Chempion "Arsenal" oddiy jamoaga yutqazdi
Irlandiyaning Dublin shahridagi «Aviva» stadionida Angliyaning «Arsenal» jamoasi va Ispaniyaning «Betis» klubi oʻrtasida oʻrtoqlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bellashuv 3:1 hisobida ispaniyaliklar foydasiga yakunlandi.
«Betis» birinchi boʻlib hisobni ochdi. Uchrashuvning 9-daqiqasida yarim himoyachi Rodrigo Rikelme raqib darvozasini ishgʻol etdi. 26-daqiqada esa Nelson Deossa jamoasi ustunligini ikki toʻpga yetkazdi.
Shundan olti daqiqa oʻtib, «Arsenal» himoyachisi Piero Inkapye hisobni qisqartirishga muvaffaq boʻldi va tabloda 2:1 hisobini oʻrnatdi. Biroq 43-daqiqada «Betis» yarim himoyachisi Pablo Fornals yana bir bor aniq zarba yoʻllab, «kanonirlar» darvozasiga uchinchi golni kiritdi.
Eslatib oʻtamiz, «Arsenal» 2025/2026 yildgi mavsumni Angliya Premier-ligasida chempion sifatida yakunlagan. London klubi 38 oʻyinda 85 ochko toʻpladi. Oʻtgan mavsumda UEFA Chempionlar ligasida ham «kanonirlar» finalgacha yetib bordi, ammo hal qiluvchi bahsda «Pari Sen-Jermen»ga magʻlub boʻldi (asosiy vaqt — 1:1, penaltilar seriyasi — 3:4).
«Betis» esa Ispaniya chempionatida 2025/2026 yildgi mavsumni beshinchi oʻrinda yakunladi. Sevillya klubi 38 uchrashuvda 60 ochko jamgʻardi. La Liganing amaldagi chempioni «Barselona» boʻlib, kataloniyaliklar mavsumni 94 ochko bilan yakunladi.

Fikrlar