
Chempionlikka eng yaqin o‘zbek bokschilari kimlar? (Tahlil)
So‘nggi vaqtlarda o‘zbek bokschilari nafaqat havaskor yo‘nalishda, balki profescional boksda ham zafarli yurishlarini davom ettirmoqda. Birinchi yarim engil vazn toifasida (55 kg) Murodjon Ahmadaliev (8-0, 6 KO) kam sonli jang bilan WBA va IBF yo‘nalishida chempionlikni qo‘lga kiritishi jahon boks ommasi e’tiborini o‘ziga jalb etdi. Tabiiyki, o‘zbekistonlik boshqa bokschilarga ham e’tibor oshdi. Xo‘sh, Murodjon Ahmadalievdan so‘ng qaysi bokschilarimiz chempionlikka yaqin turibdi? Quyida tahliliy reyting bilan tanishing!
1. Qudratillo Abduqahhorov ( 18-0, 9 KO)
Profescional boksning yarim o‘rta vazn toifasida (66.6 kg) o‘z faoliyatini olib borayotgan Qudratillo Abduqahhorov WBC reytingida 8, IBF reytingda esa 1-pog‘onada qayd etildi. U eng nufuzli norasmiy reytinglardan biri "The Ring" talqinida ham o‘z vaznida Terens Krouford, Menni Pakyao, Errol Spens, Kit Turman, Denni Garsiya kabi yulduzlar orasida 8-pog‘onadan joy olgan. Abduqahhorov hozirda Errol Spensga ( 27-0, 21 KO) tegishli bo‘lgan IBF jahon chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar hisoblanadi. Shuningdek, Spens WBC chempioni hamdir. Bu vaznda Menni Pakyao WBA, Terens Krouford WBO chempioni hisoblanadi. Amerikaning eng nufuzli kompaniyasi "Top Rank" mijozi hisoblangan Qudratillo hozir Amerika Qo‘shma Shtatlarida tayyorgarlik olib boramoqda.
2. Isroil Madrimov (6-0, 5 KO)
Isroil Madrimov super yarim o‘rta vazn toifasida (69 kg) janglar o‘tkazib kelmoqda. Madrimov oxirgi jangida WBA reytingida 6-pog‘onada bo‘lgan Erik Uoker ustidan g‘alaba qozondi va WBA yo‘nalishida da’vogarga aylandi. Eddi Xirnga tegishli bo‘lgan "Matchroom" va Rossiyaning "Mir Boksa" kompaniyasi mijozi Madrimov hozirda WBA reytingida birinchi pog‘onada bormoqda. Ushbu vazn toifasida WBC, WBA, IBF chempionlik kamarlari Jermel Charloga tegishli bo‘lsa, Patrik Teysheyra WBO chempioni hisoblanadi.
3. Shohjahon Ergashev (19-0, 17KO)
Profeccional boksning super engil vazn toifasida (63.5 kg) o‘z janglarini o‘tkazib kelayotgan Shohjahon Ergashev hali majburiy da’vogar bo‘lmasada, ammo ushbu pozitsiyaga chiqish uchun qulay reytingda turibdi. Ergashev WBA reytingida 7, WBO reytingida 13 va IBF reytingida 4-pog‘onadan joy olgan. Uning promouterlik kompaniyasi "Salita Promotions" yaqin orada IBF yo‘nalishida eliminator, ya’ni majburiy da’vogar bo‘lish uchun saralash jangini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
4. Bektemir Meliqo‘ziev (6-0, 5 KO)
Bektemir Meliqo‘ziev Amerikaning "Golden Boy" va Rossiyaning "Mir Boksa" kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan. Super o‘rta vazn toifsida (76 kg) WBA Continental Americas va WBO Inter-Continental kamarlari egasi bo‘lgan Meliqo‘ziev hozirda, WBA reytingida 14-pog‘onada va WBOning yangilanadigan reytingida ham kuchli 15 talikka kirishi kutilmoqda. Meliqo‘ziev, garchi reytingi biroz pastroq bo‘lsa-da, ammo unga bo‘lgan qiziqish va promouterlarining ishonchi ancha yuqori. Meliqo‘zievga 2021 yil oxiriga qadar chempionlik jangini va’da qilishgan. Ushbu vazn toifasida WBA chempioni Kallum Smit 19 dekabr kuni Saul Alvares bilan jang qiladi. WBO kamari Billi Jo Sonders, IBF chempionlik kamari esa Kaleb Plantga tegishli. WBC chempionlik kamari esa vakant...
5. Shahram G‘iyosov (10-0, 8 KO)
Rio Olimpiadasi sovrindorlari ichida eng birinchilardan bo‘lib profescional boksga qadam qo‘ygan G‘iyosov ham huddi Madrimov kabi "Mir Boksa" va "Matchroom" kompaniyasi bilan ishlab kelmoqda. G‘iyosov super engil vazn toifasida (63.5 kg) WBA International kamari egasi bo‘lib, ushbu yo‘nalish reytingida 6-pog‘onada qayd etilgan. Mazkur yo‘nalishda vaziyat biroz qiyinroq bo‘lib, ikkilamchi kamarlar ancha ko‘p va chempionlikka qadar borish biroz ko‘proq vaqt talab qiladi. Shohjahon Ergashev va Shahram G‘iyosov bitta vazn toifasida, ushbu vaznning WBA yo‘nalishini o‘zida Super, Regular, Gold va vaqtinchalik jahon chempionlik kamarlari mavjud. Asosiy chempionlar esa, britaniyalik Josh Teylor (WBA Super, IBF jahon chempioni) va amerikalik Xose Ramires ( WBC va WBO ) hisoblanadi.
Bizda hozircha, shular... Barcha bokschilarimizga omad va zafarlar tilaymiz!
Jalol AHMEDOV tayyorladi.
Fikrlar