
Evropa top-klublarining so‘nggi 10 yilda amalga oshirgan eng omadli transferlari
Zamonaviy futbolda grandlar shu qadar ilgarilab ketganki, ular bugun akademiyalaridan qaysidir futbolchining etishib chiqishi va uning kuchli futbolchiga aylanishini kutib o‘tira olmaydi. Shu orqali ba’zida to‘g‘ri va ba’zida xato transferlar yuzaga keladi. Omadsizlari haqida ko‘p gaplashganmiz va ular etarlicha ko‘p. Bugun so‘nggi dekadaning eng omadli xaridlari xususida to‘xtalamiz.
“Arsenal”: Per-Emerik Obameyang - 57 mln funt-sterling (2018)
Ancha qiyin tanlov bilan boshlamoqdamiz. 2 yil avvalgina “to‘pchilar” tarkibiga kelib qo‘shilgan gabonlik forvardni butun dekadaning eng yaxshisi xaridi, deb topdik. U bilan bir qatorda Aleksis Sanches va Mesut O‘zil kabi variantlar ham bor edi. Shuningdek, Loran Koselni “Arsenal” himoyasi timsoliga aylana oldi. Ammo yuqoridagi futbolchilar o‘zaro bir paytda harakat qilgani bilan ham Obameyangdan farq qiladi. “Borussiya” Dortmunddan 57 mln funt-sterlingga olib kelingan hujumchi ”kanonirlar”ning birmuncha og‘ir davrida jamoani etaklab yuribdi. Uning super harakatlari va Artetaning taktik topilmalari natijasida London klubi o‘tgan mavsum hisobidan ikkita titulni yutishga erishdi.
Eng yaqin da’vogar: Loran Koselni
“Atletiko”: Diego Godin - 7 mln funt-sterling (2010)
“Matraschilar” o‘z tarixidagi eng yaxshi 10 yillikni ayni shu davrda o‘tkazdi. Qarangki, Godinning kelishi o‘zgarishlar davri bilan bir paytda sodir bo‘lgan.
U boshliq Simeone jamoasi ushbu yillar davomida La Liga chempionligi va ikki marotaba EChL finaligacha etib bora oldi.
“Vilyarreal” Godin bu qadar katta ishlar qila olishini bilganda uni sotmasdi yoki ko‘proq summa so‘rardi.
Eng yaqin da’vogar: Felipe Luiz
“Bavariya”: Robert Levandorvski - tekin (2014)
Levandovskidek futbolchi tekinga olib kelingan! Uning “Bavariya”ga keltirgan foydasini bir ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring-a?! Ushbu mavsumda topshirilmagan “Oltin to‘p”ning egasi nafaqat 10 yillik, balki butun tarix uchun ham eng yaxshi transferlar qatoridan o‘rin oldi.
U “Bavariya” tarkibida shu paytgacha o‘tkazgan 290 ta uchrashuvida 247 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Eng yaqin da’vogar: Joshua Kimmix
“Barselona”: Neymar - 71,4 mln funt-sterling (2013)
Braziliyalik “shoumen”ning kelishi ham, ketishi ham katta voqeaga aylandi. Hali “Santos”dalik paytlaridayoq uning dunyo bo‘ylab muxlislari va ixlosmandlari juda ko‘p edi. U “Barsa”ning 2015 yilgi mavsumdagi treblida etakchi rolni o‘ynadi. Shuningdek, mashhur “remontada”ning bosh qahramoni bo‘ldi.
PSJga haligacha yangilanmayotgan summa - 222 mln evroga o‘tdi. Mana endi kataloniyaliklar uni ortga qaytarishga qanchalik urinmasin, buning uddasidan chiqa olmayapti.
Eng yaqin da’vogar: Xordi Alba
“Borussiya” Dortmund: Shinji Kagava - 280 ming funt-sterling (2012)
Bu ham etarlicha qiyin tanlov bo‘ldi.
2010 yildan buyon klub Erling Xoland, Ilkay Gyundogan, Robert Levandovski, Marko Roys, Jeydon Sancho, Shinji Kagava, Per-Emerik Obameyang, Lukas Pishchek kabi katta futbolchilarni arzimagan summalar evaziga xarid qilib, evrofutbolga tanitdi. Xo‘, ularning qaysi biri bu nomga loyiq emas?! Shunday ekan, bu tanlovni shunchaki ramziy ma’noda qabul qilasiz.
