Eldor Shomurodov: "Bugungi o‘yinlarimda Karpinning ta’siri katta"

  • 18 iyun, 2019, 08:24
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 6
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston terma jamoasi yaqinda Toshkentda KXDR va Suriyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazib ishonchli g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Masalan, Shimoliy Koreya darvozasiga javobsiz to‘rtta gol urilgan bo‘lsa, suriyaliklarga qarshi bellashuvda Eldor Shomurodovning dubli o‘yin taqdirini hal qildi. Shuni alohida aytish kerakki, u «Rostov»da faoliyatini boshlaganidan beri o‘yinida katta o‘zgarish va o‘sish kuzatilmoqda. Buni Osiyo Kubogida ham ko‘rdik.

Bugungi kunda terma jamoamizning yulduziga aylandi desak xato qilmagan bo‘lamiz. Ilgari hujum chizig‘imizning zaifligi yuzasidan ko‘p tanqidlar bo‘lardi. Endi bo‘lsa, aynan Eldorning o‘yinlari va sermahsulligi orqali oldingi chiziqdagi muammolar bartaraf etilayotgandek tuyulmoqda. Uning «Rostov»ga ko‘chib o‘tishi futbolimiz uchun faqat foydadan holi bo‘lmayapti. Uni o‘z klubida ham yaxshi ko‘rishadi. Ayniqsa, mahalliy muxlislarning yoqimtoyiga aylanganligi ham biz uchun quvonarli. Yaqinda esa Shomurodov jamoasi bilan shartnomasini rasman uzaytirdi. Ayni paytda esa futbolchi yozgi ta’tilga chiqqan va hozirda Surxondaryoda hordiq chiqarmoqda. Bundan unumli foydalangan holda Eldor bilan suhbatlashdik.

«Xorijdan qulay taklif bo‘lsa, «Rostov» meni qo‘yib yuboradi»

- Kuni kecha «Rostov» klubi bilan shartnomangizni uzaytirganingiz haqidagi xabar chiqdi. Lekin avvaliga uch yillik yangi bitim tuzganingiz yozildi, keyin esa shartnomani besh yilga uzaytirganingiz aytildi. Qaysi biri to‘g‘ri?

- Birinchi chiqqan xabar norasmiy edi. Chunki klub rasmiy sayti bunday xabar bermagan. Keyinchalik «Rostov» klubi tomonidan besh yilga shartnoma uzaytirildi, degan xabar berildi va shunisi to‘g‘ri. Men chindan ham klub bilan shartnomamni besh yilga uzaytirdim.

- Tabiiyki, o‘rtadagi bitimni uzaytirish tashabbusi klub tomonidan chiqdimi?

- Ha, albatta. «Rostov» bilan shundoq ham ikki yillik shartnomam bor edi. Endi esa uni uzaytirdik.

- Yangi tuzilgan besh yillik shartnoma albatta katta muddat. Bu taklifni qabul qilishda obdon o‘ylab ko‘rdingizmi?

shomurodov

- Shubhasiz, sizga bunday taklif bildirilganidan keyin u muhokama qilinadi-da. Axir besh yil ham kichkina muddat emas. Biz hammasini gaplashib, kelishgan holda shartnomani uzaytirdik.

- Eldor, sizni «Rostov» orqali Evropaning yanada kuchliroq chempionatlaridan biriga ketishingizni kutayotgandik. Lekin «Rostov» bilan uzaytirilgan besh yillik shartnoma nimani bildiradi?

- Bilasizmi, agar menga xorijdan yaxshiroq taklif bo‘lsa, ketishim u qadar muammo bo‘lmaydi. To‘g‘ri, yangi shartnoma tuzilayotganda chetdan yaxshi taklif bo‘lsa, meni qo‘yib yuborish haqida alohida band kiritilmagan. Lekin klubni yaxshi bilamanki, agar o‘z futbolchisiga qulay taklif kelib tushsa, uni sotish orqali pul ishlaydi. Ya’ni, «Rostov» yaxshiroq takliflarni doim o‘rganib chiqishga tayyor va o‘yinchilarni sotib daromad topishni istaydi. Aytmoqchimanki, chindan ham yaxshi variantlar paydo bo‘lsa, «Rostov» futbolchisini ko‘p ham ushlab o‘tirmaydi.

