
Fayzullaev eng zo‘r o‘yinini Superfinalda ko‘rsatadi!
2023 yilning yozida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tgan Abbosbek Fayzullaev legioner sifatida “armiyachilar” safida ilk sovrinini qo‘lga kiritishi mumkin.
Taniqli murabbiy Marko Nikolich o‘tgan yil oxirida TsSKAni qabul qilib olganidan keyin, qishki tanaffus paytida jamoa o‘yinini o‘zgartirdi. “Armiyachilar” serbiyalik mutaxassis qo‘l ostida “romb” usulini qo‘llay boshladi.
Yangi sxemada asosiy og‘irlik Abbosbek Fayzullaevga tushyapti. Chunki qanot hujumchisi hisoblangan hamyurtimiz endi maydon markazida ham hujum tashkil qilish, ham himoyaga yordam berish vazifasini bajarmoqda. Marko Nikolich romb o‘yin uslubidagi eng murakkab pozitsiyaga aynan o‘zbek futbolchisini qo‘yganini o‘tkazilgan testlar natijasida Fayzullaev eng chidamli o‘yinchi bo‘lib chiqqani bilan izohladi.
O‘zgarishlar samara keltira boshladi. Mavsumning birinchi qismini oltinchi o‘rinda yakunlagan TsSKA o‘nta uchrashuvdan beri davom etib kelayotgan mag‘lubiyatsiz seriyasidan keyin kuchli uchlikka qo‘shildi. Chempionatda “armiyachilar” martdan beri ettita g‘alaba va uchta durang qayd etdi.
Abbosbek Fayzullaev jamoasi Rossiya kubogida ham jasorat ko‘rsatdi. Superfinal yo‘llanmasi uchun kurashda amaldagi chempion va kubok sohibi – “Zenit”ga duch kelgan poytaxtliklar birinchi uchrashuvda 0:2 hisobida yutqazgandi. Biroq javob o‘yinida huddi shu hisobda zafar quchdi.
G‘olibni aniqlash uchun o‘tkazilgan penaltilar seriyasida piterliklardan ustun kelgan TsSKA Rossiya kubogi Superfinaliga chiqdi.
“Zenit” bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin Abbosbek Fayzullaev jurnalistlarning savoliga lo‘nda qilib javob berdi.
Savol-javob quyidagicha bo‘ldi:
— Ko‘pchilik “Zenit”ga qarshi javob uchrashuvi TsSKAning mavsumdagi eng zo‘r o‘yini bo‘ldi, deyapti. Bu fikrga qo‘shilasanmi?
— Ha qo‘shilaman. Lekin mavsumdagi eng zo‘r o‘yinimiz hali Superfinalda bo‘ladi. Bu muhitni tavsiflashga til ojiz.
Men bizni oxirigacha qo‘llab-quvvatlab kelayotgan va ishonch bildirayotgan muxlislarga minnatdorlik bildirmoqchiman. Biz o‘tgan o‘yindan oldin ham o‘zimizga va g‘olib chiqa olishimizga ishongandik.
Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullaev joriy mavsumda Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi doirasida 36 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga uchta gol va ettita assist yozdirib qo‘ydi.
21 yoshli legionerimiz yangi pozitsiyaga o‘tkazilganidan keyin uning samaradorligida pasayish kuzatilmoqda. Biroq serbiyalik mutaxassis Marko Nikolich bu vaqtinchalik holat ekanini, Abbos yangi ampluaga to‘liq moslashib olganidan keyin gollari va assistlari soni sezilarli darajada oshishini bildirgan edi.
Rossiya kubogi Superfinal o‘yini 1 iyun kuni Moskvadagi “Lujniki” stadionida bo‘lib o‘tadi. Hal qiluvchi bahsda TsSKA futbolchilari “Rostov” jamoasi bilan kuch sinashadi.
Bu yulduz kelsa, Husanovga “Siti”da aniq “non” qolmaydi!
Fikrlar