Bugun 10 yil! Vitse-prezident, tadbirkor, murabbiy yoxud "Nasaf-2011"dagi futbolchilar hozir qaerda?

  • 29 oktabr, 2021, 18:42
  • 0
  • Futbol

“Bugun 10 yil” rukni ostida “Nasaf”ning 2011 yilgi OFK Kubogidagi muvaffaqiyati haqidagi qiziqarli maqolalarni hukmingizga havola etishda davom etamiz.

O‘sha yili jamoada ikkita teng kuchli tarkib jamlangan bo‘lib, raqobat juda yuqori edi. Jamoaning o‘z tarixida ilk bor mazkur musobaqa g‘olibligiga erishishida tabiiyki, tarkibdagi futbolchilar asosiy ishni bajarganlar.

O‘shanda “Nasaf” qaydnomasida ko‘plab o‘yinchilar o‘rin olgan. Qiziq, o‘sha paytdagi futbolchilar hozir qaerda? Kim nima bilan band? Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.

Darvozabonlar

Dmitro Kozachenko

1982 yilda tug‘ilgan Kozachenko Ukraina fuqarosi sanaladi. Demyanenko “Nasaf” boshqaruvi paytida uning ham xizmatidan foydalangan. Lekin o‘shanda u asosan chempionatdagi o‘yinlarda ishtirok etgan. OFK Kubogidagi g‘alabadan keyin u Luganskning “Zarya” klubiga ko‘chib o‘tgan. Shu paytgacha Ukraina jamoalarida o‘ynadi va o‘tgan yili butsalarini mixga ildi. Hozir u darvozabonlar murabbiyiga aylangan.

Murod Zuhurov

Finalda “Kuvayt SK”ga qarshi uchrashuvda “Nasaf” darvozasini qo‘riqlagan Murod Zuhurov muxlislarimizga juda yaxshi tanish. Umuman olganda, u barcha uchrashuvlarda maydonga tushgandi. 38 yoshni qarshilagan sobiq futbolchi “Nasaf”dan keyin yana “Bunyodkor”ga qaytgan. Qarshiliklar jamoasiga aynan “qaldirg‘ochlar”dan qo‘shilgani yodimizda. Hozirga kelib faoliyatini tugatgan Zuhurov “Bunyodkor” akademiyasida darvozabonlar murabbiyi bo‘lib ishlayapti.

Mixail Naumov

Naumov ham yuqoridagi hamkasblari qatori darvozabonlar murabbiyiga aylangan. “Nasaf”dan keyin “So‘g‘diyona”, “Dinamo”, “Sho‘rtan” kabi jamoalar sharafini himoya qildi. Hozirda “Sho‘rtan”da murabbiy bo‘lib ishlayapti.

Himoyachilar

Boyan Malishich

Yaxshi saviyadagi legioner edi. Chempionlikda katta hissasi qo‘shilgan serbiyalik legioner o‘sha muvaffaqiyatdan keyin Ukrainaning “Goverla” klubiga ketdi. So‘ng Xitoyga yo‘l oldi. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, 36 yoshli himoyachi Serbiyada o‘ynayotgandi. Eshitishimizga ko‘ra, Malishich murabbiylik uchun UEFA litsenziyasi kurslarida ham tahsil olyapti. 

nasaf ofk1

Asror Aliqulov

Uni sizlarga ortiqcha tanishtirishga hojat yo‘q. 2017 yili butsalarini mixga ilgach, murabbiylikka o‘tdi. Hozirda G‘uzorning “Sho‘rtan” klubini boshqarib kelyapti.

Artyom Filiposyan

Tajribali himoyachi “Nasaf”dagi chempionlikdan keyin “Bunyodkor” taklifini qabul qilgandi. Shundan keyin Xitoyga borib kelgan. 2018 yildan boshlab yana legioner sifatida xorijda to‘p surib kelyapti.  Oxirgi ikki yildan beri Tailand chempionatida o‘ynayapti.

17291204

Mirzamurod Jo‘raboev

1994 yilda tug‘ilgan futbolchi “Nasaf” akademiyasidan chiqqandi. O‘z vaqtida Meksikadagi jahon chempionatida ham o‘ynab kelgan. Biroq keyinchalik uning faoliyati bir tekis davom etmadi.

Sherzod A’zamov

31 yoshli himoyachi “Nasaf”dagi bir necha yillik faoliyatidan so‘ng, 2017 yilda “Paxtakor”ga ko‘chib o‘tdi. Shundan beri “Sherlar” safida o‘ynab qator sovrinlarga ega chiqib kelmoqda.

