
Fayzullaev raqibning boshini yordi, Nikolich Abbosni qattiq himoya qildi!
Abbosbek Fayzullaev Rossiya Premer-ligasiga o‘tganidan beri o‘rqin o‘yinlari bilan muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozondi va shu bois har doim ommaviy axborot vositalari xodimlarining nishonida turadi.
20 yoshli hujumkor futbolchining muvaffaqiyatlari ham, ishonchni oqlay olmagan vaziyatlar ham, bir so‘z bilan aytganda har qanday e’tiborga molik holati qalamga olinadi, ob’ektivga muhrlanadi.
Rossiya Premer-ligasining oltinchi turida TsSKAning liga debyutanti “Akron”ga qarshi o‘tkazgan uchrashuvida o‘zbek legioneri asosiy qahramonlardan biri bo‘ldi. Fayzullaev “armiyachilar” raqib darvozasiga yo‘l topa olmayotgan pallada jamoadoshi Tamerlan Musaevga shu qadar qulay pas berdiki, hujumchi raqib darvozasini ishg‘ol qilishga umuman qiynalgani yo‘q.
Shu goldan keyin TsSKA futbolchilarini tom ma’noda to‘xtatib bo‘lmay qoldi va ular mehmonlar darvozasini yana uch marta aniq nishonga oldi.
Uchrashuvda burilish yasash, o‘yinda qahramonlik ko‘rsatish oson bo‘lgani yo‘q. Shu kuni raqiblar Abbosbek Fayzullaevga qarshi ayovsiz o‘ynadi, unga nisbatan o‘yin qoidasi ko‘p buzildi, bir necha marotaba legionerimiz og‘riqdan maydon “dumalab” ham qoldi.
Eng xavfli holat o‘yinning 23-daqiqasida ro‘y berdi. Qo‘pol o‘ynab o‘rgangan 27 yoshli portugalik futbolchi Joau Eskoval to‘pni qabul qilib olgan Abbosbek Fayzullaevning ortidan hujum qildi. To‘qnashuv juda qattiq bo‘ldi. Bosh boshga tegdi. Har ikki o‘yinchiga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Fayzullaevni bolaligida “boshing toshdan bo‘lsin”, deb duo qilishgan ekan, uning jarohati g‘urra bilan cheklandi. Eskovalning esa, boshi yorildi, bint bilan bog‘lashga to‘g‘ri keldi.
Keyinroq portugaliyalik o‘yinchi TsSKAning “otaxon” darvozaboni Igor Akinfeevning orqa tomonidan boshiga urilib, labini yorib oldi.
Yana bir e’tiborga loyiq voqea o‘yindan keyin yuz berdi.
Ma’lumki, keyingi paytda Abbosbek Fayzullaev samarali harakarni amalga oshirila olmayotgani uchun tanqid ostida qolib ketayotgan edi. TsSKAning o‘yini o‘zbek legionerining harakatlariga bog‘lanib qolgani uchun tanqidlarga ham asosan hamyurtimiz nishon bo‘layotgandi.
TsSKA bosh murabbiyi Marko Nikolich Abbosbek Fayzullaevni tanqidlardan himoya qilishga kirishdi.
- Abbosbek Fayzullaev qishda Osiyo kubogi, yozda Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgani uchun o‘ta muhim hisoblangan ikkita mavsumoldi o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inlarini o‘tkazib yubordi. Yuqoridagi musobaqalarda o‘yinchi katta yuklamalarni bajard. Yosh futbolchini tanqib qilish xato, deb o‘ylayman. Abbos – juda iste’dodli, harakatchan, mahnatkash yigit. U o‘sishda va rivojlanishda davom etadi. Tez orada yana hammasini uddalay boshlaydi, - dedi TsSKAning serbiyalik bosh murabbiyi Marko Nikolich.
TsSKA futbolchilari navbatdagi uchrashuvini 27 avgust kuni Rossiya kubogi doirasida safarda “Axmat” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar