Bu yilgi Toshkent xalqaro marafonining umumiy mukofot jamg‘armasi 138 mln. so‘mni tashkil qiladi

  • 12 mart, 2022, 17:44
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Boshqalar
CHERY AUTO

Bugun O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Yoshlar press-klubida Toshkent xalqaro ShHT yarim marafoni hamda “Navro‘z” IV xalqaro marafoni oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022 yil 27 mart kuni ilk bor Toshkent xalqaro yarim marafoni tashkil etiladi. Yarim marafon O‘zbekiston Respublikasi raisligida 2022 yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti doirasidagi tadbirlar dasturiga kiritilgan.

2016 yildan beri xalqaro tashkilot tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan ShHT yarim marafonlari tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sport tadbirlariga esa xalqaro hamjamiyatning qiziqishi yil sayin ortib bormoqda. Ommaviy sportning madaniyatlar, millatlar va sivilizatsiyalar xilma-xilligini ifodalovchi insonlar o‘rtasida tenglikni ta’minlash, tinchlik manfaatlari yo‘lida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, barqaror va barkamol rivojlanishga intilish kabi umuminsoniy qadriyatlar Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ruhi va asosiy tamoyillarini to‘la aks ettiradi.

2019 yilda ShHTning Bishkek sammiti doirasida aholi orasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish, professional sportchilarni xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga, Olimpiya, Paralimpiya va milliy sport turlarining rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan hamkorlik bitimi imzolandi.

ShHT marafonlari Jahon engil atletika musobaqalari taqvimiga kiritilgan. Har bir bosqichda xalqaro assotsiatsiya qoidalariga muvofiq, antidoping nazoratidan tortib, marafon trassasini qamrab olish sifatigacha bo‘lgan jarayonda katta ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston engil atletika federatsiyasi yuqori darajadagi yugurish musobaqalari tashkil etishda katta tajribaga ega. Bahor bayrami arafasida o‘tkaziladigan “Navro‘z” Toshkent xalqaro marafoni, O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Save Aral” va “Aral Marathon” sport musobaqalari allaqachon an’anaga aylanib ulgurgan.

ShHT Toshkent xalqaro yarimmarafoni trassasi Xalqaro marafonlar va yugurishlar assotsiatsiyasi (AIMS) sertifikatiga ega trassada bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak sport musobaqasi dasturiga 3 km va 21 km bo‘lgan 2 ta masofa kiritilgan. Sport yugurishida nafaqat “ShHT oilasi”ning 18 davlatidan yuguruvchilar, balki boshqa mamlakatlardan ham ishtirokchilar kelib qatnashishi mumkin. Marafonning umumiy mukofot jamg‘armasi 138 million so‘mni tashkil etadi. (yarim marafon uchun 126 million so‘m, 3 km masofaga 12 million so‘m).

Shuningdek, 27 mart kuni Toshkentda “Navro‘z” IV Toshkent xalqaro marafoni ham bo‘lib o‘tadi. Bu yil to‘rtinchi marotaba o‘tkaziladigan “Navro‘z” Toshkent xalqaro marafoni nafaqat professional sportchilar, balki o‘z sog‘lig‘iga befarq bo‘lmagan barcha yoshdagi yugurish ishqibozlarini ham bir joyga jamlaydi hamda O‘zbekistondagi eng yirik va muhim sport tadbirlaridan biriga aylanadi.

Marafonning start va finish chizig‘i Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalari chorrahasi (“Humo Arena” muz saroyi)da joylashgan bo‘lib, ShHT Toshkent xalqaro yarim marafonining yo‘nalishi poytaxtning markaziy ko‘chalari, ya’ni Nukus, Abdulla Qodiriy va Abay ko‘chalari bo‘ylab o‘tadi.

Bu yil yugurishlar ikki masofada, klassik marafon (42 km 195 m) va 10 km masofada o‘tkaziladi. Marafon musobaqasida sportchi masofani bosib o‘tishi kerak bo‘lgan vaqt chegarasi belgilanadi. Marafon poygasida qatnashuvchilarning yoshi 18 va undan katta bo‘lishi kerakligi belgilangan. 10 km masofaga yugurishda ishtirokchilarning yoshi chegaralanmagan.

Bugun O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Yoshlar press-klubida o‘tkazilgan matbuot anjumani ShHT yarim marafoni va “Navro‘z” Toshkent xalqaro marafoniga bag‘ishlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov, O‘zbekiston engil atletika federatsiyasining bir guruh mas’ul xodimlari, tashkiliy qo‘mita a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

- Avvalo barcha-barchani ushbu an’anaviy marafon musobaqasi, ya’ni o‘ziga xos sport bayrami bilan tabriklayman. “Navro‘z” Toshkent xalqaro marafoni yurtimizda to‘rtinchi marta o‘tkazilmoqda. Bu yilgi marafon ham Sportni rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston engil atletika federatsiyasi hamkorligida yuqori saviyada tashkil etilishiga ishonaman. Shu o‘rinda ta’kidlashim joiz, ushbu marafon muhtaram Prezidentimizning yaqindan o‘z faoliyatini boshlagan vazirligimizni oldiga qo‘ygan vazifalari, ya’ni ommaviylikni kuchaytirish orqali professional sportdagi yutuqlarimiz salmog‘ini oshirishga hamohang tarzda o‘tkazilmoqda. Bunda professional sportchilar marafon musobaqasida qatnashib, o‘z tayyorgarligini ko‘zdan kechirish imkoniyatiga ega bo‘lsa, ko‘plab yugurish ixlosmandlari, ya’ni havaskorlar salomatligini mustahkamlaydi, - dedi matbuot anjumanida so‘z olgan Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Sh.Mahmudov.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi.

IMG_4421

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!