FAKT! "Qo‘qon-1912" o‘z uyida AGMK bilan biror marta ham durang o‘ynamagan
AGMK klubi matbuot xizmati Superliganing 24-tur doirasidagi "Qo‘qon-1912"ga qarshi o‘yin oldidan uchrashuvga atalgan pervyuni taqdim etdi.
"Qo‘qon-1912" - AGMK o‘rtasidagi to‘qnashuv tarixiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ustunlik olmaliqliklar tarafida. Hozirga qadar o‘tkazilgan 11 uchrashuvda AGMK jamoasi 6 marotaba g‘alaba nashidasini surgan. Shuningdek, 2 o‘yinda durang qayd etilgan va 3 bellashuvda "Qo‘qon-1912" jamoasining qo‘li baland kelgan. To‘plar nisbati ham tabiiyki Olmaliq jamoasi foydasida: 19-14.
Ushbu jamoalar to‘qnashuvida eng yirik hisob joriy mavsumda qayd etildi. Olmaliqda mehmon bo‘lgan qo‘qonliklar darvozasiga AGMK 7 marotaba yo‘l topib, yakunda 7:1 hisobida g‘alaba qozongandi.
Mazkur jamoalarning Qo‘qonda o‘tgan o‘yinlarida ham AGMK ko‘proq g‘alabani tantana qilgan. "Qo‘qon-1912" hozirga qadar o‘z uyida o‘tgan 5 uchrashuvdan 2tasida g‘alaba qozongan bo‘lsa, qolgan 3 o‘yinda olmaliqliklar ustunlikka erishishgan. Qizig‘i, Qo‘qondagi o‘yinlarda hozircha durang qayd etilgani yo‘q.
Turnir jadvaliga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ayni paytda Mirjalol Qosimov shogirdlari 26 ochko bilan 9-o‘rinda bormoqda. "Qo‘qon-1912" esa 24 ochko to‘plab 11-pog‘onani egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Qo‘qonda kechadigan "Qo‘qon-1912" — AGMK o‘rtasidagi o‘yin 23 noyabr kuni soat 14:30da boshlanadi.

Fikrlar