"Buxoro" hujumchisi: "Superligada hozircha faqat bitta uchrashuv o‘tkazdim, taqqoslash uchun hali erta deb o‘ylayman"

  • 22.03.2026 17:50
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol

"Buxoro" hujumchisi, Gruziya milliy terma jamoasi sobiq futbolchisi Nika Kacharava ilk bor klub matbuot xizmatiga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Nika, avvalambor jarohatdan tuzalib maydonga qaytganingzidan xursandmiz, Superliga 4-turida jamoamiz safida debut qildingiz, yangi mamlakat va chempionatga moslashish jarayonlari qanday kechmoqda?

- Jarohatdan forig‘ bo‘lib yana yashil maydonga qaytganimdan men ham xursandman, keyingi uchrashuvlarda ham maydonga tushib, jamoam uchun yordam berishni intiqilik bilan kutyapman. Moslashish jarayonlari barchasi a’lo darajada ketmoqda.

- “Buxoro” jamoasiga qo‘shilish varianti sizda qanday paydo bo‘ldi? O‘zbek futboli va mamlakatimiz haqida sizda qanday ma’lumotlar bor edi?

- Barchasi juda tez sodir bo‘ldi, yil boshida “Buxoro” jamoasidan taklif oldim, Taklifni qabul qilish haqida ko‘p o‘ylab o‘tirmadim, boisi O‘zbekiston chempionatida to‘p surgan do‘stlarim orqali juda ko‘p ijobiy fikrlarni eshitgan edim. Shu tufayli qaror qabul qilish qiyin kechmadi.

- Faoliyatingiz davomida yaxshi saviyadagi chempionatlarga to‘p surgansiz, O‘zbekiston Superligasi darajasi haqida qanday fikrdasiz? Siz o‘ynagan chempionatlar bilan solishtirganda qanday farqlar mavjud? 

- Superligada hozircha faqat bitta uchrashuv o‘tkazdim, taqqoslash uchun hali erta deb o‘ylayman. Ammo hozirgacha ko‘rganlarim shundan iboratki, futbolchilar jismoniy jihatdan kuchli ekanligini ta’kidlab o‘tmoqchiman.

- “Buxoro” chempionatni muvaffaqiyatli tarzda boshladi, jamoamizning dastlabki o‘yinlardagi o‘yini haqida qanday fikrdasiz?

- Darhaqiqat chempionatda yaxshi start oldik, ortda qolgan o‘yinlar davomida yigitlar juda yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. O‘yindan-o‘yinga o‘zimizga bo‘lgan ishonch ortib bormoqda. Biz keyingi o‘yinlarda ham shu ruhda davom etishimiz kerak.

- Bilamizki, otangiz Kaxaber Kacharava o‘z vaqtida Gruziyda mashhur futbolchi bo‘lgan, futbolga kirib kelishingizga otangiz ham sabab bo‘lganmi?  

- Albatta, men futbol o‘ynashni boshlashimga eng katta sabab otam edi, Yoshligimda uning o‘yinlarini ko‘rib katta bo‘lganman va har doim unga o‘xshashni xohlar edim.

- Muxlislarimizning sizdan bu yilgi mavsumdan umidlari katta, ishonamizki mavsum davomida o‘z gollaringiz bilan buxorolik muxlislarni xursand qilasiz.

- Men ham bu yilgi mavsumdan umidlarim katta. Muxlislar ishonchini his qilib turibman. Buxoro” jamoasining g‘alabalariga o‘z gollarim bilan yordam berishga tayyorman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!