
Eronlik murabbiyning O‘zbekiston terma jamoasini tanlaganini sababi nima edi?
Ma’lumki, O‘zbekiston karate terma jamosiga eronlik Shahab Soltani ustozlik qilmoqda. Albatta, ushbu horijlik murabbiy to‘g‘risidagi ma’lumotlar, mazkur yakkakurash turi bilan bog‘liq faoliyati, qolaversa, hozirgi kundagi terma jamoamizning yutuq va kamchiliklari borasidagi taassurotlari muxlislarda qiziqish uyg‘otishi tabiiy...
Biz ushbu omilni inobatga olgan holda, fors mutaxassisi bilan suhbat uyushtirdik. Quyida, mazkur intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.
- Karate olamiga kirib kelishingiz tarixi, birinchi murabbiyingiz va ilk yutuqlaringiz haqida gapirib bersangiz?
- Men karate bilan shug‘ullanishni 1978 yilda Eronning Zenjon shahrida boshlaganman. Birinchi murabbiyim Xamid Katiri bo‘lgan. Keyinchalik Nodir Ebodidan ushbu sport turining sir-asrorlarini o‘rganganman.
20 yildan so‘ng, ya’ni 1998 yilda mening shogirdlarim Eron yoshlar va o‘smirlar terma jamoasiga safiga qo‘shildi. 6 nafar shogirdlarim mahalliy va xalqaro turnirlarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallashdi.
1995 yilda Eron karate federatsiyasi bosh murabbiy yordamchisi lavozimiga taklif qildi. 2015 yilda Eron yoshlar va o‘smirlar milliy terma jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlandim. 2018 yil esa, kattalar milliy terma jamoasining bosh ustozi sifatida ish boshladim. Bugungi kunda Eron o‘smir va yoshlar terma jamolarida 17 nafar, kattalar milliy terma jamoasida 25 nafarga yaqin shogirdlarim mavjud. Eng esda qolarli yutuqlarimdan biri, jahon karate olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, xalqaro toifadagi sport ustalari Hasan va Husan Ruvoniy, Mazeor Iloniy va Hasan G‘afforiylarni etishtirib berganimdir.
-Murabbiylik faoliyatingizni boshlashingiz sababi nimada edi?
- Bilasizmi, 30 yil avval men istiqomat qilgan Zenjon shahrida karate yaxshi rivojlanmagan edi. Maqsadim shahrimizdagi yoshlarni ushbu sport turi bilan shug‘ullantirib, yoshlar va o‘smirlar hamda kattalar milliy terma jamoasining a’zolariga aylantirish edi. Shu niyat bilan shaxsiy sport klubimni ochishga muvaffaq bo‘ldim. Lekin mazkur ish men uchun juda ham qiyin edi. Ushbu qiyinchiliklarga qaramasdan murabbiylik faoliyatimni davom ettirdim. Buning natijasida, yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, katta iqtidor egalarini kashf qildik. Garchi, murabbiylik dunyodagi eng murakkab kasblardan biri hisoblansa-da, bu men uchun sharafli ishdir.
- O‘zbekiston terma jamoasida murabbiy sifatida ish boshlashingiz qanday amalga oshdi?
- O‘zbekistonga kelgunimga qadar, boshqa davlatlarga ham taklif qilishgan. Lekin, Eron karate federatsiyasi rahbariyati horijga ketishimni xohlamas edi. Har doim ularga juda ham kerakligimni ta’kidlashardi. Shunga qaramasdan, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lishimga to‘sqinlik qilishmadi. Shaxsan men uchun bu yaxshi imkoniyat edi. Chunki, o‘zbek karate ustalari Osiyo va jahonda etakchilardan sanalishadi. Ularning Olimpiya o‘yinlari litsenziyasini qo‘lga kiritishga imkoniyatlari etarli ekanligi hamda sportchilarning katta mahoratga egaligi ushbu terma jamoani tanlashimga turtki bo‘ldi.
- O‘zbekiston terma jamoasi bilan ish boshlaganingizda qanday muammo yoki kamchiliklarga duch keldingiz?
- Xabaringiz bor, 2019 yilning oktyabr oyidan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritib kelmoqdaman.
Bilasizmi, ish boshlashimdan avval terma jamoa bilan bog‘liq jiddiy muammo kelib chiqadi, deb o‘ylamaganman va shunday ham bo‘lib chiqdi. Chunki o‘zbek xalqi turkiy zabon bo‘lganligi uchun bir-birimizni tushunish oson kechdi. Darrov sportchilar bilan til topishib ketdim. Umid qilamanki, jamoa bilan hamjihatlikda Olimpiada o‘yinlariga bir nechta yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lamiz.
- Butunjaxon Karate Federatsiyasining 2020 yilgi kalendar rejasiga asosan, premer-liga musobaqalarining 3 ta bosqichi o‘tkazildi, lekin bizning vakillarimiz birorta ham sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kirita olishmadi. Sababi nimada deb o‘ylasiz?
- Madridda natija yaxshi bo‘lgan edi. -50 kg vaznda oltin va -55 kg vaznda bitta bronza medalni qo‘lga kiritganmiz. To‘g‘ri aytdingiz, Parij, Dubay va Zaltsburgda bitta ham medal ola bilmadik. 2018 yildan boshlab Olimpiada o‘yinlari yo‘lidagi turnirlarda ijobiy natijalar qayd etish qiyinlashib bormoqda. Har bir mamlkakt vakillari litsenziya uchun jiddiy kurash olib borishyapti.
Hozirda musobaqalar soni kamayib, o‘zaro raqobat kuchayib ketdi. Natijalarimizdan kelib chiqib, g‘alabaga to‘sqinlik qiladigan yana ikkita xato bor deb ayta olaman.
Birinchisi, kichik elementar holat ammo, shu birgina xato bilan yuqori pog‘onaga ko‘tarila olmaysiz, ya’ni bu “hayajondan muzlab qolish”.
Ikkinchisi, bu jang davomidagi strategiya bilan bog‘liq. Musobaqadan tashqarida, ya’ni o‘quv-mashg‘ulotlar vaqtida sportchilarning mashg‘ulot jarayonlari juda ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, barcha yuklamani ko‘tara olishadi. Lekin, bevosita musobaqa paytida (tatamiga chiqqanda) ba’zilar mashg‘ulotlarda bo‘lganidek, erkin va sifatli jang qila olishmayapti. Men buni to‘g‘rilashga harakat qilyapman. Chunki bu meni ham muammoimdir.
- Terma jamoamiz vakillarining Tokioda o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish imkoniyati qay darajada? Bu bo‘yicha yana qanday rejalaringiz bor?
- Bizda 6 ta kategoriya bor va shundan 4 tasida yutish imkoniyatimiz mavjud.
Xabaringiz bor, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan «Tokio-2020» Olimpiadasini qoldirilishi va uni 2021 yilning yozida o‘tkazish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilindi. Mazkur voqeylik tufayli, terma jamoamiz a’zolari uchun tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari rasman 25 martdan vaqtincha to‘xtatildi. Endilikda litsenzion musobaqalarning sanalari aniq bo‘lgunga qadar, terma jamoa a’zolari o‘z uylarida biz tomonimizdan ishlab chiqilgan kunlik tayyorgarlik dasturi bo‘yicha individual tarzda mashg‘ulotlar olib borishadi. Qolaversa, onlayn tarzda masofaviy ishlash ham ko‘zda tutilgan.
- Tatamiga chiqqanda yoki umuman hayotda shunday holatlar bo‘ladiki, insonda muammolar tug‘ilsa, o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Shunday holatda qanday yo‘l tutish kerak?
- Bu juda ham qiyin savol bo‘ldi. Bizda mashq qilishni 3 ta usuli bor: birinchisi - texnika, taktika va strategiya; ikkinchisi - fitness mashqlar va uchinchisi - harakat va energetik mashqlar. Shu barcha sanab o‘tilganlar ularga yordam beradi. Shuningdek, har doim sportchilarga mashg‘ulotlar davomida, turnirlardan oldin ham ularga ishonishimizni takror va takror aytib o‘tamiz. Bundan tashqari, eng asosiysi - sportchini rag‘batlantira olish kerak, chunki bu unga katta kuch beradi.
- Karate insonga kuch va epchillikdan tashqari yana qanday sifatlarni beradi?
- Karate insonga jismoniy sog‘lig‘i bilan birga axloqiy holatini ham yaxshilaydi. Shuningdek, tezlik, harakatchanlik va turli “zarbalar”ga tez javob kaytara bilishni ham o‘rgatadi. Yana bir ijobiy jihati ushbu sport turi bilan shug‘ullanadigan odamlarning oyoq va qo‘llari juda ham baquvvat bo‘ladi.
- Sizningcha, karatening qay jihatini jismoniy tarbiya tizimida foydalanish uchun qo‘llasa bo‘ladi?
- Bu juda ham yaxshi bo‘lar edi. Misol uchun, Eronda maktablar tizimiga karatening birlamchi mashqlari kiritilgan. Tajribali murrabiylar tegishli rejalar asosida maktablarga borib, mashg‘ulotlar o‘tkazishadi, o‘quvchilarni test sinovlaridan o‘tkazishadi. Agar, shu usul O‘zbekistonda ham qo‘llansa, o‘quvchilar kelajakda etuk sportchi bo‘lishlari mumkin. Misol uchun, 50 ta o‘quvchi karate bilan shug‘ullansa, 1 yildan so‘ng shulardan 20 tasi professional klubga a’zo bo‘lishi mumkin.
- O‘zbekistonda karate sport turini rivojlanish istiqbollari haqidagi fikringiz qanday?
- Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan asosiy 6 nafardan tashqari, yana 30dan ortiq sportchi bor. Ular terma jamoa a’zolari bilan birga mashg‘ulotlarda ishtirok etishadi. Men va boshqa murrabbiylar ularni yaxshi natijaga erishishlari uchun tinimsiz mehnat qilyapmiz. Toshkent shahri va viloyatlarda murabbiylar va sportchilar bilan o‘tkazilayotgan seminarlarda ham qatnashib turaman. Amaldagi dasturlar albatta ushbu sport turini yanada ommalashtirish va rivojlantirishga xizmat qiladi. Umuman olganda, taktikadagi ba’zi muammolarni hisobga olmasa, O‘zbekiston karatesi yaxshi pog‘onada.
- Rivojlangan sport olamida karatening kelajagi haqida qanday fikrlaringiz bor?
- Jahon karate federatsiyasi (WKF) katta va kuchli homiylarga muhtoj. Bu omil juda ham muhim. Agar kelgusida karate Olimpiadada qolsa, yaxshi homiyga tabiiyki muhtoj bo‘ladi. Boshqa yo‘l yo‘k, nazarimda...
- Sport bilan shug‘ullanishni boshlayotganlarga sizning maslahatingiz...
- Barcha uchun sport bu juda katta ahamiyatga ega bir kuch (vosita) bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. 4 ta narsa bu hayotda har doim inson uchun zarur bo‘lishi kerak: birinchidan, insonning albatta axloqiy holati yuqori bo‘lishi, ikkinchidan, oila totuvligi, uchinchidan, yuqori bilimga ega bo‘lish, ilm o‘rganish va to‘rtinchidan, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanish.
Manba: O‘KMF matbuot xizmati
Fikrlar