
Bunaqasi tarixda bo‘lmagan ekan!
UEFA Millatlar ligasida Ispaniya terma jamoasi himoyachisi Serxio Ramos Ukraina terma jamoasi darvozasiga ikkita gol urib, ispanlarning 4:0 hisobidagi g‘alabasiga ulkan hissa qo‘shdi.
Ushbu uchrashuvda 34 yoshli himoyachi yangilanishi juda qiyin bo‘lgan rekord o‘rnatdi. Ispaniya uchun 172 ta o‘yin o‘tkazib, gollari sonini 23 taga etkazib olgan Ramos Serxio, dunyodagi barcha terma jamoalar himoyachilari o‘rtasida eng yaxshi to‘purarga aylandi.
Avvalgi rekord natija Argentina terma jamoasining sobiq himoyachisi Daniel Pasarellaga tegishli bo‘lib, u raqiblar darvozasiga 22 ta gol urgan edi.
Ukrainaliklar davrozasiga kiritilgan ikkita gol Ramosni Ispaniya terma jamoasi to‘purarlari reytingida ham ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Ramos 23 ta gol bilan 8-o‘rinda turgan mashhur futbolchi Alfredo di Stefanoga tenglashib oldi. Eng muhimi, Ispaniya terma jamoasi to‘purarlarining kuchli o‘nligidan joy olgan futbolchilar orasida faqatgina Serxio Ramos faoliyatini davom ettirmoqda. Demak, uning reytingi yana o‘sishi mumkin.
Ispaniya terma jamoasi to‘purarari va ularning natijasi quyidagicha ko‘rinish olgan:
- David Vilya – 59 gol
- Raul – 44
- Fernando Torres – 38
- David Silva – 35
- Fernando Yerro – 29
- Fernando Morentes – 27
- Emilio Butrageno – 26
8-9. Alfredo Di Stefano – 23
8-9. Serxio Ramos – 23
- Xulio Salinas – 22.
Bundan tashqari, Primeraning yakunlangan mavsumida himoyachi jami 11 ta gol urdi. Uning La Liganing so‘nggi turida “Leganes” darvozasidan joy olgan aniq zarbasi Ramosning klublar miqyosidagi gollari sonini 100 taga etkazdi. Bu himoyachilar orasida eng yaxshi natija. Ramos 2005 yilgacha “Sevilya” sharafini himoya qilgan va 39 ta uchrashuvda ikkita gol urgan.
Shuningdek, Serxio Ramos Ispaniya chempionatida ketma-ket 17 mavsumdan buyon raqib darvozasini uzluksiz ishg‘ol etib kelayotgan yagona himoyachi hamdir.
Serxio Ramos hali “Real” safida ham, Ispaniya terma jamoasida ham faoliyatini yakunlash niyati yo‘q. Demak, u maydonga tushar ekan bu rekordlar yangilanaveradi va ular qatoriga yangi tarixiy natijalar qo‘shiladi.
Fikrlar