"Bunyodkor"ning "Surxon"ga qarshi o‘yinida motivatsiyasi etarlicha yoxud bu jamoalar durangni xohlashmayapti

  • 29 sentabr, 2023, 02:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Toshkentda yana bir yaxshi o‘yin kutyapti. Gap shundaki, o‘tgan turda mehmonda “Nasaf”ni mag‘lubiyatga uchratib qaytgan “Bunyodkor” navbatdagi turda o‘zi uchun yaxshi tanish bo‘lgan va o‘tgan turda “Qizilqum”ga imkoniyatni boy berib qo‘ygan “Surxon”ni qabul qiladi.

Tecno

Nima uchun ushbu raqibni “Bunyodkor”ga nisbatan o‘zi uchun yaxshi tanish degan ta’rifni beryapmiz? Yodingizda bo‘lsa, 16 avgust kuni O‘zbekiston Kubogi 1\8 final bosqichida “Bunyodkor” o‘z maydonida “Surxon”ni qabul qilgan va qiziqarli, gollarga boy o‘tgan bellashuvda mehmonlarning qo‘li baland kelgandi – 2:3. Shu tariqa, “Surxon” “Bunyodkor”ni O‘zbekiston Kubogi musobaqasidan chiqarib yuborgandi. Keyinchalik esa termizliklar 1\4 finalda Namanganda “Navbahor”ga yutqazishdi.

Xullas, “Bunyodkor” o‘sha mag‘lubiyat uchun revansh olish ishtiyoqida. Buning ustiga birinchi davradagi bahsda ham “Surxon” “Qaldirg‘ochlar”ni mag‘lubiyatga uchratgandi – 1:0. Bu yil hisobidan hozircha “Bunyodkor” Termiz jamoasini yutolmayapti. Navbatdagi uchrashuv esa joriy mavsumda ularning o‘zaro uchinchi to‘qnashuviga aylanadi.  

Yana bir qiziq jihatga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. “Bunyodkor” va “Surxon” klublari O‘zbekiston chempionatida hammasi bo‘lib 9 marotaba kuch sinashishgan va navbatdagisi 10-o‘yinga aylanadi. Ortda qolgan 9 ta uchrashuvning 6 tasida “Bunyodkor”, 3 tasida esa “Surxon” g‘alaba qozongan. Ko‘rib turibsizki, bu jamoalar o‘rtasidagi qarama-qarshilikda hali durang qayd etilmagan. To‘plar nisbati 18\9 “Bunyodkor” foydasiga.

“Surxon” hali “Bunyodkor” mezbonligidagi o‘yinlarda umuman yutolmagan. Faqatgina bu yil O‘zbekiston Kubogi doirasidagi bellashuvda “Bunyodkor” stadionida g‘alaba qozonganini yuqorida yozib o‘tdik. “Qaldirg‘ochlar”da “Surxon”ga qarshi o‘yin oldidan motivatsiya etarlicha ekanini sezish qiyin emas. Ammo bu yil chaqilmas yong‘oq kabi taassurot qoldirayotgan “Surxon” ham allaqachon yaxshi jamoa ekanini ko‘rsata oldi. Lekin oxirgi ikkita turdan beri raqiblariga imkoniyatni boy beryapti. “Nasaf” hamda “Qizilqum”ga bir xil 1:2 natijalari bilan engilgan. Shuning uchun ular ham bu safar “Bunyodkor”ga jiddiy qarshilik ko‘rsatishi tabiiy.

Ikkala jamoa tarkibida iqtidorli yoshlar bor. Murabbiylar tomonidan qo‘llaniladigan taktika ham bunday paytda asosiy o‘ringa chiqishi mumkin. Ochiq futbol o‘ynaydigan va yopiq o‘yinni u qadar xushlamaydigan klublar ishtirokidagi bahsda balki gollar shousini ko‘rarmiz...

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!