
Bugun Buxoroda yubiley o‘yin!
“Bugun pro liganing 18-turida sevimli “Andijon” jamoamiz rejalashtirilganidek safarda “Buxoro”ga qarshi maydonga tushadi.
Bu shubhasiz turning markaziy o‘yini hisoblanadi. Yodingizda bo‘lsa, birinchi davrada Andijondagi bellashuvda darvozalar daxlsiz qolib ketgandi.
Bevosita ushbu klublar ishtirokidagi o‘zaro uchrashuvlar tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, shu paytgacha jamoalar 49 marta to‘qnash kelishgan. “Buxoro” 21 bor raqibini mag‘lubiyatga uchratgan. “Andijon” bo‘lsa 14 ta o‘yinda g‘olib chiqqan. Yana 14 ta uchrashuvda durang kuzatilgan. To‘plar nisbati: 64x80 “Buxoro” foydasiga.
Ushbu klublar oxirgi marta 2020 yilgi mavsumda Superligada to‘qnash kelishgan. O‘shanda “Andijon” safarda 2:2 hisobida durang o‘ynagan va o‘z maydonida “Buxoro”ni 2:1 hisobida mag‘lub etgan.
Umuman aytganda, “Burgutlar” “Buxoro”ga qarshi bellashuvlarda oxirgi 4 ta o‘yindan beri yutqazmayapti.
Ko‘rib turganingizdek, “Buxoro” va “Andijon” klublarining bu safargi bahsi yubiley 50-o‘yinga to‘g‘ri keladi. Biz ishonamizki, mana shunday o‘ziga xos yubiley to‘qnashuvda jamoamiz g‘alaba bilan muxlislarimizni quvontira oladi. Bu yo‘lda “Andijon”ga omad va muvaffaqiyat tilaymiz”, - deya xabar bermoqda “Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar