
Eshitdingizmi, "Metallurg"ning yangi bosh murabbiyi ham xorijdan bo‘larkan. Klub bosh direktori suhbatda yana nimalarni ochiqladi?
Xabaringiz bor, “Metallurg”ning ispaniyalik bosh murabbiyi Luisma Ernandes klubni tark etdi. Superliganing ortda qolgan 3 ta turida bekobodliklar ikki mag‘lubiyat va bir g‘alaba qayd etishdi. Biroq Ernandesning iste’foga chiqishi bu uning xohishiga ko‘ra yuz bergani ma’lum bo‘ldi.
“Metallurg”ning yangi bosh murabbiyi kim bo‘ladi? Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev klub bosh direktori Shavkat Saidov bilan bog‘landi.
- Superligadagi dastlabki iste’fo “Metallurg” klubi bilan bog‘liq bo‘ldi. Ispaniyalik Luisma Ernandesning jamoadan ketishi qanday yuz bergani xususida o‘zingizdan eshitsak...
- Iste’fo qanday bo‘ldi? Bosh murabbiyning murojaatini tingladik. Asosiysi, oilaviy sabablari bilan bog‘liq. Klub rahbariyatiga taklif berdi. O‘tgan yili ispaniyalik jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy ham xuddi shunday masala tufayli ketgandi. Ernandes ham oilaviy sabablarga ko‘ra rahbariyatga murojaat bilan chiqdi. Rahbariyat bilan birgalikda o‘ylab ko‘rdik, o‘zi bilan gaplashdik va bir qarorga keldik. Natijada Luisma bilan do‘stona munosabatda xayrlashdik.
- Demak, klubdan ketish tashabbusi o‘zidan chiqibdi-da!
- Ha, o‘zidan chiqdi. Holbuki, chempionatimiz boshlanmasidan avval fojeali holat yo‘q edi. To‘g‘ri, dastlabki ikkita uchrashuvda yutqazgan bo‘lsak-da, raqiblar jiddiy edi. Haqiqatan o‘yin tomonlama ham yutqazdik. Ammo “Qizilqum”ga qarshi qiyin uchrashuvda g‘alaba qozonib, asta-sekin futbolchilar ruhan ko‘tarilayotgandilar. Bosh murabbiy bilan hech qanaqa muammo yo‘q edi. Hammasi ispaniyalik mutaxassisning o‘zidan chiqqanini inobatga olgan holda rahbariyat bilan uning ketish haqidagi qarorini qondirdik.
- Murabbiyning bunday qarorga kelishi siz uchun kutilmagan yangilik bo‘ldimi yoki shunday gap-so‘z oldindan paydo bo‘lganmidi?
- Gap-so‘z umuman yo‘q edi. Dastlabki ikkita turdan keyin klub prezidenti, vitse-prezident, o‘zimiz jamoa ichida yig‘ilish o‘tkazib, muammolarni ko‘rib chiqdik, har bir murabbiyni tingladik. O‘zimizga kerakli xulosalarni chiqarib “Qizilqum”ga tayyorgarlik ko‘rdik. Ushbu bellashuvdan keyin ham “Paxtakor”ga reja bo‘yicha tayyorgarlik ketayotgandi. Boya ta’kidlaganimdek, murabbiy ketish haqida rahbariyatga murojaat qildi.
- Luisma Ernandesning o‘rnini kim egallaydi, degan haqli savol paydo bo‘ladi. Bu borada qanday yo‘l tutyapsizlar?
- Bu borada 2-3 kun ichida aniqlik kiritiladi. Hammasi hal bo‘lgach, matbuot xizmatimiz orqali xabar beriladi.
- Yangi bosh murabbiy masalasida muzokaralar ketyaptimi?
- Bu biz uchun kutilmagan holat bo‘lganligi sababli bugun-erta o‘rganib chiqiladi. Fikrimcha, uzog‘i bilan “So‘g‘diyona”ga qarshi, balki “Paxtakor” bilan bellashuvga qadar yangilik bo‘lib qolishi mumkin.
- Uzun-quloq gaplarga qaraganda, “Metallurg”ni Hamidjon Aktamov yoki Ilhom Mo‘minjonov boshqarishi mumkin emish. Bularning zamirida xaqiqat bormi?
- Mahalliy murabbiylardan tashqari men ko‘proq xorijdan bosh murabbiy kelsak kerak, degan fikrdaman. Chunki akademiyamizda ham mutaxassislar ishlashadi. Yaqin orada oydinlik kiritilsa ham ajab emas. Menimcha, chet ellik murabbiy keladi.
- Demak, bosh murabbiy vazifasiga yana xorijlik mutaxassis kelar ekan-da...
- Shunga yaqinroq.
- Sir bo‘lmasa, qaysi mamlakatdan?
- Ertaga rahbarlar bilan uchrashaman. Ko‘proq o‘shanda oydinlik kiritiladi. Balki uzog‘i bilan “Paxtakor”ga qarshi o‘yin oldidan yana aloqaga chiqsangiz to‘g‘riroq ma’lumot beraman.
- Klub selektsiya ishlarini to‘g‘ri yo‘nalishda olib bordi, deb o‘ylaysizmi yoki ko‘nglingiz to‘lmagan jihatlari ham bormi?
- Har bir klub mashhur maqol – ko‘rpasiga qarab oyoq uzatadi. Biz ham byudjetimizga qarab selektsiya ishlarini amalga oshirdik. Noyabr oyida short-listni bosh murabbiyga taqdim etgandik. Selektsiyani A va B reja bo‘yicha amalga oshirdik. A rejadagi futbolchilarning moliyaviy talablarini qanoatlantira olmaganimiz uchun ko‘proq B rejadagi o‘yinchilarni oldik. Har bir yangi o‘yinchi bo‘yicha Luisma Ernandes ularni ko‘rib, o‘rganib chiqardi va shunga qarab menga shu futbolchini gaplashib beringlar deb aytardi. 80-90 foiz o‘zimizning byudjetimizdan kelib chiqqan holda ish tutdik va albatta murabbiy bilan birgalikda selektsiyani amalga oshirdik. Lekin bu fojea emas. Top-klublarda ham selektsiya bo‘yicha 1 foizga bo‘lsa ham xato bo‘ladi. Hozircha qilingan selektsiya bo‘yicha xulosa chiqarishga erta. Chunki chempionat yaqinda boshlandi. Bu savolingizga yana 3-4 ta turdan so‘ng oydinlik kiritib, keyin xulosa chiqarsak bo‘ladi.
- Oldinda “Metallurg”ni “Paxtakor”ga qarshi murakkab uchrashuv kutyapti. Ushbu bahs oldidan “Metallurg”dan bosh murabbiyning ketgani jamoaning tayyorgarligiga, futbolchilarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, degan xavotirda emasmisiz?
- Bunaqa xavotirga o‘rin yo‘q. Yigitlar bilan ham, murabbiylar shtabi bilan ham gaplashdik. Ko‘rgan bo‘lsangiz, Ernandes bilan xayrlashishimiz do‘stona bo‘ldi. Bazamizdagi zalda yig‘ilish o‘tkazdik. Luisma hammaga minnatdorchilik bildirdi. Tayyorgarligimiz reja bo‘yicha ketyapti. Bunday holatlar futbolning ajralmas qismi. Murabbiylar keladi-ketadi. Futbolchilarning shartnomalari bor, ishga professional tarzda yondashish kerak. Jamoamiz a’zolarida ruhiy tomondan hech qanaqa salbiy ta’sirini ko‘rmayapman. “Paxtakor” kuchli jamoa, buni hamma biladi. Maksimal darajada tayyorgarlik ko‘rishni va ishga professional yondashishni talab qilamiz.
- Ushbu o‘yinga jamoani endi kim tayyorlayapti va bosh murabbiydan tashqari uning shtabidan yana kimdir ketdimi?
- Faqatgina bosh murabbiy tark etdi. Qolganlar ish joyida. Agar “Paxtakor”gacha yangi murabbiy hal bo‘lmasa Ilyos Qurbonov boshchiligida tayyorgarlik olib boriladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar