“Chelsi” afsonasini chorak asr hech kim qilolmagan ishni uddaladi
“Chelsi”ning afsonaviy futbolchisi Frenk Lempard murabbiylik sohasida katta natija qayd etdi. Bu mutaxassis 25 yil davomida hech kim Angliya Premier-ligasiga olib chiqa olmagan “Koventri Siti”ni yuqori diviziyonga yo‘llanma olishiga katta hissa qo‘shdi.
Frenk Lempard jamoasi safarda “Blekbern Rovers” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynab, yuqori ligaga ko‘tarilishni rasmiylashtirdi. Hal qiluvchi gol 85-daqiqada urildi –Bobbi Tomas jarima zarbasidan uzatilgan to‘pni bosh bilan darvozaga joylab, hisobni tenglashtirdi.
Mezbonlar ikkinchi taymda hisobni ochdi va raqibning bayramini kechiktirishga yaqin edi, biroq “Koventri” mag‘lubiyatdan qutilib qolib, kerakli ochkoni qo‘lga kiritdi.
Bu natija Lempard jamoasiga Premier-ligaga chiqishni kafolatladi, chunki uchinchi o‘rindagi “Milluoll” endi peshqadamni quvib eta olmaydi. Hozirgi vaqtda Lempard jamoasi 86 ochko bilan birinchi o‘rinda turibdi.
Shu tariqa, “Koventri Siti” 2001 yildan beri ilk bor Angliya futboli elit divizionida ishtirok etadi va 25 yillik tanaffusni yakunladi.
Ta’kidlash joiz, Frenk Lempard jamoani o‘tgan yili boshqaruvga olgan va uni yetakchilar qatoriga olib chiqqan, endi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori ligaga chiqishga erishdi.

Fikrlar