"Buxoro"da vaziyat tarangmi? Bosh murabbiy Hakim Fuzaylov Shavkat Salomov bilan bog‘liq muammo, o‘zining klubdagi taqdiri va Hamid Aktamov masalasiga munosabat bildirdi

  • 10.07.2022 09:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 5
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘z oldiga Superligaga qaytish vazifasini qo‘ygan “Buxoro” klubi ayni paytda o‘z qarorgohida mashg‘ulotlarini davom ettirmoqda. Lekin oxirgi paytlarda jamoa atrofida turli gap-so‘zlar tarqalmoqda.

Kimdir ketarkin, kimdir kelarkan, qabilidagi holatlar albatta e’tiborimizni tortmoqda. Hozircha amaldagi bosh murabbiy Hakim Fuzaylov “Buxoro” yig‘ininga o‘zi boshchilik qilmoqda.

Shu sababli tojikistonlik mutaxassis bilan bog‘lanishni lozim topdik.

- Hakim Qayumovich, avvalo sizni Qurbon Hayiti bilan tabriklayman!

- Rahmat. Sizni ham.

- Ikkinchi davraga tayyorgarlik ishlari qanday ketayotgani haqida fikr bildirib o‘tsangiz?

- Tayyorgarlikni bir necha kun oldin – 6 iyuldan boshladik. Hozircha klubimizda biror-bir muammo yo‘q. Ishlar reja asosida ketyapti, yigitlarning holati joyida.

fuzaylov2

- Tarkibda qanaqa o‘zgarishlar bo‘ladi? Eshitishimcha, bir qator o‘yinchilar ketibdi...

- Hozircha tarkibimizda hech qanday o‘zgarish yo‘q. Tabiiyki, davralar oralig‘ida klublardagi futbolchilarning u er, bu erga ketib qolgani haqida gap-so‘zlar ko‘payishga tushadi. Ustiga-ustak Superligaga chiqish yo‘lida harakat qilayotgan klublarda bunday holat ko‘p kuzatiladi. Bizda esa hali hech kim ketgani yo‘q. Boz ustiga rahbariyat bilan tarkibni kuchaytirish masalasida shu kunlarda uchrashishimiz kerak. O‘z navbatida rahbariyat tarkibni kuchaytirish kerakligini to‘g‘ri tushunib turibdi.

- Shuningdek, “Buxoro”da murabbiy o‘zgarishi mumkin, degan gap-so‘zlarni ham eshityapman. Bu rostmi?

- Bunday uzunquloq gaplar futbolda hamma vaqt kuzatib kelingan. Mening quloqlarimga ham klubdan ketishim mumkinligi xususidagi mish-mishlar chalingandek bo‘ldi. Bayram munosabati bilan yuzaga kelgan dam olish kunlaridan so‘ng, rahbariyat bilan hammasini batafsil kelishib olishga qaror qilganmiz. Hozircha bizda hech qanday o‘zgarishlar yo‘q. Yuqorida aytganimdek, 6 iyuldan ikkinchi davraga hozirlik ko‘rish ishlarini boshlaganmiz. “Buxoro”ning asosiy maqsadi tarkibni kuchaytirish va Superliga yo‘llanmalaridan biri uchun kurashishdan iborat. Bu birinchi darajali vazifadir.

fuzaylov5

- Rahbariyat sizga to‘liq ishonar ekan-da?

- Viloyat hokimi menga ishonch bildiryapti. Bu masalada hech qanday muammo yo qiyinchilik ko‘zga tashlanmayapti.

- “Buxoro” rahbariyati Hamidjon Aktamov bilan muzokara olib borayotganini eshitdim...Bundan xabaringiz bormi?

- Men ham o‘zim xususidagi shu kabi mish-mishlarni eshitib kelyapman. Bularning hammasi faqat mish-mishlar xolos. Hamid Aktamovning klubga qanday vazifada ishlash uchun kelishidan bexabarman. Agar shu holat amalda yuz bersa ham biror-bir yomon ish bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Yuqoridagilarning kim yoki kimlar bilan muzokaralar olib borayotgani haqida menda biror-bir ma’lumot yo‘q.

fuzaylov6

- Mavsumning dastlabki qismi haqida fikringizni bilmoqchiman. “Buxoro” ko‘p durang o‘ynadi...

