
"Bunyodkor"ga bu ustunlik AGMKga qarshi o‘yinda foyda beradimi?
Superliganing 8-turi doirasida AGMK Toshkentning "Bunyodkor" jamoasi bilan to‘qnashadi. Olmaliqliklar matbuot xizmati bellashuvga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Bo‘lajak o‘yin ushbu jamoalarning o‘zaro barcha musobaqalardagi umumiy hisobda 34-uchrashuviga aylanadi. AGMK va "Bunyodkor" qarama-qarshiligi tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tkazilgan o‘yinlarda 8 marotaba Toshkent viloyati jamoasi g‘alabani tantana qilgan, 6 bor durang qayd etilgan va 19 marta "Bunyodkor" zafar quchgan. To‘plar farqi ham "qaldirg‘ochlar" foydasig‘a: 63-38.
Ayni paytda jamoalar turnir jadvalida turlicha joylashishgan. AGMK 13 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, "Bunyodkor" 11 ochko to‘plagan holda "Nasaf" bilan 7-8 o‘rinlarni band etgan.
"Bunyodkor" joriy mavsum faqatgina ikki bor mag‘lubiyatga uchragan. AGMK esa bir marta amaldagi chempion va peshqadam «Paxtakor»ga yutqazdi.
O‘yin bugun Olmaliqdagi OKMK sport majmuasida soat 18:55da boshlanadi.
Bahsni Ilgiz Tantashev boshqarib boradi. Shuningdek, uchrashuvda VAR tizimidan foydalaniladi va unga mas’ul etib Akobir Shukurullaev tayinlangan.
Fikrlar