
Eldor Shomurodov "Jenoa"da qolishi kerakmi? Mutaxassis qanday fikrda?
Italiya A seriyasida to‘p surayotgan yagona hamyurtimiz – Eldor Shomurodov bugun “Jenoa” safida o‘zining ilk dublini qayd etdi.
To‘g‘ri, “Atalanta”ga qarshi bellashuvda Ballardini jamoasi 3:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Birinchi bo‘limdan keyin hisob 0:3 edi va tanaffusdan keyin bosh murabbiy bir qator o‘yinchilar qatori Eldorni ham maydonga tushirdi. Oqibatda hamyurtimizning o‘yinga qo‘shilishi vaziyatni o‘zgartirdi.
Biz uchun eng muhimi u ikkita gol urdi. Garchi jamoasi mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa ham ikkinchi bo‘limdagi o‘yin hammaga yoqdi, deyish mumkin. Shomurodov esa zaxiradan maydonga tushib o‘yinni o‘zgartira oldi.
Aytish mumkinki, Eldorning gollari “Atalanta” ustozi Gasperinini bezovtalatib qo‘ydi. Hamyurtimiz esa Italiya chempionatida hammasi bo‘lib 7 ta gol urdi. Tabiiyki, Shomurodov to‘g‘risida futbol jamoatchiligi ham bong urmoqda. Tajribali mutaxassislardan biri Muxtor Qurbonov Italiya A seriyasidagi legionerimiz xususida o‘z munosabatini bildirdi.
“Jenoa” rahbarlari Shomurodovdan mamnun bo‘lishsa kerak”
- Birinchi navbatda, Shomurodovni Italiya futboliga moslashib borayotganini aytish mumkin. U o‘z o‘yini va gollari bilan nafaqat “Jenoa”ning yuqori o‘rinlarga ko‘tarish, balki O‘zbekiston sharafini ham munosib himoya qilgan holda yurtimizda iqtidorli futbolchilar ko‘pligini boshqalarga namoyish qilyapti, deb o‘ylayman. Oxirgi o‘yinlar shuni ko‘rsatyaptiki, u yanada yaxshi formaga kirib gollar uryapti. Bu hammamizni xursand qilyapti. O‘ylaymanki, klub rahbarlari ham Eldordan mamnun bo‘lsa kerak. Uning o‘yini haqida ham Italiya matbuotida tez-tez yozilyapti. Shu tariqa, u oldinga qarab yurishda davom etishi lozim. Futbolchimiz shu ruhda davom etar ekan, keyinchalik italiyaliklar yana boshqa o‘zbekistonlik o‘yinchilarimizga nazar tashlab, A seriyada o‘yinchilarimiz ortishi ham mumkin. Eldor orqali futbolchilarimiz Italiyaga yo‘l olsa, bu shubhasiz, quvonarli holga aylanadi va bunga umid qilib qolamiz. Ko‘ryapsizmi, agar Shomurodov u erda o‘zini qancha ko‘p ko‘rsatsa, bu O‘zbekiston fuboli uchun ham shunchalik foydali bo‘laveradi.
“Hech bo‘lmaganda yana yarim yil jamoasida qolsin!”
- Shaxsiy fikrim shundayki, Shomurodov “Jenoa”da yana bir muddat qolishi kerak. Kelasi mavsumda ham gollarini yana takrorlab, o‘yinini takomillashtirib, kuchliligini isbotlagan holda Italiya futboliga hozirgidan-da yaxshiroq moslashsa, bu uning uchun faqat foydalidir. Hammamiz bilamiz, Italiya jamoalari himoyada kuchli o‘yin ko‘rsatadi. Italiya terma jamoasi ham oldindan himoya chizig‘ining kuchliligi bilan ajralib turgan. Futbolchimiz himoyasi kuchli bo‘lgan chempionatda gollar ura olyapti. Shomurodov o‘z klubida qolib, o‘zini yanada yaxshiroq ko‘rsatib, keyin boshqa klubga ketsa maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Dabdurustdan uni 5-6 ta gol urdi deb, yulduz darajasiga olib chiqib qo‘ysak, qaerdadir xato bo‘lishi mumkin. Lekin biz bilamizki, Eldor juda yaxshi va odobli yigit. U qanday niyat qilgan bo‘lsa, o‘ylagan maqsadlariga erishib borishini tilayman. Yana qaytaraman, u hech bo‘lmaganda yana yarim yil “Jenoa”da qolishi kerak. Ko‘rib turibsiz, Italiya futboli, muhiti va klubiga endi moslashyapti. Qolaversa, Italiya tilini ham o‘rganyapti. Shularni hisobga olib, klubida yana yarim yil qolib, o‘z pozitsiyasini mustahkamlasa va keyin kuchliroq klubga o‘tsa, bu faqat foydalidir. Agar darhol klubini o‘zgartirsa, u boshqa jamoada o‘zini ko‘rsata olmay qolishi ham hech gap emas. Natijada uni yana kutish va moslashishiga ham vaqt kerak bo‘ladi. Shuning uchun “Jenoa”da kuchini isbotlab, o‘z so‘zini aytgancha keyin jamoasini o‘zgartirsa boshqa joyga kirishib ketishi ham oson bo‘ladi.
“Futbolchimiz o‘z o‘yini bilan O‘zbekistonni yanada tanitadi”
- U qaysi jamoaga mos? Futbol rivojlanib ketyapti, bir narsa deyish qiyin. Yaxshi o‘yinchi klubga borsa, “yo‘q” bo‘lib qolishi mumkin. Yoki o‘rtamiyona futbolchi jamoasini o‘zgartirsa, kuchayib ketishi ham mumkin. Har qanday holatda ham Shomurodovga omad tilaymiz. Doim o‘zining kuchli tomonlarini ko‘rsatishini istayman. Baribir men uchun birinchi navbatda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishi muhim. Eldor qaerda bo‘lishidan qat’i nazar, uni kim va qaerdanligi asosiy o‘rinda bo‘ladi. Futbolchimiz o‘z o‘yini bilan O‘zbekistonni yanada tanitadi va futbolimizga boshqalarning e’tibori ham buning ortidan kuchayib boradi. Yurtimizdagi boshqa iqtidorlar ertaga nafaqat Italiyaga, balki Germaniya yoki Angliya chempionatida to‘p sursa bu barchamiz ham faxrdir. Chunki bizda baribir iste’dodlar bor.
“Masharipov, Hamdamov kabilar uning davomchilari”
- Uning o‘rinbosarlari? Hozircha mening nazdimda kimnidir aytishim qiyin. Ammo Jaloliddin Masharipov, Doston Hamdamov va yana boshqa yoshlarimiz bor. Faqat ular bir joyda to‘xtab qolmasdan o‘sishda davom etishlari shart. Evropada o‘yinchilarimiz ortib borsa, yoshlar ularga qarab intiladi. Agar Evropada futbolchilarimizning to‘p surishi bardavom bo‘lsa, terma jamoamizning jahon chempionatiga chiqishi ham tezlashadi, deb o‘ylayman.
Fikrlar