- Chempionatning birinchi qismida o‘yinlarning roppa-rosa teng darajasini – 13 tasini o‘tkazib bo‘ldik. Ikkinchi davra tugaganidan keyin klublar guruhlarga ajratilar ekan, yana qo‘shimcha o‘yinlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Ko‘rinib turibdiki, ikkinchi davra dastlabkisiga nisbatan og‘ir kechadi. Birinchi davradagi o‘yinlarimiz orasida yaxshilari ham, o‘zimiz qoniqmagan va xatolarga yo‘l qo‘ygan holatlar ham kuzatildi. Hammasini albatta tahlil qilamiz. Xatolarni asta-sekinlik bilan to‘g‘rilash uchun esa bizda hozir vaqt etarli. Asosiysi, jamoa Superligaga qaytishi uchun imkoniyatni yo‘qotmagan. Beshta jamoa ikkinchi davradan so‘ng pley-offga yo‘l oladi. Biz esa hozircha musobaqa jadvalida 4-o‘rinni band etganmiz. Hammasi ko‘ngildagidek kechsa, albatta kuchli beshtalikda ham qatnashamiz. Hozirgi vaziyat mana shunday. Asosiy kurashlar oldinda.

- Pro ligada qaysi jamoaning o‘yini sizga ko‘proq yoqyapti?

- Menga musobaqa jadvalida haqli ravishda peshqadam bo‘lib turgan “Turon”ning o‘yini ko‘proq ma’qul kelmoqda. Klub yaxshi futbolchilardan tarkib topgan, o‘yini ko‘ngildagidek darajada yo‘lga qo‘yilgan. “Turon” uyushqoqlik bilan to‘p suryapti. Ikkinchi o‘rinda kelayotgan “Andijon” ham chetdan qaraganda, har qanday kishida iliq taassurot qoldirmoqda. Viktor Kumikov klub o‘yinini juda yaxshi yo‘lga qo‘yishga erishdi. Nazarimda, aynan yuqoridagi ikkita jamoada Superligaga qaytish uchun juda yaxshi imkoniyat yuzaga kelgan. Ulardan tashqari yana 4-5 ta jamoa pley-offda ishtirok etish uchun qulay vaziyat hosil qilgan.

fuzaylov7

- Transfer oynasi ochilgan. Klubga yangi o‘yinchilar qo‘shilyaptimi?

- Albatta, tarkibni kuchaytirishimiz shart. “Buxoro”ning moliyaviy imkoniyati o‘rtamiyona ekanligini hisobga olgan holda tarkibni to‘liq shakllangan, deyish qiyin. Shunday bo‘lsa ham imkon qadar ikkinchi davra uchun bir qancha pozitsiyalarga ijrochilarni olib kelishga harakat qilamiz. Yuqorida aytib o‘tganimdek, dastlabki davradagi o‘yinlarda xatolarimiz ko‘zga tashlanib qoldi. Xatolarni esa tuzatish kerak. Eng muhimi, jamoa Superliga uchun kurashish imkoniyatini o‘zida saqlab turibdi.

- Shavkat Salomov “Buxoro”dan ketishi mumkin deb eshitdim...

- Bularning bari quruq gaplar xolos. Ammo u bilan bog‘liq muammo bor. Buni albatta echishimiz kerak bo‘ladi. Uning “Buxoro”dan ketishi yoki qolishini asta-sekinlik bilan o‘rganamiz.

fuzaylov8

- Ro‘zim Ahmedov ham ketishi mumkinmi?

- Yo‘q, boshqa o‘yinchilarimiz kabi Ro‘zim Ahmedov ham klubimizda. Tashkiliy ishlar bilan bog‘liq rejalarni rahbariyat bilan asta-sekinlik ila o‘rganib chiqmoqchimiz.

- Buxorolik muxlislarga nima deysiz?

- Klubimiz ishqibozlariga sabrli bo‘lishlari va “Buxoro”ni oxirigacha qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini tilab qolaman. Buxoro o‘z jamoasini Superligada ko‘rishga haqli bo‘lgan viloyatdir. Shunday viloyatning vakili esa Superligada ishtirok etishi kerak. Chempionat tarixiga nazar tashlasangiz, viloyat jamoasi aksar hollarda faqat oliy ligada qatnashganligini ko‘rasiz. Shu bois mana shunday an’ana bundan keyin ham davom etmog‘i maqsadga muvofiq bo‘lardi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
salahidin
10/07/2022 16:19
Мурабий основной фигура шундай экан Фузайловни хайдаш керак
&
salahidin
10/07/2022 16:16
Фузайловни кетмас экан Яна уша эски лаган эски том
solijon bobokulov
10/07/2022 12:39
Саволларни ярми у кетадими, бу кетадими, бупти. Ха айтибдику бошида хечиким кетмайди деб. Савия ноль. Саволлар ноль
Aziz Yuldashev
10/07/2022 11:11
Шавкат Саломов хам бутсаларни михна махкам қилиб иладиган вақт анча олдин етиб келганку
&
Bek 56
10/07/2022 10:53
Бухороликлар Х,аким ака у'зи яхши бошк,а мураббий к,идирманглар