Chempion jamoa to‘purar legionerimizdan nega voz kechyapti?

  • 8 mart, 2021, 07:35
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

O‘tgan yili o‘zbekistonlik muxlislarning aksariyati Belarus chempionatida Jasur Yaxshiboev tufayli o‘zlariga umuman notanish bo‘lgan Soligorskning “Shaxtyor” jamoasiga ishqibozlik qilgandi.

Albatta, oliy liganining ikkinchi davrasi oldidan Jasur Yaxshiboevni “Energetik-BGU”dan olgan soligorskliklar o‘zbek legioneri xizmatidan yaxshigina foydalandi. Qisqa fursatda jamoa etakchisiga aylangan Jasur “Shaxtyor” tarkibida ettita gol urdi va uchta golli pas oshirdi. Oxir-oqibat, soligorskliklar 15 yillik tanaffusdan so‘ng, tarixida ikkinchi bor chempion bo‘ldi, Yaxshiboev chempionatning eng foydali o‘yinchisi sovriniga ega chiqdi.

2021 yilgi mavsum oldidan “Shaxtyor” jamoani tark etgan Jasur Yaxshiboev o‘rniga boshqa o‘zbekistonlik hujumchi – Shahzodbek Ubaydullaevni transfer qildi.

614087_680

Shahzod “Mash’al” akademiyasi tarbiyalanuvchisi. Professional darajadagi faoliyatini“Andijon”da boshlagan. 2018-2019 yillarda andijonliklar safida 24 ta o‘yinda 9 ta gol urdi. O‘tgan yili “Metallurg”da to‘p tepdi. Bekobodliklar safida 26 ta o‘yinda raqiblar darvozasini sakkiz marta aniq nishonga oldi.

Joriy yilning yanvar oyida “Shaxtyor” taklifini qabul qilib, soligorskliklar bilan bir yillik shartnoma imzoladi.

Mavsumoldi tayyorgarlik mashg‘ulotlarida yosh hujumchimiz faol ishtirok etdi. Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil qilingan  yig‘inda jamoa to‘purari bo‘ldi. Ubaydullaev o‘rtoqlik uchrashuvlarida Armanistonning “Pyunik”, Rossiyaning “Rodina”, Birlashgan Arab Amirliklari vakili – “Liva”  va “Dubay Siti” jamoalari darvozasini ishg‘ol qildi.

Futbolchimiz mavsumning birinchi rasmiy uchrashuvi – Belarus Superkubogi uchun bahsga bizga noma’lum bo‘lgan sabablarga ko‘ra, jalb qilinmadi. Biroq, kuni kecha Belarus kubogining chorak final bosqichi dastlabki uchrashuvida qatnashdi.

Soligorsk shahri mezbonlik qilgan bahsda ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Shahzod 80-daqiqada “Nyoman” darvozasini aniq nishonga olib, jamoasining 3:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.

DNqNRFuXFkI_1

Aslida Shahzod Ubaydullaev Jasur Yaxshiboev o‘rniga “Shaxtyor”ning asosiy to‘purariga aylanishi kutilgan bir pallada, Belarus futbolida ishonchli insayder hisoblangan jurnalist Vladislav Tatur soligorskliklar o‘zbek futbolchisi o‘rniga boshqa hujumchi olayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, “Shaxtyor” rahbariyati Ubaydullaevni “Energetik-BGU”ga ijaraga jo‘natib,  nigeriyalik  Sandey Akinbulni o‘z tarkibiga qo‘shib oladi.

“Shaxtyor”ga yo‘l olgan hujumchimiz aslida Soligorskda uzoq qolmoqchi emasdi. Bu jamoa Ubaydullaevning yanada kuchli chempionatga o‘tishiga xizmat qilishi kerak edi. Shahzod ham Polshadan qo‘nim topgan Jasur Yaxshiboevning yo‘lidan yurmoqchi. Biz uchun ham 23 yoshli hujumchimizning joriy mavsumda soligorskliklar tarkibida qolgani qiziqroq. Chunki bu jamoa yangi  mavsumda Evropa Chempionlar ligasida o‘ynaydi.

Bir tomondan “Energetik-BGU” varianti ham chakki emas. Chunki bu jamoa o‘zbek futbolchilari uchun omadli hisoblanadi. Biroq, “Shaxtyor”ning ko‘zga ko‘rina boshlagan va deyarli har bir uchrashuvda to‘p kiritayotgan hujumchidan osonlikcha voz kechayotgani g‘alati. Balki, Belarus kubogida “Nyoman” darvozasiga urilgan gol klub rahbarlari fikrini o‘zgartirib yuborar?

Bu yog‘ini endi vaqt ko‘rsatadi...

Belarus futboli: Shahzod zo‘rmi yoki Shahboz?

Legionerlarimiz jamoasini Evropa Chempionlar ligasiga olib chiqishga qodirmi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!