Fayzullaev kuchli uchlikka “yorib” kirdi!
Rossiya futbolini uzoq yillardan beri yoritib kelayotgan “Sport Ekspress” nashri o‘z talqiniga ko‘ra, mavsumning eng yaxshi o‘yinchisini o‘ziga xos uslubda aniqlaydi. Nashr mutaxassislari har bir uchrashuvda futbolchilarning harakatlarini baholab boradi, tur ramziy terma jamoasini tuzadi va shu asosda umumiy reytingni tashkillashtiradi.
“Sport Ekspress” bu tajribani 30 yildan ortiq vaqt mobaynida qo‘llab kelmoqda. Bu mavsumdan e’tiboran, ekspertlar har hafta umumiy hisobda eng yuqori ball to‘plagan futbolchilar o‘nligini e’lon qilib borishni yo‘lga qo‘ydi.
Rossiya Premer-ligasining 16-turi yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi futbolchilar reytingining kuchli uchligida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ldi.
Amaldagi chempion – “Zenit” ilk bor musobaqa jadvalida peshqadamga aylandi. Piterliklarni cho‘qqiga olib chiqayotgan Vendel nashr reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Braziliyalik futbolchi reytingda kolumbiyalik jamoadoshi Mateo Kesserrani ikkinchi o‘ringa surib qo‘ydi.
Yana bir e’tiborga molik o‘zgarish Abbosbek Fayzullaev bilan bog‘liq. TsSKA futbolchisi ilk bor kuchli uchlikka kirdi. Bungacha o‘zbek legioneri beshinchi pog‘onada qayd etilgan edi.
Reytingdagi o‘zgarishlarni quyidagi jadvaldan ko‘rish mumkin.
“Sport Ekspress” mutasaddilari kuchli o‘nlikka kirgan futbolchilarga quyidagicha ta’rif berdi:
- Vendel (“Zenit”) — 6,50 ( o‘rtacha umumiy ball)
Braziliyalik futbolchi “Sochi”ga qarshi zo‘r o‘ynadi va jamoasini musobaqa jadvalida birinchi o‘ringa olib chiqdi.
- Mateo Kasserra (“Zenit”) — 6,50
Piterliklar to‘purari bu gal jarohat tufayli o‘yinni o‘tkazib yubordi va o‘rnini jamoadoshiga bo‘shatib berdi.
- Abbosbek Fayzullaev (TsSKA) — 6,40
O‘zbek legioneri yana bir zo‘r o‘yin o‘tkazdi. Biroq uning goli va assisti TsSKAning bir ochko olishiga ham etarli bo‘lmadi.
- Eduard Spertsyan (“Krasnodar”) — 6,34
“Krasnodar” Ekaterinburgda “Ural”dan mag‘lub bo‘ldi. Jamoasiga yordam bera olmagan Spertsyan “Sport Ekspress” reytingidagi uchinchi pog‘onani Abbosbek Fayzullaevga boy berdi.
- Benxamin Garre (“Krilya Sovetov”) — 6,31
Uning bittadan goli va assisti “Lokomotiv”dan bir ochko tortib olishga etarli bo‘ldi.
- Jon Kordoba (“Krasnodar”) — 6,28
“Ural”ga qarshi o‘yinni zo‘r boshlab, oxirida hammasini rasvo qildi. Hisobni ochgan futbolchi hakamni haqorat qilgani uchun maydondan haydaldi.
- Klaudino (“Zenit”) — 6,28
Kutilgan darajada faol o‘ynay olmadi, lekin jamoasi g‘alaba qozondi.
- Anton Zabolotniy (TsSKA) — 6,23
Bir necha bor boshlang‘ich tarkibga kirmay qolgan va uzoq vaqtdan beri gol ura olmayotgan Antonga raqib darvozasini to‘p kiritishida Fayzullaev yordam berib yubordi.
- Maksim Osipenko (“Rostov”) — 6,22
Himoyachi bo‘lishiga qaramay, ketma-ket uchinchi uchrashuvda gol uryapti. Uning yagona goli rostovliklarga uch ochko keltirdi.
- Duglas Santos (“Zenit”) — 6,21
Jamoa sardori barqaror o‘yin ko‘rsatmoqda. “Sochi” bilan o‘yinda g‘alaba goliga to‘pni aynan u oshirib berdi.
“Barselona” faxriysi Fayzullaevga maslahat berdi
Fikrlar