Bugun 23 yoshga to‘lgan Shahzod Ubaydullaev Superkubokda maydonga tushmaydi

  • 02.03.2021 18:01
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Bugun Minskda Belarus Superkubogi uchun “Shaxtyor” hamda BATE o‘rtasida muhim o‘yin bo‘lib o‘tadi.

Bilasiz, ikkala jamoada ham o‘zbekistonlik legionerlar to‘p suryapti. “Shaxtyor”da Shahzod Ubaydullaev, BATEda esa Shahboz Umarov. Shu bois hamma Belarus Superkubogida o‘zbekistonlik futbolchilar duelini ko‘rishga juda ishtiyoqmand edilar.

Buning ustiga bugun Ubaydullaevning tug‘ilgan kuni. U 23 yoshni qarshi oldi. Shahzodning tavallud topgan kunida esa, jamoasi bilan Belarus Superkubogida ishtirok etish imkoniyati bor edi.

Sports.uz muxbiri legionerimizni tug‘ilgan kuni bilan tabriklash maqsadida aloqaga chiqqandi. Samimiy tilaklar bildirilganidan keyin, Ubaydullaev kutilmaganda bugungi o‘yinda ishtirok eta olmasligini ma’lum qildi.

E’tiborlisi, u hattoki 20 kishilik ro‘yxatda ham yo‘q. Buning sababini futbolchining o‘zi ham bilmaydi. Vaholanki, Dubaydagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari davomida tashkil qilingan nazorat bellashuvlarida to‘rtta gol urgandi.

Futbolchimizning "Shaxtyor"dagi debyutini yana biroz kutadigan bo‘ldik. Ammo murabbiy bilan munosabati yaxshi ekanligini qo‘shimcha qildi. Demak, bu boradagi barcha savolning javobi bosh murabbiyda.

Eslatib o‘tamiz, “Shaxtyor” hamda BATE o‘rtasidagi uchrashuv 21:00 da boshlanadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!