
Ernandes, Fuzaylov va Nazarov. 3 ta mag‘lubiyat va siz bo‘shsiz yoxud Superliga murabbiylariga iste’fo xavf solyapti...mi?
Murabbiylarning taqdiri o‘zi shunaqa. Hech qachon ularning joyi kafolatlanmagan. Natija bo‘lsa-ku, xo‘p-xo‘p, ammo natija bo‘lmasa murabbiy o‘zini darvoza ortida ko‘radi. Futbolda yozilmagan qonun bor: yutsa jamoa yutadi, yutqazsa murabbiy yutqazadi.
Ha, unutmaslik kerakki, natija uchun bosh murabbiy javobgar, undan boshqasi emas. Murabbiylar uchun natija ko‘rsatishi shart bo‘lgani bilan ularni ko‘p ham kutib o‘tirishmaydi. Bunga Superligamizda yana bir bor amin bo‘ldik. Hammasi 3-turdan keyin boshlandi. Murabbiylar iste’fosi estafetasini “Metallurg” boshlab berdi. 2 mag‘lubiyat va 1 g‘alabadan so‘ng ispaniyalik Luisma Ernandes ishdan bo‘shadi. Bir qarashda qayd etilgan natijalar mutaxassisning iste’foga chiqarilishiga etarli sabab emasdek ko‘rinadi, albatta. Lekin bizga ma’lum bo‘lishicha, Ernandesning o‘zi ketishni istagan va bunga oilaviy sharoitini sabab qilib ko‘rsatgan. Bekobodliklar o‘rniga Chernogoriyadan Vesko Steshevichni olib kelishdi. Uning yangi jamoasidagi debyutini 5-turda ko‘ramiz. U “Metallurg”ning “Paxtakor”ga qarshi o‘yinini tribunadan kuzatib bordi va unda Bekobod jamoasi mag‘lubiyatga uchradi.
“Metallurg”dagi murabbiy o‘zgarishidan ko‘p o‘tmay birdaniga ikkita iste’fo kuzatildi. Qizig‘i, ikkisi ham 2 aprel kuni ro‘y berdi. “So‘g‘diyona” Yorqin Nazarov, “Buxoro”da esa Hakim Fuzaylov ishdan ketdi. Ayniqsa, Namanganda 3:0 hisobidagi yirik mag‘lubiyatdan keyin Nazarov “So‘g‘diyona” bosh murabbiyligidan ketishi kutilgandi. Nega deganda, ushbu bahsdan oldin uning uchun “Navbahor”ga qarshi bellashuv oxirgi imkoniyat ekanligi xususida eshitgandik. Mag‘lubiyat chindan Yorqin Nazarovning “So‘g‘diyona”dagi faoliyatiga yakun yasadi. Uning Jizzaxdagi murabbiylik ishi muvaffaqiyatsiz chiqdi. Bilsangiz, 2022 yilgi chempionat yakun topishiga ikki tur qolganida bosh murabbiylikka kirishgandi va ikkalasida ham yutqazgandi. Yangi mavsumda esa “So‘g‘diyona” uning boshchiligida 1 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etdi. Natijada 1 ochko bilan turnir jadvalida oxirgi o‘rinda. Uning o‘rniga nomzodlar bor. Shu kunlarda e’lon qilinadi.
“Buxoro” Fuzaylovning o‘rniga vanihoyat Ulug‘bek Baqoevni qaytardi. Asli buxorolik mutaxassis “So‘g‘diyona”dagi faoliyati orqali juda yaxshi taassurot qoldirdi. Qizig‘i, Baqoev Jizzaxdan ketgach, o‘rniga Nazarov kelgandi. Bu safar bo‘lsa Nazarov ishdan bo‘shadi, Baqoev yana ishga qaytdi va bu o‘zgarishlar bir kunda sodir bo‘ldi. Aslida “Buxoro” Fuzaylov boshchiligida mavsumni g‘alaba bilan boshlagandi. Safarda bir futbolchi kam bo‘lgan holatda “Turon”ni engib qaytgandi. Biroq shundan so‘ng negadir buxoroliklarning boshi mag‘lubiyatdan chiqmay qoldi va ketma-ket 3 ta uchrashuvda yutqazdi. 4-turda Toshkentda “Surxon”ga 2:0 hisobida imkoniyat boy berilgach, ortiq Hakim Qayumovichga ishonmasligini ko‘rsatdi. Natijada Baqoevni qaytardi. Bir necha yil avval Ulug‘bek Istamovich “Buxoro”ni boshqargan va endi yana bir bor o‘zini ko‘rsatishga urinib ko‘radi.
E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, rahbarlar tezroq natija ko‘rsatilishini xohlashyapti. Shu bois Fuzaylov ham, Nazarov ham uchta mag‘lubiyatdan so‘ng bo‘shatildilar. Qiziq, bosh murabbiylarga imkoniyat taqdim etilish vaqti kamayib ketdimi? Ya’ni, 3 ta mag‘lubiyatdan keyin har bir murabbiyga endi iste’fo xavf soladimi?
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar