E’tiborga molik mavzu: hammasi terma jamoalar miqyosidagi derbilar haqida!

  • 29 aprel, 2020, 18:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Albatta, aksariyat ishqibozlar derbilar deganda faqat klub miqyosidagi o‘yinlarni tushunishadi. Biroq terma jamoalar miqyosida ham shu maqomga mos keladigan uchrashuvlar borki, negadir bu xususda kamdan-kam, faqat fursati kelgandagina esga olinadi. Oldindan aytish kerakki, bunday xalqaro maqomdagi derbi haqida gap ketsa, faqat bir mintaqada yonma-yon joylashganlik kuzatilmay, butunlay boshqa-boshqa qit’alarda joylashgan taqdirda ham ikki terma jamoaning bir-biriga faqat sport emas, balki siyosiy tomondan keskin munosabatda bo‘lishi tushuniladi.

Tecno

MILLIY DERBILAR

Buyuk Britaniya deganda, avvalo Angliya, Shotlandiya, Shimoliy Irlandiya va Uels davlatlari tushuniladi. Ushbu davlatlar FIFA va UEFAning rasmiy a’zolari sifatida qabul qilinganidan so‘ng mos ravishda jahon hamda Evropa chempionatlarida mustaqil ravishda ishtirok etish imkoniyatiga ega chiqqandilar. O‘z-o‘zidan xuddi klub miqyosilagi singari ularning terma jamoalar maqomidagi o‘zaro to‘qnashuvlari ham milliy derbilar maqomini olgan. Milliy derbilar o‘z navbatida quyidagi uch toifaga bo‘linadi:

1) shunchaki sport nuqtai nazaridan o‘zaro (bunday paytda terma jamoalarning kuchi bir-birinikiga tengligi tufayli asosiy urg‘u o‘yindagi g‘alabaga qaratiladi) qarama-qarshilik;

2) ikki davlat yonma-yon qo‘shni bo‘lgani va shuning evaziga milliy terma jamoalarining tez-tez uchrashib turishi;

3) faqat sport emas, balki ikki davlat o‘rtasida yuzaga kelgan siyosiy munosabatdagi (bunda terma jamoalarning butunlay boshqa-boshqa qit’alarda joy olganiga ham e’tibor qaratilmaydi) sovuq munosabat tufayli keskinlikning avj nuqtaga chiqib qolishi tushuniladi.

Shunday holatlar ham uchraydiki, milliy derbilarda yuqorida sanab o‘tilgan bir yo ikki emas, kamdan-kam hollarda uchala jihat ham kuzatiladi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng GFR terma jamoasiga nisbatan faqat sport emas, balki siyosiy nuqtai nazardan ham aksariyat mamlakatlar o‘ta jiddiy munosabatda bo‘lganlar. Ya’ni, urush tufayli katta yo‘qotishlarga uchragan qator davlatlarning milliy termalari uchun bundestimdan ustun kelish xuddi fashistlar Germaniyasini tor-mor keltirilganidek ahamiyat kasb etgan. Xullas, bu masalada hammasi tushunarli bo‘lsa, asosiy mavzuga o‘tish fursati etdi.

ANGLIYa - GERMANIYa

Keskinlikning asosiy sabablari: sport va siyosiy tomondan.

Terma jamoalar miqyosidagi eng keskin va printsipial raqobat sifatida aynan Angliya - Germaniya terma jamolari o‘rtasidagi qarama-qarshilik ko‘rsatiladi. Ikki terma jamoa o‘rtasida sport nuqtai nazaridan bo‘lgan  keskinlik  1966 yili Angliya mezbonligida o‘tgan mundilada boshlangan edi. Aytish mumkin bo‘lsa, ushbu davlatlar o‘rtasidagi  tarixiy qarama-qarshilik (birinchi va ikkinchi jahon urushlaridagi o‘zaro janglar, jumladan natsistlar Germaniyasi tomonidan bombardimonning amalga oshirilgani)  bunga hamma vaqt yanada o‘zgacha shiddat berib keladi. JCh-1966 finalida qanday voqealar yuz bergani haqida bilmagan yo eshitmagan muxlislar bo‘lmasa kerak. E’tiborlisi, «Uch sherlar»ning 4:2 hisobidagi g‘alabasi bilan nihoyasiga etgan o‘sha bellashuv chog‘ida «Uembli»dagi minglab mahalliy muxlislar mana shunday gaplarni baland ovozda aytgancha nemis futbolchilarini ruhiy muvozanatdan chiqarishga harakat qilishgan: «Axtung! Axtung! Fritslar, mag‘lubiyatni tan olingar-da, qo‘llaringizni ko‘taring!»

