa faqat unga tegishli. Men uni ishontirishim mumkin emas. Bu ajoyib tarix yaratgan futbolchi. Robert shunday maqomga erishganki, biz uning qarorini hotirjam kutishimiz mumkin. U bizning terma jamoamiz uchun juda qimmatli o‘yinchi. Yaxshi hujumchilarni topish oson emas, - deb qo‘shimcha qildi Urban.

Polshada hujumchilar tanqisligi keskin sezilmoqda. Hech bir forvard Yevropaning kuchli chempionatlarida muntazam gol ura olmaydi. Levandovskining vorisi hozircha ko‘rinmayapti va yaqin vaqt ichida paydo bo‘lmasligi ham mumkin.

- Millatlar ligasi o‘yinlarida Robertsiz o‘ynashimizga to‘g‘ri kelishi mumkinligini istisno qilmayman. Agar u shunday qaror qilsa, biz buni hurmat qilamiz. Biz unga katta xayrlashuv marosimi tashkil qilamiz, chunki Polsha terma jamoasining buyuk afsonasi ketadi. Robertning raqamlari juda katta va tarixiy, - deya xulosa qildi Polsha terma jamoasi bosh murabbiyi.

Polsha milliy terma jamoasi safida Robert Levandovski 165 ta o‘yin o‘tkazib, 89 ta gol urgan, ko‘p yillar davomida jamoaning yetakchisi, sardori va eng yaxshi to‘purari bo‘lib kelgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!