
Doniyor Abdumannopov "Navbahor" bilan shartnoma tuzgach, nimalar haqida gapirdi?
Xabaringiz bor, kecha iqtidorli futbolchi Doniyor Abdumannopov "Navbahor" a’zosiga aylandi. Ushbu xabar tasdiqlanishidan oldin saytimiz orqali uning Namanganda ekanligi va "Navbahor"ga o‘tayotgani haqida xabar bergandik. Tez orada bu o‘z tasdig‘ini topdi. Futbolchi shartnoma imzolangach, klub matbuot xizmatiga dastlabki fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Navbahor”ga meni Samvel Vyacheslavovich Babayan taklif etdi. Samvel Vyacheslavovich oldin ham meni o‘zi faoliyat yuritgan jamoalar, jumladan, “Navbahor”ga ham taklif etgandi. Ammo mazkur mutaxassis bilan birga faoliyat yuritish uchun endigina yaxshi imkoniyat tug‘ildi va bundan samarali foydalanishga harakat qilib, namanganliklar tarkibiga qo‘shildim. Jamoada meni juda yaxshi kutib olishdi.
To‘g‘ri, “So‘g‘diyona” ham yaxshi jamoa. “Navbahor” tarkibiga qo‘shilishimga namanganliklarning joriy mavsumda o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yganligi, jamoa o‘z nomi va tarixi, shuningdek, ajoyib ishqibozlarga ega ekanligi, “Navbahor” muxlislarining dong‘i butun O‘zbekistonga taralganligi ham muhim rol o‘ynadi.
“Lochinlar” tarkibida chiroyli o‘yinlar namoyish etib, jamoaning zafarlari, Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga munosib hissamni qo‘shish niyatidaman. Xudo xohlasa, bu yil “Navbahor” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishadi, degan umiddaman, - dedi Doniyor.
Fikrlar