
Bundesliga yakunlari. Restartni birinchi boshlagan birinchi tugatdi. EChL, ELga yo‘llanmalar va chempionatni tark etgan jamoalar
Kuchli beshlikka kiruvchi yana bir chempionat yakunlandi. Avvalroq koronavirus pandemiyasi sabab Frantsiya ichki birinchilikni kelgan joyidan to‘xtatgandi. Boshqalar esa biroz tanaffusdan so‘ng davom etishdi.
27 iyun kuni Germaniyada oxirgi – 34-tur o‘yinlari bilan Bundesliganing bu mavsumi yakunlandi. G‘olib, sovrindorlar, evrokuboklarga yo‘l olganlar va chempionatni tark etgan jamoalarning nomi aniqlandi.
Pandemiya tufayli birinchi restart olgan Bundesliga ishtirokchilari soni boshqalarga nisbatan kamroq ekanligi bois o‘tgan oyning oxirida tugadi.
Chempion
“Bavariya” ketma-ket sakkizinchi marta chempionlikka erishdi. Xatto mavsum davom etayotganda murabbiyning almashishi myunxenliklarning maqsadga erishishiga to‘sqinlik qilmadi. Ular 82 ochko, 100 gol bilan eng yaqin ta’qibchisi, ikkinchi o‘rindagi “Borussiya D”ni 13 ochko farq bilan ortda qoldirdi.
Evropa chempionlar ligasida kim o‘ynaydi?
Germaniyadan to‘rtta jamoa EChLda to‘g‘ridan to‘g‘ri guruh bosqichida qatnashadi: “Bavariya”, “Borussiya D”, “Leyptsig”, va “Borussiya M”.
Evropa Ligasidachi?
Bundesligada 5-pog‘onani egallagan “Bayer” ELga yo‘l oldi. “Xoffenxaym” ham guruh bosqichida ishtirok etadi. Bundan tashqari, “Volfsburg” qit’aning ikkinchi darajali musobaqasi uchun kurashdi va xalqaro musobaqada Bundesliga nomidan qatnashadigan oxirgi jamoaga aylandi. “Bo‘rilar” ushbu turnirning guruh bosqichidan emas, balki 3-saralashidan bahslarga kirishadi.
Quyi ligaga kimlar ravona bo‘ldi?
Umidsiz “Paderborn” (18-o‘rin, 20 ochko) va “Fortuna D” (17-o‘rin, 30 ochko) Bundesligani tark etdi. “Fortuna D” oxirgi turda “Kyoln”ni 6:1 hisobida mag‘lub etgan “Verder”dan atigi bir ochko kam jamg‘argan. Ammo dyusseldorfliklarda hali imkoniyat bor. Ular o‘tish o‘yinida ishtirok etadi.
Endi “Verder” ikkinchi Bundesliganing uchinchi jamoasi “Xaydenxaym” bilan o‘zaro bahs yuritadi.
“Arminiya B” va “Shtutgart” ikkinchi Bundesligadan yuqori ligaga ko‘tarildi.
Kim eng yaxshi to‘purar?
Robert Levandovski – ketma-ket uchinchi marta Bundesliganing eng yaxshi to‘purariga aylandi. Polshalik hujumchi bu mavsum 31 o‘yinda raqiblari darvozasini 34 marta ishg‘ol qildi. Levandovski har bir o‘yinda o‘rtacha bittadan ko‘p gol urdi (1.1 o‘rtacha ko‘rsatkich).
“Oltin butsa”ni yutish uchun Robert ajoyib imkoniyatga ega. Uning 34 goli 68 ochkoga teng. “Latsio”dan Chiro Immobile hozir 58 ochko (29 gol), “Barselona”dan Lionel Messi 44 ochko (22 gol) to‘plagan. Ha, Italiya va Ispaniya chempionatlari hali yakunlanmagan. Ammo Levandovskining natijasini yaxshilash yoki unga etib olish biroz qiyinroq.
Bundesliga to‘purarligi bo‘yicha ikkinchi o‘rin Timo Vernerga nasib etdi. U 34 o‘yinda 28 bor to‘pni to‘rga yo‘lladi. Endi u “Chelsi” sharafini himoya qiladi. Uchinchi pog‘onadan Jeydon Sancho o‘rin oldi. Iste’dodli futbolchi 32 uchrashuvda 17 gol urdi.
Mavsumning eng yaxshi assistenti Tomas Myuller. Germaniyalik yarim himoyachi 33 uchrashuvda 21 bor sheriklarining gol urishiga imkoniyat yaratgan. Jeydon Sancho 16, Kristofer Nkunku hamda Torgan Azar 13 assist bilan keyingi pog‘onalarni band etdi.
Fikrlar