2011 va 2012 yilgi chempionlikda u eng hal qiluvchi o‘rinlardan birini egalladi. Shuningdek, Levandovski singari jamoadan shunchaki, tekinga ketmadi. O‘zidan klubga nimadir qoldirib ketishni ma’qul ko‘rdi.
Eng yaqin da’vogar: Robert Levandovski
“Chelsi”: Eden Azar - 31,5 mln funt-sterling (2012)
Uning “aristokratlar” tarkibidagi xizmatlarini qandaydir gaplar bilan ifodalash mushkul. APL chempionligi, evrokuboklardagi muvaffaqiyatlar va yana ko‘plab natijalar.
U klubda harakat qilgan yillar mobaynida tez-tez bosh murabbiy almashdi: Mourino, Konte, Sarri. Hammasi ham belgiyalikni o‘z jamoasining ustuni deb bilib keldi.
U o‘z transfer summasini klubdan ketayotib ortig‘i bilan “to‘lab ketdi”. Uning faoliyatiga omad tilaymiz. Ammo nazarimda, u haqida yillar o‘tib gapirganimizda ko‘proq “Chelsi” nomini qo‘shib eslaydigandek ko‘rinmoqdamiz.
Eng yaqin da’vogar: Tsezar Aspilikueta
“Inter”: Samir Xandanovich - 13,5 mln funt-sterling (2012)
Ushbu ro‘yxatdagi 2 darvozabonning birinchisi aynan Xandanovichdir. Ushbu pozitsiyadagi xaridlar doim ham eng yaxshilari qatorida tilga olinavermaydi. 2012 yilda “nerradzurilar” bilan shartnoma imzolagan sloveniyalik posbon jamoaning haqiqiy superqahramoniga aylana oldi. “Inter”ning “qora kunlari”da klubni yanada quyiroq mavqega tushib ketmasligida ushbu darvozabonning xizmatlari beqiyos.
8 yillik ishonchli darvozabonning narxi atigi 13,5 mln evro!
Eng yaqin da’vogar: Marselo Brozovich
“Yuventus”: Andre Barzali - 270 ming funt-sterling (2011)
Ha, siz to‘g‘ri o‘qidingiz. “Yuventus” jamoa uchun 300 dan ortiq o‘yinlarda maydonga tushib, 8 ta Skudetto yutishga muvaffaq bo‘lgan futbolchi uchun 270 ming funt-sterling sarflagan, xolos.
Balki, uning o‘rnida Andrea Pirlo va Pol Pogba kabi futbolchilarni kutgan bo‘lishingiz mumkin. Ammo “keksa senora”ning ushbu dekadada qo‘lga kiritgan natijalarida ko‘proq himoya asosiy o‘rinda turgan. Barzali esa xarid qilinganlar orasida eng muvaffaqiyatlisidir.
8 yil mobaynidagi faoliyati davomida murabbiylar undan so‘ragan barcha pozitsiyada baholiqudrat yaxshi darajadagi o‘yin namoyish etdi.
Eng yaqin da’vogar: Andrea Pirlo
“Liverpul”: Virjil van Deyk - 76 mln funt-sterling (2018)
Agar kam pul sarflagan holda katta foyda keltirgan futbolchi haqida gapirsak, bu - Endryu Robertson! 8 mln funt-sterling evaziga “Xall Siti”dan kelgan futbolchi Klopp jamoasining haqiqiy ustunlaridan.
Kevin Styuart ham 4 mln evro evaziga jamoaga tashrif buyurib, chap qanot himoyasidagi haqiqiy afsonaga aylangandi.
Narxning arzonligi va moliyaviy tomondan foydaliligini inobatga oladigan bo‘lsak, yuqoridagi futbolchilar birinchi raqamli. Van Deykning transferi o‘rtamiyona grand jamoalar safiga kiradigan “Liverpul”ni EChL uchun kurasha oladigan klub darajasiga qaytardi. U Klopp jamoasining mudofaa chizig‘iga tartib bag‘ishlay oldi.
