
"Evro-2024": O‘zining so‘nggi turnirini o‘tkazayotgan yulduzlar
14 iyundan to‘rt yillikning eng muhim sport turnirlaridan biri "Evro-2024" start oldi. Mazkur musobaqa bir qancha yulduz futbolchilar uchun oxirgisi bo‘lishi mumkin. Bu bir tarafdan ko‘ngilni xira qilsa, boshqa tarafdan turnirning muhimlik darajasini oshirib yuboradi. Sababi, har bir futbolchi o‘zining so‘nggi musobaqasida sovrinni yutishni xohlaydi.
Biz esa e’tiboringizga ushbu turnir faoliyatidagi so‘nggisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan mashhur futbolchilarni havola etamiz.
Toni Kroos
Ushbu ro‘yxatni Germaniya terma jamoasiga aynan mazkur turnir uchun qaytarilgan Toni Kroos bilan boshlaymiz. Toni "Real" Madrid bilan Chempionlar ligasida zafar quchdi va terma jamoasi bilan ham navbatdagi titulga harakat qilib ko‘radi.
Ammo ushbu musobaqa Kroos uchun so‘nggi turnir bo‘ladi, sababi u avvalroq, musobaqadan keyin faoliyatini yakunlashini e’lon qilgandi. Qanday natija qayd etilmasin, Germaniya futboli tarxidagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri bo‘lib qoladi.
Robert Levandovski
Polsha terma jamoasining "tumori" ayni damda 35 yoshda va ushbu turnir mantiqan olib qaralgan Levandovski uchun so‘nggisi. Shunday ekan, u ham o‘z vatani sharafini munosib himoya qilishga kirishadi.
Klublardagi faoliyatida erishmagan sovrini deyarli qolmagan Robert terma jamoadagi faoliyatiga bir dona bo‘lsa ham titul qo‘shib qo‘ymoqchi. Albatta, bu ish oson kechmaydi, ammo Polshaning ayni paytdagi tarkibi ancha-muncha raqiblardan kuchliroq.
Manuel Noyer
Noyer shubhasiz, o‘z davrining eng yaxshi darvozabonlaridan biri. Sovrin qo‘lga qiritish borasida uncha-muncha posbonlarga o‘rnak bo‘la oladigan futbolchi.
Ammo Noyerning bu mavsumdagi natijalariga havas qilib bo‘lmaydi. "Bavariya" bilan Bundesligada 3-o‘rin va Chempionlar ligasida yarim finalda mag‘lubiyatga uchradi.
Navbatdagi Evro musobaqasi 2028 yilda o‘tkaziladi va unda Manuel 42 yoshda bo‘ladi. Shu faktga asoslanib aytadigan bo‘lsak, "Evro-2024" turniri u uchun faoliyatidagi so‘nggisi.
Luka Modrich
Barcha davrlarning eng buyuk yarim himoyachilaridan biri maqomiga allaqachon munosib bo‘lishga ulgurgan Modrich futbolni oyoqlari bilan emas, balki miyasi bilan o‘ynaydi.
U hali-hamon o‘zining odatiy darajasini yo‘qotganicha yo‘q. Ammo vaqt unga asta-sekin bo‘lsa ham ta’siriini ko‘rsatmoqda. Luka ayni vaqtda 38 yoshda va mazkur musobaqa u uchun so‘nggisi bo‘ladi.
Modrich terma jamoasi bilan qanday natija qayd etishiga qaramasdan, dunyoning eng yaxshi yarim himoyachilaridan biri bo‘lib qolaveradi.
Krishtianu Ronaldu
Ronaldu hozirda 39 yoshda va Saudiya chempionatida faoliyat olib bormoqda. U shu yoshida ham o‘z tenggi futbolchilardan ko‘ra ancha barqaror o‘yin ko‘rsatyapti.
Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Ronaldu uchun "Evro-2024" musobaqasi faoliyatidagi so‘nggisi bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, Portugaliya terma jamoasi favoritlar qatorida tilga olinmoqda. Albatta, tarkib ham bu maqomga yarasha ekanligini isbotlaydi.
Krishtianu terma jamoadagi ikkinchi sovrini uchun jiddiy kurashga kirishadi.
Yuqorida sanab o‘tilganlaridan tashqari yana bir qancha dunyo futbolida o‘z obro‘-e’tiboriga ega bo‘lgan o‘yinchilar bor. Misol uchun: Olive Jiru, Ngolo Kante, Pepe, Tomas Myuller kabilar...
Tayyorladi: Akmal Eshboev
Fikrlar