Davron Fayziev: Chempionning qaytishi... Ozgina kutaylikchi, balki bu sarlavhani yana ishlatishga to‘g‘ri kelar
"Manchester Yunayted" Angliya premer ligasi 22-turida "Sautgempton" bilan kuch sinashdi. Bellashuvda mankunianlar 9:0 hisobida zafar quchdi. Jamoa etakchisi Pol Pogba ishtirok etmadi. Ammo u boshqa bellashuvlarda ajoyib o‘yin namoyish etmoqda. Shu bois, u MYuning o‘tgan oydagi eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.

Taniqli sharhlovchi Davron Fayziev telegramdagi sahifasida frantsiyalik yarim himoyachi uzoq muddatli "tanaffus"dan qaytgan Pogbaning yana ajoyib formada ekanligiga e’tibor qaratdi.
- Chempionning qaytishi. Bu ibora kechagi 9:0 dan keyin butun "Manchester Yunayted" jamoasiga ham mos keladi. Lekin ayni post birgina futbolchiga atalgan. Pol Pogba qisqa vaqt ichida cho‘qqidan eng tubgacha tushgandi. Cho‘qqi - jahon chempionligi. Tub esa, qiyin vaziyatda Manchester tarkibida o‘ynashni xohlamasligi. Pol yulduzlik kasali, boylik sinovi, injiqliklar kabi taniqli shaxslarga xos bo‘lgan barcha sinovlardan o‘tdi. Birgina jihat bularni engib o‘tishga yordam bera olardi. Bu chempionlik xarakteri. Pogbada bu bor. Shuning kuchi bilan qayta oldi. Uning qaytishi rasman e’tirof etildi. Pol Pogba "Manchester Yunayted"ning yanvar oyidagi eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.
Jamoasiga kelsak, ozgina kutaylikchi, balki bu sarlavhani yana ishlatishga to‘g‘ri kelar, - dedi Davron Fayziev.
Fikrlar