"Davralar oralig‘ida yangi chaqiruvlarga tayyorligimni his qildim" yoxud legionerimiz Belarus orqali Evropa eshigini ochmoqchi

  • 29.07.2021 19:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Kuni kecha andijonlik iqtidor egasi Doniyor Abdumannopov klubini o‘zgartirgani haqida Sports.uz orqali xabar berganimizni bilasiz. Futbolchi faoliyatida oldinga katta qadam tashlash maqsadida legionerga aylanishni istadi.

Darhaqiqat, Abdumannopov oxirgi paytlarda tez-tez tilga olinayotgandi. Chunki uning ko‘rsatayotgan o‘yinlari ko‘plab mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otgani rost.

Shu sababli Superliganing aksar klublari Doniyorni o‘z safida ko‘rishni istadilar. Lekin futbolchi “Andijon”dan faqat xorijga ketishi mumkinligini aytgandi. Ko‘rib turganingizdek, u endi Belarus chempionatida to‘p suradi.

“Energetik-BGU”dan mavsum boshida ham taklif bo‘lgandi”

Doniyor faoliyatida yangi sahifa ochdi. U oldida turgan ko‘plab takliflar orasidan “Energetik-BGU” jamoasini tanladi. Andijonlik yarim himoyachi avvalo nima sababdan ushbu klubni tanlagani haqida gapirdi.

- Bilasizmi, “Energetik-BGU” jamoasidan aniq taklif menda mavsum avvalida ham bo‘lgandi. Nasib shu kunga ekan. Aynan chempionatimizda mavsumning birinchi qismi tugab, davralar oralig‘i paytida ushbu qarorga keldim. O‘zimni Evropada sinab ko‘rmoqchiman, - dedi Abdumannopov.

doniyor2

“Andijon” menga tramplin vazifasini bajarib berdi”

Albatta, bunday iqtidor egasining ketishi “Andijon” jamoasi uchun katta yo‘qotishga aylandi. U to‘g‘ri gapirdi, mavsum boshida ham klubni tark etishi mumkin edi. O‘shanda “Andijon” rahbarlari uni jamoada olib qolishga erishgandilar. Baribir kun kelib Doniyorning ayniqsa, chetga legioner sifatida yo‘l olishi kutilayotgan holat edi. Shu tariqa, futbolchi “Andijon”ni tark etdi. Lekin u ketar chog‘ida “Bobur arena” stadionida ishqibozlar bilan uchrashdi va ularning duosini olgan holda xayrlashdi. Doniyor Abdumannopov “Andijon”da o‘tkazgan faoliyati va klubni qay tariqa tark etgani haqida ham so‘zladi.

- “Andijon” klubidagi faoliyatim meni o‘sishimga va katta futbolga kirib kelishimga tramplin vazifasini bajarib berdi deb o‘ylayman. “Andijon” jamoasini xuddi o‘z uyimni tark etayotgandek xissiyot bilan tark etyapman. Klub hamda muxlislar bilan do‘stona ravishda xayrlashdim.

doniyor4

“Davralar oralig‘ida raqobatga tayyorligimni his qildim”

Doniyor ilk bor xorijda to‘p suradi. Odatda birinchi marotaba legioner sifatida o‘ynaydigan yigitlarda o‘ziga yarasha hayajon kuzatiladi. 21 yoshli futbolchi o‘zini legioner sifatida chetda sinab ko‘rishga har tomonlama tayyormi? Bu borada futbolchi quyidagicha javob berdi.

- Chempionat boshida ham o‘zimni legioner sifatida xorijda sinab ko‘rish ishtiyoqi bor edi. Faqat u paytda futbolchi sifatida o‘zimni yana ozroq tayyorlashni afzal ko‘rganman. Davralar oralig‘i paytida esa yangi chaqiruvlarga va raqobatga tayyorligimni his qildim. Natijada ketishga qaror qildim.

doniyor6

“U erda kuchli murabbiy bor va o‘yinchilarni o‘sishiga yordam beradi”

Shunday qilib, Doniyor Abdumannopovning “Energetik-BGU”dagi hayoti boshlandi. Bu uning uchun chaqiruv va oldinda qiziqarli faoliyat kutyapti, deb ishonamiz. Shunisi aniqki, o‘zbekistonlik futbolchi u erga shunchaki vaqt o‘tkazgani ketgani yo‘q. U legionerga aylanishdan ko‘zlagan asosiy maqsadi nima ekanini aytdi.

- “Energetik-BGU” tomonidan taklif anchadan beri mavjud edi. U erda kuchli murabbiyning borligi o‘yinchining o‘sishiga katta yordam beradi. Qolaversa, keyinchalik menga Evropa eshiklarini ochib berish uchun ham “Energetik-BGU” variantiga to‘xtadik.

doniyor7

“Andijon”ning Superligada qolishiga ishonchim komil”

Yuqorida aytganimizdek, bu futbolchining ketishi “Andijon” uchun jiddiy yo‘qotish. Bundan tashqari klub yana bir qator etakchilaridan ham ayrildi. Natijada mahalliy muxlislarda xavotir ortdi. Chunki ikkinchi davrada jamoa qanday ko‘rinishda bo‘larkin, Superligada qolish vazifasini uddalay olarmikin, qabilidagi savollar ko‘paydi. Ammo bu masalada Doniyor Abdumannopov qat’iy ravishda shunday dedi:

- “Andijon”ning elitada qolishiga ishonchim komil. Boisi, yangi o‘yinchilar olinyapti. Tayyorgarlik ham ajoyib o‘tdi. Mening fikrimcha, “Andijon” ikkinchi davrada butkul o‘zgacha o‘yin namoyish etadi, - deydi futbolchi.

doniyor3

“Ubaydullaevdan barcha ma’lumotlarga ega bo‘ldim”

Darvoqe, Abdumannopov yangi klubida yolg‘iz emas. Yaxshi bilasiz, “Energetik-BGU” safida Shaxzod Ubaydullaev bilan Bobur Abduholiqov ham to‘p surmoqda. Ularning borligi esa Doniyorga yangi jamoasiga tezroq moslashishida qo‘l kelishi shubhasiz. Futbolchi Belarusga ketishdan avval yangi klubi haqida yuqoridagi legionerlarimiz bilan gaplashganmi?

- Ha, albatta. Shaxzod Ubaydullaev bilan gaplashdim, jamoadagi sharoitlar haqida so‘radim. Barcha kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lganimdan keyin ushbu tanlovni amalga oshirdim, - deya javob berdi, Abdumannopov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!