Diyora Keldiyorova: So‘nggi 7 yil umuman dam olmadik

  • 13 noyabr, 2024, 18:27
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Dzyudo
BEPUL PROPAN

Dzyudo bo‘yicha "Parij-2024" yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni Diyora Keldiyorovaning tarixiy g‘alabasi ko‘pchilik yoshlar, ayniqsa, yosh qizlar uchun juda katta motivatsiya bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Olamshumul chempionligi bilan minglab hamyurtlarimizda sog‘lom turmush tarziga qiziqish uyg‘ota olgan sportchimizga ayrim savollar bilan yuzlandik.

– Sizni yana qachon tatamida ko‘ramiz?

– Hozir jarohatlarimni davolayapmiz. Shuning uchun, aniq bilmayman. Kelgusi Olimpiadagacha yana 4 yil vaqtimiz bor. Shu sababdan ham hozir ozgina ta’tildamiz. O‘tgan Olimpiadada "Covid-19" pandemiyasi bo‘lgani uchun "Parij-2024" tsikli qisqaroq bo‘ldi. So‘nggi 7 yil umuman dam olmadik, desam ham bo‘ladi. Shu bois, ham hozir hordiq chiqaryapman va shu paytgacha bezovta qilgan barcha jarohatlarimni tuzatyapmiz.

– Yangi Olimpiada tsiklida vazn toifangizni o‘zgartirasizmi?

– Yo‘q, o‘zgartirmayman. Bunday rejam yo‘q.

– Ortingizdan dzyudoga kelayotgan yosh qizlar sezilarli darajada ko‘payib ketayotganini Siz ham sezayotgandirsiz. Buni hissiyotini ulasha olasizmi?

– Albatta, bundan juda xursandman. To‘g‘risi, dzyudoga kelayotgan qizlar bunchalik ko‘payishini kutmagan edim. O‘zbekistonda ayollar sportini rivojlanishi uchun ozgina bo‘lsa ham hissa qo‘shgan bo‘lsam, judayam xursandman. Buning ortidan opa-singillarimiz sog‘lom turmush tarzini tanlashyapti. Sog‘lom onadan sog‘lom farzand dunyoga keladi. Bu, albatta, professional sportda ham “meva”sini ko‘rsatadi. Bizda (ayollar dzyudosida) raqobat unchalik ham kuchaymagan edi. Sababi, avval dzyudochi qizlar soni kam edi. O‘ylaymanki, yaqin davrda raqobatni bugungidan ham kuchaytiramiz. Har bir vaznda etakchilikka da’vogarlarni 10 taga etkazib olsak, bu ayollar dzyudosida juda katta ko‘tarilish bo‘ladi.

Manba: Olympic uz 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!