
Evropa ligasi uchun kurashda mutaxassislar O‘runovning o‘yinini kuzatadi
Bugun Rossiya Premer-ligasining 29-turida “Ufa” o‘z maydonida “Dinamo”ni qabul qiladi. Bu uchrashuv turning markaziy o‘yinlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Garchi UEFA o‘z musobaqalari uchun Rossiyaga beshta o‘rin ajratgan bo‘lsa-da, agar “Zenit” mamlakat kubogida g‘olib chiqsa, premer-ligada 6-o‘rinni egallagan klub Evropa ligasida o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadi.
Oston O‘runov jamoasidan chempionatda kuchli oltilikdan o‘rin olish uchun bugun o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida “Dinamo”ni mag‘lub etish talab qilinadi. Agar ochko yo‘qotiladigan bo‘lsa, aynan “dinamo”chilar Evropaga yo‘l olish uchun eng qulay imkoniyatga ega bo‘ladi.
Shuningdek, bugungi kunda “Ufa”ning eng kuchli futbolchisiga aylanib borayotgan o‘zbekistonlik Oston O‘runovning o‘yinini qator klublar ekspertlari kuzatadi. Chunki RPLning “Zenit”, “Lokomotiv”, “Krasnodar” va “Spartak” kabi kuchli jamoalari Ostonni yozgi transferlar vaqtida o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 20:00 da boshlanadi.
Fikrlar