Fevzi Davletov: "Jamoamiz 4:0 dan keyin o‘ynamay qoldi"
“Surxon” - “Andijon” (4:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar ustozi Fevzi Davletov fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Albatta, mag‘lubiyatli seriyadan keyin futbolchilarimizni ruhiy tomonlama tayyorlashimiz kerak edi. Bundan tashqari, “Andijon”ga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida o‘z uslubimizdan biroz chekinib, raqibga to‘pni topshirib pressing qilishga harakat qildik. “Andijon”ni kuzatgandik, bir-ikkita kichik muammolari bor edi. Shunga qaramasdan, uslubimizdan biroz chekinib o‘ynadik va yaxshi harakat qildik. Quvonarlisi, jamoamiz ko‘p zarba berdi, ko‘p hujumlar tashkil qildi. Muxlislarimizni ushbu g‘alaba bilan tabriklayman.
- “Andijon” klubi OChL 2 da qatnashyapti. Jamoa hozircha 3 ta o‘yinda 3 ta durang o‘ynadi. Klubni imkoniyatini qanday baholaysiz?
- O‘ylaymanki, imkoniyat har doim bo‘ladi. Albatta, kurashish kerak. “Andijon”da uchta durang va uchalasi ham 0:0 bilan yakunlangan. Chetdan ko‘rinib turibdiki, hujum tashkil qilishda balki qandaydir muammolar bordir. Shunga qaramasdan kurashish kerak va albatta imkoniyatlar bo‘ladi.
- Muhammad-Ali Abdurahmonov, Kamron Yusupov va dublga erishgan Behruz Jumaev haqida fikrlaringiz qanday?
- Shuni aytish kerakki, yoshlarimiz yaxshi potentsialga ega. Ular iqtidorli futbolchilar. Bugungi voqea katta qahramonlik emas. Negaki, ularni juda qulay hisob bo‘layotgan paytda maydonga tushirdik. Ha, ular harakat qilishdi, yomon o‘ynashmadi. Umumiy holatda jamoamiz 4:0 dan keyin o‘ynaymay qoldi. Yoshlarimiz e’tiborimizda. Yanvar va fevral oylarida yoshlarimiz jamoamiz bilan Turkiya yig‘inida ham qatnashib qaytdilar. Jamoa bilan birga Toshkentda edilar va mavsumoldi yig‘inlarida ishtirok etishdi. Shuni aytishim kerak, yoshlar iqtidorli bo‘lishidan qat’iy nazar o‘z ustida hali ko‘p ishlashlari kerak.
Fikrlar