- Shuningdek, sizga chetdan takliflar borligi haqida ham eshitgandik. Bular haqiqatmi yoki mish-mishmi?

- Men bu haqida eshitmaganman. Chunki hech kim menga hech nima demagan. Balki klubga yoki agentlarimga taklif bilan chiqishgandir. Hammasini ular hal qilishadi. Lekin men bexabarman.

«Rostov»da o‘zimga bo‘lgan ishonch ortdi»

- Joriy mavsumda «Rostov»dagi o‘yinlaringizda ancha o‘sish sezildi. Har holda klubga kelgan ilk paytlaringizdagi faoliyatingiz bilan solishtirganda o‘zgarishlar bilinib turibdi. Ayting-chi, buning farqlarini nimalarda ko‘ryapsiz?

- Birinchi navbatda hammasi o‘zimga emas, balki chetdan qaraganlarga yaxshiroq ko‘rinadi. «Rostov» jamoasida ikkinchi mavsumimni o‘tkazdim. O‘tgan vaqt davomida esa bu klubga to‘liq o‘rganib ketganman. Lekin oldinda hali qiladigan ishlarim ko‘p. Men bundan ham yaxshiroq o‘yinlar ko‘rsatish uchun o‘sishim kerak. Albatta, «Rostov»ga kelgan ilk paytlarimda yangi muhitga moslashish jarayonini o‘tkazganman va bu holat men uchun oson kechmagan. Hozir esa o‘zimni juda erkin va qulay his qilaman.

- «Rostov» sizning xorijdagi ilk jamoangiz sanaladi. Legioner sifatida o‘zingizda eng katta o‘zgarish sifatida nimani aytgan bo‘lardingiz?  

Edor Shomurodov

- To‘g‘risi, o‘zimga-o‘zim bir narsa deb baho bera olmayman. Bunday o‘zgarishlar asta-sekin bilinadi. Bu erda o‘ynashni boshlaganimdan beri birinchi navbatda o‘zimga bo‘lgan ishonch ortgan.

- Yakuniga etgan Rossiya premer-ligasida «Rostov» 9-o‘rinni egalladi. Ortda qolgan mavsum haqida o‘zingizga yarasha tegishli xulosalar chiqargan bo‘lsangiz kerak. Shunday ekan, mavsum sizda qanday xotiralar bilan yodda qoldi?

- Nazarimda, o‘yin tomonlama o‘tgan yilgiga qaraganda yaxshiroq o‘tdi deb o‘ylayman. Ammo ko‘rsatkich va natijalar borasida esa unchalik ko‘nglim to‘lmadi. Chunki ko‘proq gollar urishni istagandim. Albatta, keyingi mavsum uchun o‘ylayotgan reja va maqsadlarim katta. Muhimi, kelasi yili yanada ko‘proq gollar urishga harakat qilaman. Baribir hujumchi bo‘lganim uchun mendan birinchi navbatda gol so‘raladi. Shuning uchun bu yilgi gollarim kamroq bo‘ldi.

- To‘rtta gol urdingiz…

- Chempionatda uchta gol, bittasi Kubokda.

- Lekin gollaringiz kamroq bo‘lsa-da, muhimi jamoangizga natija keltirdi. Quvonarlisi, siz o‘sha gollaringiz orqali muxlislar orasida o‘ziga yarasha ovoza ham bo‘ldingiz. Ya’ni, esda qolarli gollarni kiritdingiz.

- Albatta, o‘zim uchun ham yoqimli bo‘ldi. Gol urish baribir har qanday holatda ham kishiga katta zavq bag‘ishlaydi. Buning ustiga siz ham bilsangiz kerak, «Rostov»da muxlislar juda ashaddiy va ular jamoani o‘ta faol tarzda qo‘llab-quvvatlashadi. Bunday qaynoq muhitda va ularning qo‘llab-quvvatlashlarini his etgan holda gollar urish juda yoqimli tuyuladi.