Maqsud Karimov

36 yoshni qarshilagan Maqsud Karimov ham barchaga juda yaxshi tanish. U “Nasaf”dagi barqaror o‘yinchilardan bo‘lgan va OFK Kubogidagi hamma o‘yinlarni to‘liq o‘tkazgan. Barvaqt butsalarini mixga ilgan Karimov ayni paytda pro-ligada qatnashayotgan “Xorazm” jamoasi rahbari sifatida ishlayapti.

Alisher Yusupov

33 yoshli futbolchi hozir hech bir klubda ko‘rinish berayotgani yo‘q. U faoliyatining katta qismini “Sho‘rtan” va “Nasaf” klublarida o‘tkazdi. Adashmasak, Yusupov oxirgi marta Samarqandning “Dinamo” jamoasida to‘p surdi.

Botir Qoraev

41 yoshli “Nasaf”ning sadoqatli o‘yinchilaridan biri edi. U ham OFK Kubogi qo‘lga kiritilishida munosib hissa qo‘shganlardan. Jamoa sardori sifatida himoyada mustahkam o‘yin ko‘rsatgan va final uchrashuvida eng yaxshi o‘yinchi nomiga sazovor bo‘lgan. “Nasaf”dan keyin “Sho‘rtan” va “Mash’al”da o‘ynadi. Qizig‘i, u faoliyatini Qashqadaryodan boshqa joyda o‘tkazmagan. Ayni paytda Qoraev “Nasaf” klubida sport direktori vazifasida ishlayapti. 

76861404_1

Ahrol Risqullaev

Sobiq himoyachi “Nasaf” qaydnomasidan o‘rin olgan. Lekin uni doim ham maydonda ko‘ravermaganmiz. Chunki raqobat kuchli edi. Bilasiz, ayni paytda u hakamlik bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Yarim himoyachilar

Jahongir Jiyamurodov

Yaxshi yarim himoyachi edi. Ayniqsa, qanotda juda faol o‘yin ko‘rsatardi. “Nasaf”ning OFK Kubogidagi qator uchrashuvlarida maydonga tushgan va Demyanenkoning ishonchini qozongan. Keyinchalik “Bunyodkor”, “Neftchi”, “Sho‘rtan”da o‘ynagan Jiyamurodov faoliyatini tugatib yosh bo‘lsa-da, murabbiylikka qadam qo‘ydi. “Zomin” jamoasini boshqarganini yaxshi eslaymiz. Hozirda ham bolalar futbolida ishlab kelmoqda.

Lutfulla To‘raev

Hozir ham maydonda faol harakatlari bilan ajralib turibdi. “Nasaf”ning OFK Kubogidagi barcha – 12 ta o‘yinida maydonga tushgan. O‘sha kezlarda eng yaxshi sport formasida edi. Chempionlikdan keyin u “Bunyodkor”ga o‘tgan. So‘ngra, “Lokomotiv”ga va keyin Malayziyada to‘p surdi. 2018 yili AGMK bilan O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan futbolchi hozir yana “Bunyodkor” sharafini himoya qilyapti.

83021606_1

Erkin Boydullaev

1984 yilda tug‘ilgan Erkin ayni paytda “Qizilqum” uchun to‘p suryapti. “Nasaf”da bir necha mavsum o‘ynadi, g‘alabalarda ancha hissasi tegdi. Boydullaev OFK Kubogi qo‘lga kiritilishida asosiy ishlardan birini bajargan.

Samandar Shodmonov

Yarim himoyachi uchun asosiy tarkibga kirish oson kechmagan. Shu sababli OFK Kubogida kam o‘ynagan. “Nasaf”dan keyin bir qator klublarimizda to‘p surganini eslaymiz. Ayni paytda faoliyatini yakunlagan.

Ilhom Yunusov

Samarqandlik tinib-tinchimas yarim himoyachi ham Boydullaev singari Qarshida bir necha yil to‘p surgan. Keyinchalik “Qizilqum” va “Dinamo”da faoliyat olib bordi. O‘tgan yildan beri Samarqand futbol assotsiatsiyasida ishlab kelyapti.

