"Demak, klub rahbarlarini men bilan hamkorlik qilish niyatlari bo‘lmagan" - Pro ligada bosh murabbiy jamoadan ketganini klub rasmiy kanali orqali bildi

  • 08.01.2023 00:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Pro liga vakili – “Yangier” jamoasi o‘tgan yili o‘z imkoniyatidan kelib chiqib chempionatda ishtirok etdi. Ayniqsa, bosh murabbiylik lavozimiga Diyor Mirzaboev kelgach, jamoa o‘yini va natijalari bir muncha yaxshilandi.

Ammo mazkur holat oxirigacha barqaror davom etgani yo‘q. Ma’lumotlarga qaraganda, 2023 yilda “Yangier”ni boshqa murabbiy boshqararkan. Bu xususida klub rasmiy kanali xabar berdi. Diyor Mirzaboev esa bu borada Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Yaqinda “Yangier” klubi rasmiy kanalida 8 yanvar kuni jamoa yig‘ilishi va unda yangi bosh murabbiy bilan ishga kirishishi yozilgan. Bundan chiqdi, klubdan ketdingizmi?

- Ha, klub rasmiy kanalida “Yangier” jamoasi yangi bosh murabbiy boshchiligida yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlashi xaqidagi ma’lumotni men ham o‘qidim. Shartnomam muddati tugadi. Lekin klub rahbari yoki boshqa bir klub xodimlari tomonidan yana hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha xech kim bilan gaplashmadim. Demak, klub rahbarlarini men bilan xamkorlik qilish niyatlari bo‘lmagan. Nima ham derdim, bu – futbol. Bundan chiqdi, “Yangier” klubi rahbarlari ortda qolgan mavsum uchun murabbiydan qoniqish hosil qilishmagan.

diyor1_6

- Umuman aytganda, “Yangier”da o‘tkazgan faoliyatingizni qanday baholaysiz va siz jamoada duch kelgan eng katta to‘siq nimada bo‘ldi?

- “Yangier”da o‘tkazgan mavsum men uchun katta maktab bo‘ldi. To‘g‘ri, ishga kirishishim bilan hammasi yaxshi boshlandi, g‘alabalar, kerakli ochkolar qo‘lga kiritildi, moliyaviy holatimiz ham pro liga uchun yaxshi edi (Viloyat hokimiga alohida minnatdorchiligimni bildiraman). Ikkinchi davra boshlanish arafasida moliyalashtirishda pasayish kuzatildi. Shuning uchun etakchi futbolchilar bilan kelishilgan holatda shartnomalarni bekor qilishga to‘g‘ri keldi. Ikkinchi davrani yosh jamoa bilan boshlaydigan bo‘ldik.

Katta to‘siq? Yosh jamoa bilan ham yaxshi natija qila oladigan tarkib yig‘ilgandi, lekin rag‘batlantirish o‘z vaqtida bo‘lmadi. Oylik maoshlardan katta qarzlar yuzaga keldi, nimaga bunaqa bo‘lgani menga qorong‘u. Meni bilgan va yaxshi tanigan insonlar bu holatimizni yaxshi bilishadi.

diyor2_2

- Eshitishimcha, klub futbolchilari qarzdorlik yuzasidan O‘zbekiston futbolchilar uyushmasiga arz qilishgan. Sizdan ham qarzdorligi bormi?

- Ha, futbolchi va klub vakillari oldida jamoani qarzdorligi bor. Noshukur emasmiz, oz miqdorda bo‘lsa ham qarzdorliklar bartaraf etilyapti. Futbolchilar arz qilishgani bor gap.

- Murabbiy sifatida ushbu jamoani boshqarish orqali o‘sishga erishdim, deya olasizmi?

- Albatta, o‘sishga erishdim. Har bir orta qolgan mavsum bu men uchun maktab. O‘tgan 3-4 yilgi 1-liga emas bu, Pro liga o‘sgan. Ortda qolgan mavsumda yo‘l qo‘ygan xatolarimni murabbiy sifatida o‘zim yaxshi bilaman, bu men uchun katta maktab bo‘ldi.

diyor_6

- Xizmatingizga qaysi klublardan qiziqish borligi haqida aniq ma’lumot ayta olasizmi? Keyingi rejalaringiz qanday?

- Rostini aytaman, takliflar bor. Lekin men o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan klubda ishlamoqchiman. Faqat jamoani shug‘ullantirish va yilni qanday o‘xshasa shunday tugatadigan klubda ishlash men uchun ortga qadam deb bilaman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!