
Bugun Parij-2024 ga chiptalar sotuvi boshlanadi. Uni qanday sotib olish mumkin?
Bugun 2024 yil sport olamida ro‘y beradigan eng muhim voqelik – Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga chiptalar sotuvi uchun dastlabki jarayon boshlanadi. Tashkiliy qo‘mita shartlariga ko‘ra, chiptalarni xarid qilish paketbay yoki donabay shaklda onlayn tarzda 3 bosqichda amalga oshiriladi. Ushbu maqolada muxlislar bo‘lajak Olimpiadaga chiptalarni qanday sotib olishlari mumkinligi haqida to‘xtalib o‘tamiz:
Chiptalarni qanday xarid qilish mumkin?
Har bir davlatning (Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga a’zo bo‘lgan) keng jamoatchilik vakillari o‘z joylaridan turib tashkiliy qo‘mita sayti orqali chiptalarni xarid qilishlari mumkin. Tashkiliy qo‘mita chiptalarni sotish bo‘yicha ishlab chiqqan strategiyaga ko‘ra, muxlislar xaridni onlayn navbat orqali qur’a yo‘li bilan amalga oshirishlari mumkin.
Bu qanday amalga oshiriladi?
Bugundan tashkiliy qo‘mitaning chiptalar sotuvi uchun ishlab chiqqan platformasi ish boshladi. Chiptalarni paketbay ko‘rinishda sotib olish istagida bo‘lgan muxlislar quyidagi 3 bosqichdan o‘tishlari lozim bo‘ladi:
1. 2022 yilning 1 dekabridan to 2023 yilning 31 yanvar kuniga qadar https://tickets.paris2024.org/ sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish;
2. 2023 yilning 31 yanvar sanasida ro‘yxatdan o‘tish yakunlanadi va ariza tashlaganlarning to‘liq tarkibi shakllantiriladi;
3. 2023 yilning 15 fevral kuni ro‘yxatga olingan barcha ishtirokchilar uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. “Make Your Games” (“O‘z O‘yiningni yarat”) shiori ostida tashkil etiladigan qur’a g‘oliblarining elektron pochtasiga bu haqida xat keladi. G‘oliblar uchun chiptalar sotuvi boshlanadi. Bunda yana bir muhim shart borki, qur’ada tanlangan ishtirokchilar 48 soat ichida elektron pochtalariga yuboriladigan havolaga kirib, xat qabul qilinganini tasdiqlashlari lozim. Bu musobaqaga paketbay tarzida chipta olishni istaganlar uchun mexanizm. Donabay chipta xarid qiladigan muxlislar uchun jarayon quyidagi tartibda o‘tadi:
1. 2023 yilning 1 mart kunidan aprel oyining oxiriga qadar qur’a uchun ro‘yxatdan o‘tish;
2. 2023 yilning may oyi boshida: qur’a ishtirokchilarini ro‘yxatga olish;
3. 2023 yilning may oyi davomida: donabay chiptalar xaridi.
Paketbay tarzida o‘ynaladigan chiptalar narxi 72, donabaylari esa 24 evrodan boshlanadi. Batafsil ma’lumlotni https://tickets.paris2024.org/ sayti orqali olishingiz mumkin.
Manba: olympic.uz
Fikrlar