Eng "keksa" legionerimizni bilasizmi?

  • 08.08.2020 22:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Tojikiston chempionatida faoliyat olib borayotgan futbolchilarimiz orasida darvozabon Ma’mur Ikromov ham bor. “Xo‘jand” jamoasi sharafini himoya qilayotgan Ikromov chetda to‘p surayotgan o‘zbekistonlik o‘yinchilar orasida eng yoshi kattasi hisoblanar ekan. 1982 yilda tug‘ilgan Ma’mur 38 yoshni “urib” qo‘ygan holda hali ham faoliyatini davom ettirayotgani va ayniqsa, legioner maqomida ekanligi qoyil qolsa arziydigan holat.

Eng “keksa” legionerimiz sports.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘ldi va jamoasining natijalari, yangi bosh murabbiy bilan munosabati, faoliyatini qachon yakunlashi haqidagi masalalar borasida o‘zining fikrlarini bildirdi.

“2-o‘rindamiz va minimum vazifani bajarib turibmiz”

-  Umumiy ma’noda aytsam, birinchi davradan qoniqish hosil qildik. To‘g‘ri, 100 foizga bo‘lmasa-da, 70-80 foizga yaxshi o‘tdi, desam bo‘ladi. Ayniqsa, jamoamizning natijalari chakki bo‘lmadi. Asosiy maqsadimiz chempionlik yo‘lida “Istiqlol”ga qarshilik ko‘rsatish edi. Turnir jadvalida 2-o‘rinda ekanligimizni hisobga olsak, minimum vazifani bajarib turibmiz. Faqat bitta yoqimsiz holat shunda bo‘ldiki, biz Kubok bahslaridan chiqib ketdik. Afsuski, 1/8 finalda yutqazib qo‘ydik. O‘sha o‘yinda maydonga tushmadim. Ammo jamoam uchun qattiq qayg‘urdim. Yana bir maqsadlarimizdan biri Kubokni qo‘lga kiritish edi. Endi chempionat doirasida ikkinchi davrani ham kamida 2-o‘rinda tugatishimiz kerak. “Istiqlol” Tojikistonning birinchi raqamli jamoasi, har tomonlama kuchli. Yaxshi o‘yinchilarni ham tanlab olgan. 

ikromov_5

“Fuzaylov bilan munosabatimiz yomon emas”

-  Hakim Fuzaylov O‘zbekistonda ishlagani uchun uni ko‘pchilik yaxshi biladi. Har doim yangi murabbiy kelsa, qandaydir o‘zgarishlar seziladi. Bizning jamoamizda ham mashg‘ulotlarimizda va taktikalarimizda o‘zgarishlar bilinyapti. Oldin 4-3-3 sxemasida o‘ynagan bo‘lsak, hozir 4-2-2 taktikasida harakat qilyapmiz. Murabbiy bilan munosabatimiz yomon emas. Fuzaylov jamoada barcha futbolchilarni olib qolishni xohladi. Qaytanga, tarkibni kuchaytirish uchun 3-4 nafar yangi o‘yinchilarni chaqirdi. U jamoada kuchli raqobat va ikkita teng kuchli tarkib bo‘lishini yoqtirar ekan. Bosh murabbiyning ishonchini oqlashga harakat qilamiz.

“Legioner o‘yinchini zaxirada qolishi juda noqulay”

-  Bilaman, legioner har doim mahalliy o‘yinchilardan ikki bosh ustun bo‘lishi kerak. Murabbiylarning futbolga o‘z qarashi bor. Qachon maydonga tushirsa, shunda o‘ynaymiz va hammasiga tayyor bo‘lib turibmiz. To‘g‘ri, o‘ynamaganda o‘yinchi xafa bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, legioner uchun zaxirada o‘tirish juda noqulay. Boz ustiga menga 38 yoshimda zaxirada o‘tirish ham to‘g‘ri kelmaydi. Men esa o‘ynashim kerak. Maydonga tushishimni kutib o‘tiribman. Balki qaerdadir xato qilgandirman. Lekin yana ishonch bildirsa, uni oqlashga harakat qilaman.

ikromov2_2

“Agar takliflar bo‘lmasa, shundagina faoliyatimni tugataman”

-  Kuchim bor ekan, yana futbolni o‘ynashni xohlayman. Ko‘ramiz, vaziyat qanday taqozo etarkin, hammasini vaqt ko‘rsatadi. Agar boshqa takliflar bo‘lsa, kuchim boricha yordam berishga tayyorman. Agar hech qanday takliflar bo‘lmasa, shundagina faoliyatimni yakunlash haqida o‘ylab ko‘rishim mumkin. Shuncha yil futbolning ichida yurganim uchun baribir yana o‘ynagim kelaveradi. Shuning uchun o‘ynab turgan o‘yinchining faoliyatini tugatishi yoqmas ekan.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!