Evropa chempionati futbolchilar joniga jabr(mi)?!
«Ko‘hna qit’a»da futbolchilarning jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish davom etadi. Endi ularni «Evro-2020» «sindirib» qo‘yishi mumkin. Keling, hammasi haqida bir boshidan fikr yuritamiz.
So‘nggi ikki mavsum futbolchilarni charchatdi. Avvaliga pandemiya sababli mavsum cho‘zilib ketgan bo‘lsa, keyin deyarli dam olishsiz yangisiga start berildi. Oqibatda, yakunlangan mavsum juda zich taqvim yuzaga keldi va bundan futbolchilar ozor chekdi. Ular bir haftada 270 daqiqa maydonda to‘p surishga majbur bo‘ldi. Ayrimlar uchun bu hali hammasi emas. Bo‘lajak Evropa chempionlarini bir oy ichidagi 7 o‘yin kutib turibdi.
Futbolchilarning huquqini himoya qiluvchi FIFPro nashri noyabr oyida rasmiy bayonot bilan chiqdi:
«Kalendarning bu qadar o‘yinlar bilan to‘lib ketgani futbolchilarning sog‘lig‘iga zarar keltirmoqda. Endi esa, bu omil yaqinlashib kelayotgan Evropa chempionati saviyasiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Achinarlisi shundaki, kuchli charchoq va stress charm to‘p ustalarini boshi berk ko‘chaga olib keldi».
Darhaqiqat, jarohatlar sababli ko‘plab futbolchilar Evropa chempionatida ishtirok eta olmadi. Zlatan Ibrahimovich va Virjil Van Deyk shular jumlasidan. Marko Roys esa, tanasi hordiq chiqarishi uchun musobaqada ishtirok etishdan voz kechdi.
O‘yinlar soni

Evropa klublari orasida Manchester shahrining ikki klubi barchadan ko‘proq o‘yin o‘tkazdi. Ular hisobida 61 match mavjud. Quyidagi ro‘yxatda yakunlangan mavsumda eng ko‘p uchrashuv o‘tkazgan jamoalar aks etgan. Shuningdek, jamoa a’zolaridan necha futbolchi qit’a birinchiligida ishtirok etishi ham ko‘rsatilgan.
61 – «Manchester Siti» (15 ), «Manchester Yunayted» (11);
59 – «Chelsi» (15);
58 – «Arsenal» (4), «Granada» (1), «Tottenxem» (8), «Vilyarreal» (2);
57 – PSJ (6);
56 – «Reynjers» (5);
54 – «Barselona» (8), «Sevilya» (3);
53 – «Milan» (4), «Lester» (7), «Liverpul» (8), «Makkabi» T-A (0), «Roma» (3);
52 – «Dinamo» Zagreb (8), «Yuventus» (12), «Real» (6).
Ular orasida Brunu Fernandeshni alohida e’tirof etish darkor. «Manchester Yunayted» yarim himoyachisi o‘z jamoasining 58 o‘yinida ishtirok etdi. Terma jamoa safida 8 bahsda qatnashdi. Oldinda uni JChdan keyingi o‘rinda turuvchi ulkan musobaqa kutib turibdi. Futbolchidan zich taqvim haqida so‘rashganida, barchasi joyida ekanligini aytdi. Shunga qaramay, jismoniy toliqish o‘z so‘zini aytishi turgan gap.
Terma jamoalarning yoshi
Brunu 26 yoshda. Shu bois, charchoqni his qilmagan bo‘lishi mumkin. 21 va 31 yoshli sportchining organizmi turli bo‘lishi hech kimga sir emas. Keling, Evropa chempionatida ishtirok etuvchi terma jamoalarning yoshiga e’tibor qaratamiz. Buning uchun ishtirokchi termalarning o‘rtacha yoshini hisoblab chiqish kifoya.
Eng yosh terma jamoalar
1. Turkiya – 24,58;
2. Angliya – 24,92;
3. Uels – 25,04;
4. Ukraina – 26,00;
5. Ispaniya – 26,17.
Eng yoshi katta terma jamoalar
1. Belgiya – 28,73;
2. Shvetsiya – 28,69;
3. Daniya – 28,38;
4. Slovakiya – 27,85;
5. Vengriya – 27,62.