Andrey Pereplyotkins

“Nasaf” muxlislarining mehrini qozongan latviyalik legionerni hali ham eslab turishadi. O‘shanda o‘zining tezkor va ajoyib o‘yinlari orqali o‘zidan juda iliq taassurot qoldirgan. U finalda “Quvayt SK” darvozasiga gol ham urgan. “Nasaf”dan keyin Estoniyaning “Narva-Trans” klubiga ko‘chib o‘tdi. Oxirgi marta o‘tgan yili Latviyaning “Super nova” jamoasida ko‘rinish berdi. Hozirda faoliyatiga yakun yasagan.

01226135

Fozil Musaev

Finalda maydonga tushgan yana bir futbolchi. “Mash’al” orqali “Nasaf”ga taklif qilingan yarim himoyachi Anatoliy Demyanenko uchun muhim o‘yinchilardan biri hisoblanardi. Ayni paytda 33 yoshli futbolchi Superligada “Turon” sharafini himoya qilyapti.

64703421

Mirzakamol Kamolov

Yarim himoyachi “Andijon”dan “Nasaf”ga o‘tgandi. U ham OFK Kubogidagi o‘yinlarda maydonga tushgan. Keyinchalik “Neftchi”, “Andijon”, “Mash’al”, “Surxon” singari klublarda to‘p surdi. 34 yoshli Mirzakamol anchadan beri ko‘rinish bermadi va tabiiyki, futboldan uzoqlashgan.

Artur Gevorkyan

Turkmanistonlik hujumkor o‘yinchini yaxshi eslaysiz. OFK Kubogi finalida 90 daqiqa to‘p surgan. Shubhasiz, Gevorkyan o‘shanda “Nasaf” safidagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘lgandi. Qarshidagi bir necha yillik faoliyatidan keyin “Lokomotiv”da o‘ynadi va u erdan “Qizilqum”ga o‘tdi. Oxirgi marta Turkmanistonning “Axal” klubi a’zosiga aylangandi.

Hujumchilar

Kenja To‘raev

Uning kelajagi porloq edi. Biroq jarohatlar va yana boshqa sabablarga ko‘ra To‘raev yorqin o‘ynab keta olmadi. “Nasaf”dan keyin “Sho‘rtan”ga o‘tdi, so‘ngra “Mash’al”ga. U ham Botir Qoraev kabi faoliyatini faqat Qashqadaryo klublarida o‘tkazdi. 32 yoshli Kenja butsalarini juda erta mixga ildi. Hozir “Nasaf” akademiyasida murabbiylik qilyapti.

Ivan Boshkovich

Chernogoriyalik Ivan Boshkovich “Nasaf”da to‘purarlik mahoratini namoyish qilgandi. Qarshiliklar OFK Kubogining chorak finalida Tailandning “Chonburi” jamoasini mag‘lub etgan. Qizig‘i, 2013 yili “Nasaf”dan aynan “Chonburi” safiga qo‘shilgan. 2018 yili faoliyatini tugatganidan keyin murabbiylikka qadam qo‘ydi. Ayni paytda “Bunyodkor” akademiyasida murabbiylik qilyapti.

23969496

Nosir Otaqo‘ziev

Farg‘onalik hujumchi ham “Nasaf”da to‘p surganini muxlislar unutmagan bo‘lsalar kerak. Shundan keyin bir qator klublar sharafini himoya qilgan sobiq hujumchi hozir Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti sifatida ishlamoqda

Ilhom Shomurodov

Eldor Shomurodovning amakisi – Ilhom Shomurodov OFK Kubogida asosiy o‘yinchilardan biriga aylangandi. G‘oliblik qo‘lga kiritilgach, yarim mavsum “Bunyodkor”da o‘ynadi. Ammo u erda birorta gol ura olmay “Nasaf”ga qaytib kelgan. Afsuski, jarohat tufayli futbolni tugatishga majbur bo‘ldi. Natijada futboldan butunlay uzoqlashdi va hozirda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelyapti.

96923984

Zafar Polvonov

Ilhom Shomurodovdan bir yosh kichik bo‘lgan Polvonov 36 yoshda bo‘lsa ham maydonda to‘p suryapti. U bir necha yildan beri AGMK uchun o‘ynab kelmoqda. O‘sha yilgi mavsumdan keyin “Nasaf”dan “Dinamo”ga ko‘chib o‘tgandi.

Shuhrat Mirxoldirshaev

“Andijon” klubidan “Nasaf”ga o‘tgan namanganlik hujumchi qarshiliklar safida ham o‘zini ko‘rsatishga harakat qilgan. Bir necha yil oldin futbolni tugatdi. Orada murabbiylik ham qilgandi, endi bo‘lsa, Namangan futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!