
Fevzi Davletov: "Penaltilar bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rgandik"
O‘zbekiston Kubogi yarim final doirasidagi “Andijon” – “Surxon” uchrashuvidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Fevzi Davletov qatnashdi.
- Uchrashuvdan avval bugun og‘ir o‘yin bo‘lishini yaxshi bilardik. Maydon sifati ko‘ngildagidek emasdi. Shunga qaramay, ikkala taymda ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. To‘p nazoratini olib bordik. Afsuski, imkoniyatlardan foydalana olmadik. Penaltilar seriyasigacha o‘z imkoniyatlarimizdan foydalanib gol urib olishimiz kerak edi. Masalan, Asilbek Jumaev bo‘sh darvozaga gol ura olmadi. Penaltilar seriyasiga to‘xtaladigan bo‘lsam, bu lotereya. Bunda kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. Yigitlarga ajoyib o‘yin uchun minnatdorchilik bildiraman. Ko‘zlagan maqsadimizga erisha olmaganimizga maydonning holati ta’sir ko‘rsatdi.
- Sizga va jamoangizga yaxshi o‘yin uchun rahmat. Penaltilar seriyasi boshlanishidan avval darvozabonni almashtirdingiz. Bu oldindan o‘ylagan rejangizmidi?
- Ha, bizni rejamiz bor edi. Penaltilar bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rgandik.
- “Navbahor”ga qarshi uchrashuvga nisbatan bugun tarkibda rotatsiyaga qo‘l urdingiz...
- “Navbahor” bilan uchrashuvda katta kuch sarflagandik. “Paxtakor”ga qarshi bahsda ham ancha kuch yo‘qotdik. Bu uchrashuvga esa yaxshi tayyorlangandik. O‘sha bellashuvlarda ham ajoyib o‘ynadik. Mag‘lubiyatga loyiq emasdik. O‘yinni nazorat qilgandik.
- Farg‘onadagi finalda “Navbahor va “Andijon” ishtirokida vodiy derbisi bo‘ladi. Bu borada nima deya olasiz?
- Kuchligi yutsin!
Fikrlar