Fermin «Real»ning Negreyra ishi bo‘yicha bahslarini tanqid qildi
«Barselona» futbolchisi Fermin Lopes «Real»ning Negreyra ishini doim tilga olishi ularga manfaatli, biz bu o‘yinga qo‘shilmaymiz, dedi.
«Barselona» yarimhimoyachisi Fermin Lopes «Real» vakillarining Negreyra ishi haqidagi muntazam gap-so‘zlariga munosabat bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda «Barselona» va uning rahbariyati Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) huzuridagi Hakamlar texnik qo‘mitasining sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraga to‘lovlar amalga oshirilishi bilan bog‘liq holatda pora berishda ayblangan edi.
«Bu gaplar endi biroz charchatmoqda, chunki biz o‘z saviyamizni maydonda isbotlayapmiz. Ishlarimiz yaxshi ketayotgan bir paytda suhbatni shu mavzuga burish adolatdan emas. Ammo men bu bahslarga aralashishni istamayman, jamoamizda hech kim bunday qilishni xohlamaydi.
Biz bu bahslarga qo‘shilmaymiz. G‘alaba qozonyapmiz, o‘z ishimizni yaxshi bajaryapmiz, yaxshi o‘ynayapmiz va «Barselona» ifodalaydigan qadriyatlarni namoyish etyapmiz. O‘z yo‘limizdan borishda davom etishimiz kerak.
Agar ular bu gap-so‘zlarni davom ettirishni istashsa, demak, bu ularga foyda keltiradi. Biz yaxshi o‘ynayapmiz, ularga esa bu bahslar manfaatli. Ammo biz bunday tortishuvlarda ishtirok etmaymiz», — dedi Fermin Teledeporte nashriga bergan intervyusida.

Izohlar (0)