
Diyor Imomxo‘jaev: "Yomg‘irdagi jang uzoq vaqt yodimizdan chiqmaydigan bo‘ldi..."
PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev o‘zining telegram kanalida Samarqandda o‘tgan O‘zbekiston Superkubogi, Samarqand safari hamda keyingi rejalari haqida fikr bildirdi:
"Samarqand safari ajoyib bo‘ldi. Biz viloyat rahbariyati e’tiborini katta futbolga qaratish uchun ham mavsumning ilk uchrashuvini Samarqand shahriga taqdim etdik.
Menimcha, muxlislar yaxshi futbol guvohiga aylanishdi. Yomg‘irdagi jang uzoq vaqt yodimizdan chiqmaydigan bo‘ldi. Maysa chakki emasdi, projektor yorug‘ligi etarli darajada. Biz yomg‘irsiz ob-havo bilan stadion to‘lishiga umid qilgandik. Ammo sharros yomg‘irga qaramay, 5 mingdan ziyod ishqiboz uchrashuvni bevosita stadiondan kuzatib bordi. Ularning barchasiga tashakkur.
Buyog‘i yanada qiziq bo‘ladi. Nasafda 4 kun ichida revansh olish imkoniyati bor. Coca-Cola Superliganing ilk turida boshqa qiziqarli bellashuvlar bizni kutib turibdi. Xullas, bir joyda to‘xtab turmayapmiz, iloji boricha yanada yaxshiroq bo‘lishi uchun harakatdamiz.
Eslaysiz, yillar avval kuboklarning asosiy o‘yinlari faqat va faqat poytaxtda o‘tkazilardi. Biz so‘nggi bor ayollar Superkubogini Zominda, O‘zbekiston Coca-Cola kubogi finalini Namanganda va mana endi erkaklar Superkubogini Samarqand shahrida o‘tkazdik. Bundan keyin ham bu an’ana davom etadi. 2021 yilgi kubok finali mezboni ham qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlanadi".
Eslatib o‘tamiz, Samarqanddagi uchrashuvda "Paxtakor" "Nasaf"ni 1:0 hisobida engib, o‘z tarixida ilk bor Superkubokni qo‘lga kiritgan edi. Ma’lumot uchun, ular 1-turda ham to‘qnash kelishadi.
Fikrlar