Eng yaqin da’vogar: Endryu Robertson
“Manchester Siti”: David Silva - 26 mln funt-sterling (2010)
Silva “Manchester Siti”da to‘liq dekadani o‘tkazdi. Uning maydondagi har bir daqiqasi “shaharliklar” muxlislarini hayajonga solgani aniq. “Etixad”dagi sarguzashtlari yakunlangan ispan xavbeki keyinchalik ham doim “Man Siti” nomi bilan eslanishi tabiiy.
10 yillik faoliyati davomida yarim himoyada chiroyli va muvaffaqiyatli o‘yin namoyish etgan, jarima zarbalarining uzoq yillik egasi.
Uning ko‘pyillik faoliyati o‘zi bilan deyarli bir xil davrda jamoaga kelgan Kun Agueronikidan samaraliroq chiqqandek ko‘rindi.
Eng yaqin da’vogar: Serxio Kun Aguero
“Manchester Yunayted”: David De Xea - 18,9 mln funt-sterling (2011)
So‘nggi davrlardagi ko‘rsatkichlari orqali biroz darajasi tushgan bo‘lsa-da, ushbu dekadada mankuniyanlarning hech bir xaridi u erishgan pog‘onaga ko‘tarila olmadi. Uzoq muddat davomida u “Old Trafford”ning eng qimmatbaho va qadrli futbolchisi bo‘lib keldi. Ushbu davr mobaynida 3 marotaba klubning eng yaxshi futbolchisi unvonini qo‘lga kiritdi (2014, 2015, 2018). Manchesterliklar muxlislari versiyasiga ko‘ra, 4 marotaba yil futbolchisi (2014, 2015, 2016, 2018).
Qaysidir muddatlar oralig‘ida u dunyoning eng yaxshi darvozaboni, deya e’tirof etilardi. Bugun katta-katta xatolari bilan eslanadigan ispan kiperining transferiga yaqin keladigan xaridni topa bilmadik ham.
PSJ: Zlatan Ibragimovich - 19 mln funt-sterling (2012)
2012 yilda parijliklar bilan shartnoma imzolagan Zlatan o‘sha mavsumning o‘zidayoq klub 1994 yildan buyon qo‘lga kirita olmagan Liga 1 chempionligini olib berdi. U PSJ nomini dunyo futboli brendiga aylantira oldi. Uning atrofida yulduzlarni to‘plagan holda, Parij klubi katta natijalarga erisha boshladi. Bugun u “Milan”ni o‘z darajasiga qaytarishda xuddi shunday ishlarni amalga oshirmoqda.
180 ta bellashvda 156 marotaba raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan shvetsiyalik superforvard uchun 19 mln arzimagan xarajat edi.
Eng yaqin da’vogar: Marko Veratti
“Real”: Toni Kroos - 22,5 mln funt-sterling (2014)
2013-2014 yilgi mavsum Toni Kroos uchun rosmana omadli kechgandi. Nemis xavbeki “Bavariya” bilan trebl qayd etgandi. Mavsum yakunida milliy terma jamoa bilan jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Bu kabi natijalarning mantiqiy davomi sifatida “Real” bilan shartnoma imzolanishini ko‘rsatishimiz mumkin.
“Qirollik klubi” safiga kelib qo‘shilgach, u Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyatli mavsumlarda asosiy rollardan birini ijro etib keldi.
Yakuniga etgan mavsumdagi La Liga tituli ham uning faoliyatini bezab beruvchi sovrinlar qatoridan o‘rin olgani aniq.
Eng yaqin da’vogar: Luka Modrich
“Tottenxem”: Kristian Eriksen - 11,5 mln funt-sterling (2013)
Garet Beylning sotuvidan tushgan pulga xarid qilingan 7 futbolchining biri hisoblangan Kristian Eriksen o‘ziga sarflangan pullardan bir necha barobar samaraliroq ishlarni amalga oshirgan.
Ushbu dekadada nafaqat “Tottenxem” safidagi, balki butun APLdagi eng jozibali o‘yinlardan birini aynan daniyalik yarim himoyachi namoyish etgan. Ha, uning ketishi va ayni paytdagi faoliyati u qadar yaxshi chiqmayapti. Ammo biz gollaridan, uzatmaslaridan va chiroyli harakatlaridan rohat olgan Eriksen ushbu ro‘yxatdan o‘rin olishga haqli edi.
Eng yaqin da’vogar: Ugo Loris
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar