
"Buxoro" ikkinchi davrada endi "Do‘stlik" stadionidan foydalanadi
Buxoroda uy uchrashuvlarini o‘tkaza olmaydigan "Buxoro" klubi Pro liga 2024 yilgi mavsumini "Bunyodkor" stadionida boshlagandi. Endilikda Superliga ishtirokchisi bo‘lgan "Lokomotiv" Superliganing qolgan uchrashuvlarini "Bunyodkor"da o‘tkazishi yuzasidan qaror qabul qilindi.
Liganing stadionlar bilan ishlash printsipiga ko‘ra, ichki musobaqalar doirasida bir stadiondan 2 tadan ortiq futbol klubining foydalanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shundan kelib chiqib, "Buxoro" Pro liganing ikkinchi davrasini "Bunyodkor" stadionida o‘tkaza olmasligi mavsum boshidayoq ma’lum qilgandi.
Endilikda "Buxoro" O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan kelishuvga erishdi hamda tashkilotga qarashli bo‘lgan "Do‘stlik" stadionda mavsumni yakunlashga qaror qildi. Qayd etish kerak, sobiq "Buxoro" SM maydoni Buxoro viloyati futbol akademiyasiga ko‘chirib o‘tkazilgan bo‘lib, ayni vaqtda majmuani ta’mirlash ishlari davom etmoqda.
Fikrlar