«Terma jamoamiz muhim bahslarga tayyor»

- To‘g‘ri, mahalliy muxlislarning sizga bo‘lgan e’tibori ham kuchli va ularning yoqimtoy futbolchisi bo‘ldingiz desam ham mubolag‘a qilmaymiz…

- Muxlislarning daldasini sezib turaman va ko‘pchiligi menga ishonishadi. Menga bo‘lgan e’tiborlari kattaligidan terma jamoadagi o‘yinlarimni ham ko‘rib turishadi. Muxlislar bilan ko‘rishganimda ham doim mendan ko‘p narsa kutishayotganini aytishadi. Ularning bunday so‘zlari esa tabiiyki, menga qo‘shimcha kuch va mas’uliyat bag‘ishlaydi. Men ular uchun ham yanada ko‘proq o‘ynab harakat qilishim kerak.

- Ular bilan terma jamoadagi o‘yinlaringiz haqida gaplashganingizda qanday fikrlarni aytishadi?

- Albatta, klubdagilar bilan ham bu masalada gaplashib turamiz. Terma jamoadagi o‘yinlarimni ko‘rishgach, bu erda ham xuddi shunday o‘ynashing va mana shunday gollar urishing kerak, deyishadi va ko‘p hazillashib turishadi.

- Milliy terma jamoamiz sentyabr oyida boshlanadigan JCh-2022 saralash bahslari uchun o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etdi va tayyorgarlik yakuniga etdi. Ektor Kuper esa bu borada ko‘ngli to‘lganligini aytib o‘tdi. Ayting-chi, o‘tkazilgan uchta o‘rtoqlik uchrashuvi biz uchun bo‘lajak bahslarda qanchalik foyda bera oladi deb o‘ylaysiz?

- U o‘rtoqlik o‘yini bo‘ladimi yoki rasmiy uchrashuvmi, muhimi, har bitta o‘yin biz uchun katta tajriba vazifasini bajaradi. Masalan, Turkiyaga qarshi o‘ynadik. Keyin KXDR va Suriya bilan bellashdik. Aytmoqchimanki, o‘tkaziladigan har bir bellashuv bizga saralash bahslarida katta yordam beradi deb o‘ylayman. Biz ham bunday yig‘inlardan maksimal foydalanishga harakat qilamiz. O‘zi shundoq ham terma jamoada birga bo‘lish uchun kam vaqtimiz bo‘ladi. Ammo shundan ham biz imkoni qadar maksimal foydalanib qolishga intilamiz va bor e’tiborimiz saralash bahslariga qaratilgan.

- Aslida kuchli raqiblarga qarshi o‘ynashimiz juda yaxshi va bu biz uchun foydali. Ammo mana shunday o‘yinlardagi mag‘lubiyatlar muxlislarni qattiq ranjitmoqda va keskin tanqid qilishmoqda. Ammo o‘z saviyamizdagi yoki bizdan pastroq bo‘lgan jamoalarni yutsak tabiiyki, muxlislar bundan xursand bo‘lishadi. Bunday qarashlar qanchalik to‘g‘ri deb o‘ylaysiz?

- Qanaqa o‘yin bo‘lishidan qat’iy nazar agar mag‘lubiyat bo‘lsa hamma muxlis xafa bo‘ladi. Agar jamoasi g‘alaba qozonsa xursand bo‘lishadi. Buni normal holat deb o‘ylayman. Eng muhimi o‘zimizning qarashlarimiz va uslublarimiz bo‘lishi kerak.

- Fikringizcha, terma jamoamiz tayyormi?

- Albatta, tayyor.

Eldor Shomurodov3

 «Sergeev asta-sekin sport formasiga qaytyapti»

- Oxirgi matbuot anjumanida Ektor Kuper siz haqingizda fikr bildirib, Eldor Shomurodovning hozirgi sport formasidan maksimal darajada foydalanishimiz kerak dedi. Uning bu so‘zlari siz uchun qanday ahamiyatga ega?