BRAZILIYa - ARGENTINA

Keskinlikning asosiy sabablari: sport va qit’a miqyosidagi gegemonlik masalasida.

Braziliya bilan Argentinada futbol sal bo‘lmasa din darajasiga ko‘tarilgan. O‘z navbatida «Selesao» bilan «Albiselesta» nafaqat qit’a, balki jahon miqyosida ham doimo eng kuchli terma jamoalar sifatida tilga olib kelinadi. Braziliyalik va argentinalik ishqibozlarning o‘zaro derbilar chog‘ida maydondagi futbolchilardan kam bo‘lmagan darajada bir-birlari bilan jiqqamusht bo‘lishlari haqida esa bejizga afsonalar yurmaydi. Brazillar Peleni jahon futboli qiroli sifatida tan olinganini aytib maqtansalar, argentinalik fanatlar Diego Maradonani undan ham zo‘r ekanligini ta’kidlaydilar. Xullas, bu ikki qo‘shni davlat vakillarining bir-birlarini ko‘rarga ko‘zi, otarga o‘qi yo‘q, degan gaplar bejiz emas. Bunga quyidagi birgina misol yordamida  ishonch hosil qilish mumkin. 1991 yili «Kopa Amerika» chog‘idagi o‘zaro to‘qnashuvda braziliyalik uch (o‘shalar Mazino, Marsio Santos va Kareka), argentinalik esa ikki (Kanidja bilan Enrike) futbolchini shifokorlar maydondan zambilda ko‘tarib olib chiqib ketiganlar!!!

SALЬVADOR - GONDURAS

Keskinlikning asosiy sabablari: sport va siyosiy tomondan.

JCh-1970 final bosqichi yo‘llanmasi uchun ikki qo‘shni mamlakat terma jamoalari o‘rtasidagi pley-off o‘yinlari yakunda Salvador hukumatining Gondurasga urush e’lon qilishi-yu, buning oqibatida ikki mingdan sal ziyodroq kishining qurbon bo‘lgani haqidagi ma’lumotlardan bexabar biror-bir kishi topilmasa kerak. Hammasiga Gonduras poytaxti Tegusigalpadagi o‘yinda maydon egalarining kichik hisobdagi yutug‘idan so‘ng salvadorlik bir muxlisa ayolning o‘zini otib o‘ldirgani sabab bo‘lgan edi. Albatta, Salvador terma jamoasi a’zolari San-Salvadordagi javob bahsida buning uchun qasos olganlar.

Ammo seriyada g‘olibni aniqlash uchun  betaraf maydon - Meksikada o‘tkazilgan hal qiluvchi duelda salvadorliklarning qo‘llari baland kelgach, ikki davlat o‘rtasida shundoq ham tarang bo‘lib turgan siyosiy holatga butkul putur etgan. Avvaliga Gonduras hukumati Salvador bilan diplomatik aloqani uzgan bo‘lsa, oradan bir necha kun o‘tganidan keyin Salvador armiyasi qo‘shni mamlakat chegarasini buzib, 8 km. uzoqlikda ichkarigacha bostirib kirgan!

MEKSIKA - AQSh

Keskinlikning asosiy sabablari: sport,  siyosiy va mintaqaviy ahamiyat tomonidan.

Tarixdan ma’lumki, 1846-1848 yillar davomida AQSh va Meksika davlatlari o‘rtasida urush bo‘lib o‘tgan. O‘sha urush  atsteklar avlodlarining mag‘lubiyati bilan nihoyasiga etgan. Buning natijasida ilgari Meksikaga tegishli bo‘lgan katta huddular amerikaliklar qo‘liga o‘tib, AQSh xaritasida Nyu-Meksika, Nevada, Yuta va Arizona shtatlari paydo bo‘lgan edi. 

O‘zingiz yaxshi bilsangiz kerak, KONKAKAF mintaqasida Meksika bilan AQSh terma jamoalari qolganlardan bir kalla baland turishadi. O‘z navbatida g‘oliblik masalasi ham aksar hollarda «Atsteklar» bilan «Yankilar» o‘rtasida hal etib kelinadi. Albatta, mintaqada tengsizlik borasida Meksika 11 ta muvaffaqiyati bilan bu borada AQShdan salkam ikki barobar (amerikaliklar hisobida 6 ta g‘alaba bor) o‘zib ketgan. Eng qizig‘i, AQSh terma jamoasi o‘ta muhim pallalarda eng pirntsipial raqibidan ustun kelgan!  Masalan, JCh-1934 yo‘llanmasi uchun betaraf maydon - Italiyada tashkil etilgan pley-off o‘yinida «Yankilar» eski tanishlarini 4:2 hisobida engishga erishganlar.