Ko‘rib turganingizdek, Turkiya termasi eng yosh futbolchilardan tashkil topgan. FIFA reytingini boshqarib turgan Belgiya esa, aksincha. Rossiya yashil maydonlarida bo‘lib o‘tgan JChda ishtirok etgan avlod vakillarining aksariyati uchun qit’a birinchiligi so‘nggi imkoniyat. O‘z vaqtida bu avlodni ulkan marralarni zabt etishi bashorat qilingan edi. Ular hozirda sovrin uchun asosiy da’vogardan biri bo‘lib turibdi.
Aslida, Shvetsiya bu borada mutlaq etakchi bo‘lishi mumkin edi. Zlatan Ibrahimovichning jarohati ularga «pand berdi». Musobaqada ishtirok etayotgan futbolchilar orasida Portugaliyalik Pepe eng «qariyasi» sanaladi. «Portu» a’zosi 38 yoshda. Eng yosh futbolchi esa, Polsha termasi a’zosi Kozlovski. Qahramonimiz 17 yoshda.
Musobaqa formati

Charchoq haqida so‘z borar ekan, turnir formati haqida ham fikr bildirish o‘rinli bo‘ladi. Musobaqa bir nechta shaharlarda bo‘lib o‘tgani bois, futbolchilarni safarlar kutib turibdi. Angliya terma jamoasiga omad kulib boqdi. Ular faqat Rimga uchib boradi, xolos. Ayrimlarga Rossiyada to‘p surish «baxti» nasib etgan.
Misol uchun, Uels avvaliga Rossiyada, keyin Rimda to‘p suradi. Agar guruhdan chiqsa, Amsterdamga ravona bo‘ladi. Keyingi bosqich masalasi hal etilsa, Baku va Myunxen shaharlaridan birida to‘p surishga to‘g‘ri keladi. Eng yoshi katta futbolchilardan tashkil topgan Belgiyaga ham oson emas. Ular musobaqani Rossiya-Daniya-Ispaniya marshrutida boshlaydi.
Ortiqcha talab
UEFA futbolchilardagi charchoqni engillashtirish maqsadida ro‘yxatdan 23 emas, 26 futbolchini o‘tkazishga ruxsat berdi. Shunga qaramay, Ispaniya qo‘shimcha kvotalardan foydalangani yo‘q. Ular 24 charm to‘p ustasi bilan turnirda ishtirok etadi. Istalgan paytda jarohat orttirib olish xavfi mavjud.
Keling, qaysi futbolchilar qolganlardanda ko‘proq dam olishga muhtoj ekanligiga e’tibor qaratamiz.
Harri Maguayr (Angliya) – 4653 daqiqa;
Tibo Kurtua (Belgiya) – 4590;
Brunu Fernandesh (Portugaliya) – 4581;
Frenki de Yong (Niderlandiya) – 4494;
Yuri Tilemans (Belgiya) – 4438;
Ruben Diash (Portugaliya) — 4423;
Bu haqida «Nyukasl» bosh murabbiyi Stiv Bryus o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashadi: «Futbol olamida qaerga qaramang, barcha charchagan, jarohat olgan. Biz hech qachon qaytib kelmasligini niyat qiladigan darajada og‘ir kunlarni boshdan kechiryapmiz. Ko‘plab insonlar harakatda davom etmoqda, ammo avvalgi motivatsiyadan asar ham yo‘q. Barchamiz ikki yildan beri tinimsiz mehnat qilyapmiz. Ayniqsa, futbolchilar juda toliqqan».
Fikrlar