
Davron Fayziev “Paxtakor”ga qanday murabbiy kelishi kerakligini aytdi. U qaysi davlatdan bo‘lishi mumkin
Shota Arveladze "Paxtakor"ni tark etishi ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Ular qatorida taniqli sharhlovchi Davron Fayziev ham bor.
Davron Fayziev SPORTS.uz sayti kuzatuvchilari uchun Shota Arveladze va uning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan murabbiylar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Shota Arveladze “Paxtakor”ni tark etishi sizni qanchalik hayron qoldirdi? (Garchi shartnomasi yakunlangan bo‘lsa ham.)
- To‘g‘risini aytganda, Shota Arveladze “Paxtakor”ni tark etishi meni hayron qoldirdi. “Sherlar” endi gegemon holatiga keldi, Osiyoda raqobat qila olishini ko‘rsatdi. Jamoa gruziyalik mutaxassisning imzosi seziladigan darajaga etgandi. Ayniqsa, oxirgi mavsumda. Shu holatda Arveladze ketishga qaror qilgani men uchun syurpriz bo‘ldi. Boshida tanqidiy yondoshdik, titullar etarli emasligida tanqid qildik. Ikkinchi yili plyus tomonlari ko‘rina boshladi va mana endi ijobiy ishlari yaqqol namoyon bo‘ldi. Shuning uchun katta figura sifatida futbolimizdan ketgani biroz g‘ayg‘uli holat deyish mumkin. “Paxtakor”da aynan shu murabbiy faoliyat olib borishiga ancha o‘rganib qoldik. Unga kelajakda omad tilaymiz. Umid qilamizki, balki keyinchalik taqdir taqazosi bilan “Paxtakor” yoki O‘zbekistonning boshqa jamoasiga kelar.
Arveladze “Paxtakor”da butun tizimni noldan mana shu holatga chiqardi. Bugun esa tizim jamoada yaxshi ishlayapti. Professional klub sifatida shakllanishida gruziyalik mutaxassis katta hissa qo‘shdi.
Arveladze “Paxtakor”ga nima berdi? O‘zbek futboligachi? - Xayrulla Hamidovdan javob
Jaloliddin Masharipovning qaysi klubga o‘tishi aniq
- O‘zimizda uning o‘rnini bosa oladigan murabbiy bormi?
- Ayni paytda jamoaga Shota Arveladzening ketishi ta’sir qiladi. Chunki u yulduz, obro‘ tomonidan katta nom, ko‘pchilik unga o‘rgandi, futbolchilar uning tartib-intizomiga ko‘nikdi. Shu o‘rinlarni to‘ldirish qiyin kechadi. Deylik qaysidir mahalliy murabbiy keladi, taktikani yo‘lga qo‘yadi, bu bilan gruziyalik mutaxassis taktik qirol, demagan bo‘lardim, original super o‘yin uslubini yo‘lga qo‘ydi, demagan bo‘lardim. Nisbatan “Paxtakor” oddiy o‘ynadi va dominantlik qildi. Bu tomondan biror murabbiy uning o‘rnini to‘ldirishi mumkin. Lekin mavqe tomondan bu qiyin ish. Undan so‘ng “sherlar” ustozligiga o‘zimizning murabbiy kelsa, qiynaladi, Shota Arveladzedan keyingi jamoani birlashtirishga. Shuning uchun uning o‘rniga kelayotgan inson – katta nom bo‘lishi lozim. Bu o‘zimizdan biror bir yulduz yoki evropalik yaxshi mutaxassis. Balki osiyolik taniqli mutaxassis bo‘lishi mumkin. Arveladzening darajasida bo‘lsa tortib ketsa kerak.
Fikrlar