Ikkala davlat o‘rtasidagi tanglikni yana shundan ham bilib olish mumkinki, nafaqat futbolchilar, balki oddiy aholi vakillari ham bir-biri bilan uchrashib qolsa, doim yovqarash qiladi. Ma’lumotlarda keltirilishicha, o‘sha - 1934 yilgi JCh yo‘llanmasi uchun hal qiluvchi o‘yin Italiyada tashkil etilishi ma’lum bo‘lgach, ikkala terma a’zolari o‘sha yoqqa bitta kemada emas, balki boshqa-boshqa kemalarda etib borishni ma’qul topganlar!!! 2002 yili Yaponiya va Janubiy Koreya yashil maydonlarida o‘tkazilgan  jahon chempionatida «Sehrli diyor» vakillari kutilmaganda «Atsteklar»ni 2:0 hisobda tor-mor etgani ham Meksikada xuddi milliy motam kabi qabul qilingandi. Chunki o‘zaro o‘yinlar borasidagi statistikada ustunlik meksikaliklar tomonida va eng asosiysi, Meksikada o‘tkazilgan bellashuvlarda maydon egalari 23 bor g‘alaba qozonib, faqat 1 marta raqiblari bilan ochkolarni bo‘lishib olganlar xolos.

ANGLIYa - ARGENTINA

Keskinlikning asosiy sabablari: sport va siyosiy tomondan.

Angliya va Argentina terma jamoalari birinchi bor yirik turnirda 1966 yili uchrashganlar. O‘shanda mundial mezbonlari okeanortilik raqiblari ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozonganlar. Eng qizig‘i, inglizlar o‘sha g‘alaba to‘pini o‘yindan tashqari holatda kiritishgan. Qolaversa, bosh hakam hech bir asossiz «Albiselesta» sardori Rattinani maydondan haydab chiqargandi. Hammasidan ko‘ra «Uch sherlar» bosh murabbiyi Alf Ramseyning o‘yindan keyin argentinaliklarni mahluqlar deb haqorat qilgani xuddi olov ustiga sepilgan moydek bo‘lgan.

Tarixdan ma’lumki, Angliya va Argentina davlatlari o‘rtasida Folklend orollari uchun jang kechgan. Yakunda inglizlarning qo‘llari baland kelgani uchun argentinaliklar ularni birinchi raqamli dushman sifatida qabul qilishga kirishib ketgandilar. Shu boisdan ham ikki yurt terma jamoasi a’zolarining yashil maydonda uchrashishlari hamma vaqt o‘ta keskin va shiddatli ruhda kechib kelgan. Aytish mumkin bo‘lsa, alamzada argentinaliklar JCh-1986 chorak finalida afsonaviy Diego Maradonaning bir-biridan keskin farq qiladigan ikkita goli evaziga 1982 yil o‘sha orol uchun kechgan urushdagi mag‘lubiyat alamini olganlar. Argentina terma jamoasining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan nihoyasiga etgan o‘sha bahsda don Diego dastlab qo‘li yordamida gol urgan bo‘lsa, ikkinchisini juda ajoyib ko‘rinishda printsipial raqiblar darvozasiga joylab qo‘ygandi. E’tiborlisi, mohir hujumchi o‘shanda bir o‘zi deyarli inglizlarning teng yarmini aldab o‘tgancha, darvozani ishg‘ol etgan. Hozirgacha o‘sha gol XX asrdagi eng chiroylisi sifatida tan olib kelinadi.

Shuningdek, 1998 yili Frantsiya yashil maydonlarida bo‘lib o‘tgan JChda ikkala yurt vakillari ishtirokidagi o‘yin o‘ta dramatik tarzda nihoyasiga etgan. Bilasiz, asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarda kuchlar teng (2:2) kelgani bois g‘olibni aniqlash uchun penaltilar seriyasi o‘tkazilgan va unda janubiy amerikaliklar 4:3 hisobida ustun kelgandilar. Bellashuv davomida inglizlarning ishongan yulduzi Devid Bekxem Diego Simeonening ayyorona usuli tufayli maydondan chetlatilgani ham inglizlarga juda qimmatga tushgandi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!