- Albatta, murabbiydan bunday gaplarni eshitish yaxshi va yoqimli. Lekin men bunday gaplarga kamroq e’tibor berishga harakat qilaman. Har qanday vaziyatda ham men o‘z o‘yinimni ko‘rsatishga butun e’tiborimni qarataman.

- Bungacha O‘zbekistonda hujumchi muammosi haqida ko‘p gapirildi. Lekin oxirgi paytlarda siz o‘z o‘yiningiz va gollaringiz bilan bu muammoni bartaraf etayotgandeksiz. Bunga o‘zingiz nima degan bo‘lardingiz?

- Milliy terma jamoamizning hujum chizig‘idagi raqobat ham kuchli. Temurxo‘ja Abduholiqov bor. Igor Sergeev ham asta-sekin sport formasiga qaytyapti. Mana buyoqda esa olimpiya terma jamoasida ham yaxshi hujumchilar etishib chiqmoqda. Har bir o‘yinchi asosiy tarkibga kirish uchun harakat qiladi. To‘g‘risi, bizda yaxshi hujumchilar etarlicha deb o‘ylayman. Bizda faqat sog‘lom raqobat bor.

- Bizni bir jihat qiziqtiryapti. O‘yiningizning shakllanishida va sermahsulligingiz oshishida baribir mehnatingizdan tashqari murabbiylarning ham roli katta. Klubda Valeriy Karpin bilan, terma jamoada esa Ektor Kuper bilan ishlayapsiz. O‘yiningiz shakllanishida ko‘proq qaysi murabbiyning ta’siri katta bo‘lyapti?

- Aslida ham ikkala mutaxassisning mehnati etarlicha. Kimnidir yaqqol ajratib ko‘rsata olmayman-u, lekin ko‘pincha Valeriy Karpin bilan gaplashib turaman. O‘zi ham hujumchi bo‘lgani uchun men bilan individual tomondan ham alohida ishlaydi va maslahatlar berib turadi. Ektor Kuperda esa umumiy jamoa bilan ishlanadi. Tan olish kerak, baribir terma jamoada vaqt kamroq bo‘ladi. Murabbiy esa qisqa fursat ichida hamma narsaga ulgurishga harakat qiladi. Shu bois jamoaviy o‘yinga ko‘proq ahamiyat qaratadi. Shu bois termada futbolchi bilan individual ishlashga vaqt ham etmaydi.

- O‘FAda yana o‘zgarish bo‘ldi. Umid Ahmadjonov ernini Ravshan Ermatov egalladi. Bunga fikringiz qanday?

- Bu haqida fikr bildira olmayman. Rahbarlar nima qilishni o‘zlari bilishadi. Hamma o‘z ishini qiladi. Bizning ishimiz faqat maydonda.

- Rostovdan tashqari, o‘zbekistonlik muxlislar ham sizga ishonch ko‘zi bilan qarashmoqda. Ularga nima deya olasiz?

- Bizni qo‘llab-quvvtalashdan charchashmasin. Ularning oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi va xursand qilish uchun ham har bir uchrashuvda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Har doim muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi bizga kuch bag‘ishlaydi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Баходир Джурабоев
18/06/2019 20:18
Eldor uzbek futbol kelajagi
Said Said
18/06/2019 11:54
Koz tegmasin masha Alloh
&
Surxon turon
18/06/2019 11:14
Элдоржон гап сӯзларга етибор бермай газига бос растофда асосийда кӯришни хохлаймиз сени
Абдусамат Жураев
18/06/2019 08:41
Максим Шатскийдакка хужумчи булгин омадингни берсин
Абдусамат Жураев
18/06/2019 08:38
ЮЛДУЗЛИ КАСАЛИГА УЧМАГИН
Абдусамат Жураев
18/06/2019 08:39
Остон Уруновга ухшаб узини уйлайдиган уйинчи булди бу Элдор шундок кетгин
&
Ходжиакбаров Акмал
23/06/2019 01:14
Тугри фикр