
FAKT! "Qizilqum" va "Paxtakor" o‘zaro o‘ynaganda O‘zbekiston chempionatlari tarixidagi eng yirik natija qayd etilgan
Superliga 6-turida "Paxtakor" Navoiyda "Qizilqum" mehmoni bo‘ladi. "Paxtakor" klubi matbuot xizmati o‘yinga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mazkur uchrashuvda jamoalar tarkibida diskvalifikatsiya tufayli yo‘qotishlar mavjud emas.
Chempionatlar tarixida jamoalar 40 uchrashuvda maydonga tushishgan. O‘zaro o‘yinlar bo‘yicha ustunlik yaqqol "Sherlar" tarafida. 33 bahsda zafar quchgan "Paxtakor" 6 bor raqib bilan durang o‘ynagan va bir marta imkoniyatni boy bergan. "Qizilqum" darvozasiga 112 gol urilib, 23 to‘p o‘tkazib yuborilgan.
Oliy liga tarixida qayd etilgan eng yirik natija - 11:0 hisobi jamoalarning Navoiyda 2007 yil o‘tgan bellashuvida kuzatilgan. O‘shanda "Paxtakor" ushbu raqibni o‘ta yirik hisobda dog‘da qoldirgan. O‘tgan mavsumdagi bellashuvlarda "sherlar" Toshkentda 8:0, Navoiyda 5:0 hisobida zafar quchgandi. Navoiydagi 20 uchrashuvning birortasida toshkentliklar mag‘lubiyatga uchramagan. Mehmonda 16 g‘alaba va 4 durang natija kuzatilgan. Safardagi 8 uchrashuvda "Paxtakor" yirik hisobda zafar quchgan.
"Qizilqum" va "Paxtakor" o‘rtasidagi uchrashuv 25 iyun, payshanba kuni soat 20:15da "Yoshlar" sport majmuasi stadionida boshlanadi.
Fikrlar